Jahon | 15:22 / 21.02.2026
2187
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ukraina yordamida dronlarga qarshi arzon himoya tizimini yaratadi

Yevropaning besh davlati arzon dronlar va havo hujumidan mudofaa vositalarini ishlab chiqishga qaratilgan LEAP dasturini amalga oshirishni boshladi. Tashabbus qimmat raketalardan foydalanmasdan havo tahdidlaridan himoya qilishga qaratilgan.

Foto: AP

Yevropaning besh davlati — Germaniya, Fransiya, Polsha, Buyuk Britaniya va Italiya (E5 guruhi) 20 fevral kuni arzon havo hujumidan mudofaa tizimlari va avtonom dronlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi dasturni boshlashini e’lon qildi. Loyiha Ukraina Rossiyaga qarshi to‘rt yillik mudofaa urushi davomida to‘plagan tajribaga asoslanadi.

LEAP (Low-Cost Effectors and Autonomous Platforms) deb nomlangan tashabbus Yevropa havo hududiga bo‘layotgan tez-tez qonunbuzarliklarga samarali javob berishni maqsad qilgan. Ilgari, masalan, Polsha hududiga kirib kelgan arzon dronlarni to‘xtatish uchun bir necha million dollarlik qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarilar edi. Yangi dastur esa sun’iy intellekt asosida ishlaydigan, ancha arzon bo‘lgan kinetik yoki elektron zarba vositalarini ishlab chiqishga qaratilgan.

Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish mamlakatlar dronlar asosidagi zarba imkoniyatlari va ularning jangovar qismlarini ishlab chiqarishga qo‘shma investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuv imzolaganini aytdi. «Jangovar texnologiyalar juda tez o‘zgarmoqda, biz tez harakat qilishimiz kerak», — dedi u.

Buyuk Britaniya mudofaa tayyorgarligi bo‘yicha vaziri Lyuk Pollard loyihaning asosiy maqsadi — himoya xarajatini tahdid qiymatiga moslashtirish ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, muammo — nisbatan arzon dron va raketalarni samarali va tejamkor tarzda yo‘q qilish.

LEAP dasturi Yevropaning chegaralarni mustahkamlash bo‘yicha kengroq harakatlarining bir qismi hisoblanadi, jumladan havo makonini kuzatish uchun “antidron devori”ni yaratish rejalari ham bor. Urush davomida Moskva va Kiyev dron texnologiyalarini sezilarli darajada rivojlantirib, zamonaviy jang taktikasini deyarli qayta shakllantirdi. Polsha bu sohada Ukraina bilan allaqachon hamkorlik qilmoqda.

Yevropa AQSh prezidenti Donald Trampning NATOni tanqid qilishi va transatlantik munosabatlardagi noaniqlik fonida qayta qurollanishni tezlashtirmoqda. YeI tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas Yevropa xavfsizligi Rossiya agressiyasi, Yaqin Sharqdagi beqarorlik va AQSh bilan munosabatlarning o‘zgarishi sabab xavf ostida ekanini aytdi.

«Agar mamlakatlarimizni xavfsiz saqlamoqchi bo‘lsak, harbiy kuchimizni oshirishimiz kerak», — dedi Kallas. Uning fikricha, arzon dronlar loyihasi Yevropaning NATO ichidagi salohiyatini kuchaytiradi va alyansga raqobat qilmaydi.

NATO ichidagi taranglik Trampning Grenlandiyani anneksiya qilish tahdidlari va ittifoqchi qo‘shinlar haqidagi tanqidiy bayonotlaridan keyin kuchaygan. Grenlandiya atrofidagi mojaro hozircha pasaygan bo‘lsa-da, alyans ichidagi kelishmovchiliklar uning raqiblarni tiyib turish qobiliyatiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid