Sport | 21:31 / 23.02.2026
1979
7 daqiqa o‘qiladi

«Da Lush»dagi mojaro: Vinisiusni «maymun» deb kamsitishdi

Yevropa Chempionlar Ligasi pley-offi doirasidagi «Benfika» — «Real» o‘yinini futbol muxlislari qiziqish bilan tomosha qildi. Chunki Mourinio boshchiligidagi «Benfika» oldingi bosqichda «Real»ni sensatsion tarzda mag‘lub etgandi. Lekin ikki katta klub o‘rtasidagi bu galgi to‘qnashuv oldingisi kabi darvozabon gol urgani bilan emas, yoqimsiz voqea bilan yodda qoldi.

«Benfika»ning argentinalik futbolchisi Janluka Prestiani «Real»ning qora tanli futbolchisi Vinisius Juniorni «maymun» deb atab haqorat qildi. Bu juda yomon voqea bo‘ldi. Shunchalik yomonki, sobiq «Barselona» o‘yinchilari Vinisiusni qo‘llab chiqdi.

Nima bo‘ldi o‘zi?

Voqea 18 fevral kuni Lissabondagi «Estadio da Lush» stadionida sodir bo‘ldi. Madridning «Real» klubi Chempionlar Ligasi oldingi bosqichida kuchli sakkizlikka kira olmagani uchun pley-offda o‘ynashga majbur bo‘ldi. Alvaro Arbeloa murabbiyligida o‘ynayotgan «Real» shu kuni Joze Mourinio qo‘l ostidagi «Benfika» mehmoni bo‘ldi. Uchrashuv 1:0 hisobida «Real»ning g‘alabasi bilan tugadi. 50-daqiqada Vinisius Junior juda chiroyli gol urib, Madridga g‘alaba keltirdi. Barchasi ana shu goldan keyin boshlandi...

Vini chiroyli gol urganidan zavqlanib, qanotdagi bayroqcha oldiga borib, brazilchasiga raqsga tushdi. Mezbon muxlislar o‘zlariga qarab raqsga tushgan futbolchiga hushtakbozlik qilishdi. Keyinroq Vinisius hakamning oldiga yugurib borib, «Benfika» futbolchilaridan biri uni haqorat qilganini aytdi.

Bu epizoddan oldinroq mezbonlarning argentinalik futbolchisi Janluka Prestiani qo‘lini og‘ziga qo‘yib Viniga nimadir deganini ko‘rish mumkin. «Real» yetakchisining aytishicha, Prestiani uni kamida besh marta «maymun» deb haqorat qilgan. Madridliklar hujumchisi Mbappe ham buni tasdiqladi. Kilian odatda futboldan tashqari mavzular haqida gapirmaydi, lekin bu o‘yindan keyin chiqish qilib, Presitani Vinisiusni irqchilik kayfiyatida haqorat qilganini aytdi.

Futbol oilasi ikkiga bo‘lindi

Chempionlar Ligasi pley-offining barcha o‘yinlari mana shu epizod soyasida qolib ketdi, chunki Vini bilan bog‘liq holatda dunyo futbolidagi og‘ir mavzu yana o‘rtaga chiqdi. Muxlislar, futbol oilasi ikkiga bo‘lindi. Aksar futbolchilar, muxlislar, murabbiylar bunaqa futbolda irqchilikka o‘rin yo‘qligi haqida gapirdi, hatto sobiq «Barselona» futbolchisi Tiyeri Anri bu holatda «Men madridistman», deb chiqdi.

Biroq bir guruh futbol odamlari Vinisiusni ayblab chiqdi. Ular nega doim Vini bilan shunaqa voqealar sodir bo‘ladi, degan mantiqqa asoslanib, braziliyalik futbolchini tanqid qilyapti. Xususan, «provokatsiyalar qiroli» Joze Mourinio ham shunday fikr bildirdi. Aytgancha, Vini super gol urgan o‘yin oxirida Mourinio qizil kartochka oldi va Madriddagi javob o‘yinini o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi.

Chindan Vinisius Junior mojaro markazida bo‘lishni yaxshi ko‘radigan futbolchi. Ispaniyaning ko‘p stadionlarida, ayniqsa Valensiyada uni juda yomon kutib olishadi, hushtakbozlik qilishadi. Lekin bu Vinisius provokator degani emas. U kuchli o‘yinchi, himoyachilarni ko‘rdim demay aldab ketadi, chiroyli gollar uradi. Yagona aybi qanotda o‘ynagani uchun muxlislar uni haqorat qilganini eshitib chidab turolmaydi va javob beradi. Keyin gol urib ularga qarab nishonlaydi. Futbolchi kar bo‘lishi kerak, degan oltin qoidaga amal qilmaydi.

Lekin uning o‘rnida bo‘lishni tasavvur qilish uchun qora tanli odam bo‘lish kerak, menimcha. Sizni Xudo qora qilib yaratgan bo‘lsa-yu, odamlar xuddi bu kamchilikdek masxara qilsa, «maymun» desa, maymunning ovozini chiqarsa, banan uloqtirsa, bunga chidash qiyin. E’tibor bergan bo‘lsangiz, irqchilik bilan bog‘liq mojarolarga tezda qora tanli futbolchilar munosabat bildirib chiqadi, chunki ular buni o‘z tanasida his qilgan.

Shu o‘rinda bir narsani unutmaslik kerak, argentinalik futbolchilar orasida millatchilik kayfiyati juda kuchli. «Da Lush»dagi o‘yin davomida Prestianidan tashqari yana bir argentinalik futbolchi, «Benfika» sardori Nikolas Otamendi Vinisiusni provokatsiya qildi. U «Real» futbolchisiga qornidagi jahon kubogi va Amerika kuboklarining tatuirovkasini ko‘rsatdi, xuddi senda bunaqa mukofot yo‘q, deganday.

Enso Fernandes degan irqchi o‘z sahifasida jonli efir qilayotganda argentinalik futbolchilar jamoa bo‘lib fransiyalik qora tanli futbolchilarni kamsitgandi. Aytmoqchi bo‘lganim, o‘sha epizodda Vinisiusni emas, provokatorlar Prestiani va Otamendini jazolash kerak.

Va ko‘pchilik Vinisiusni ayblayotganlar bir jihatga e’tibor bermayapti. U o‘sha kuni Chempionlar Ligasida gol urdi, futbol tarixidagi eng zo‘r musobaqa pley-offida. Bu ajoyib turnir musiqasini eshitiboq millionlab muxlislar yuragi junbishga keladi. Endi Chempionlar Ligasida musobaqa tarixidagi eng sovrindor jamoa safida 70 ming raqib muxlislari ko‘z o‘ngida super gol urgandagi hissiyotni tasavvur qilavering.

Bunaqa vaqtda erkak odam hissiyotlarini jilovlashi qiyin bo‘ladi. Vini o‘z golidan zavqlanib, uni raqs bilan nishonladi, bu hech qanaqasiga haqorat emas. Agar Vinining gol nishonlashi haqorat bo‘lsa, Ronaldu va Simeonening gol nishonlashlari nima deyiladi? Bir narsa aniq, Vinisius ajoyib futbolchi va yosh yigitlar aynan unga o‘xshagan chiroyli o‘yin ko‘rsatadigan atletlarga qarab futbolga mehr qo‘yadi, Prestianiga o‘xshagan irqchi rasistlarga qarab emas...

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов

Mavzuga oid