Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hafta o‘rtasida aksar hududlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
O‘zbekistonda hafta iliq va quruq ob-havo bilan boshlanadi. Seshanbadan hududlarda yog‘ingarchilik kuzatiladi. Harorat +8…+11 darajagacha pasayishi, ayrim joylarda shamol tezligi 20–25 metr/soniyagacha kuchayib, chang-to‘zonlar kuzatilishi kutilmoqda.
Foto: Kun.uz
O‘zbekistonda hafta o‘rtasida yomg‘ir yog‘ib, harorat pasayishi kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet.
Dushanba kunduzi O‘zbekiston hududining katta qismida quruq va nisbatan iliq ob-havo saqlanib turadi. Kunning o‘rtasiga kelib, havo +13…+18 darajagacha, janubda +20…+23 darajagacha isiydi.
Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasida kunning ikkinchi yarmida ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Havo harorati +2…+7 daraja atrofida bo‘ladi. Xorazm viloyatining ayrim joylarida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Seshanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat foni deyarli o‘zgarmaydi.
Chorshanba kuni shimoli-g‘arbiy hududlarda va cho‘l hududlarda, payshanba kuni respublikaning aksariyat viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi, shimolda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Havo harorati +8…+11 darajagacha, shimolda –2…+3 darajagacha pasayadi.
Juma kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kechasi ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati 2–3 darajaga ko‘tariladi.
O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 24–26 fevral kunlari vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor), 26 fevralda ayrim joylarda kuchli bo‘ladi. Shamol 7–12 metr/soniya tezlikda esadi, respublika bo‘yicha ba’zi joylarda 13–18 metr/soniyagacha kuchayadi, 25–26 fevralda ayrim joylarda ba’zida 20–25 metr/soniyagacha kuchayishi, 25 fevralda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Toshkent shahrida dushanba kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat +14…+16 daraja bo‘ladi. Seshanba kunning ikkinchi yarmida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat kechasi +4…+6 daraja, kunduzi +14…+16 daraja bo‘ladi.
Chorshanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat kechqurun yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat kechasi +7…+9 daraja, kunduzi +16…+18 daraja bo‘ladi.
26 fevralda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Harorat kechasi +5…+7 daraja, kunduzi +10…+12 daraja bo‘ladi. 27 fevralda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi +3…+6 daraja, kunduzi +12…+15 daraja bo‘ladi.
Shamol o‘zgaruvchan yo‘nalishda 3–8 metr/soniya tezlikda esadi, 25–26 fevral kunlari 10–12 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.