Jamiyat | 15:41
16519
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda uka o‘z akasini ov qurolida otib o‘ldirib qo‘ydi

Hodisa 12 fevral kuni Narpay tumanida yuz bergan. Uka hozirda qo‘lga olingan.

Illyustrativ foto

Samarqand viloyatida aka-uka o‘rtasidagi janjal o‘lim bilan yakunlandi. Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz'ga taqdim etgan ma’lumotiga ko‘ra, hodisa joriy yilning 12 fevral kuni Narpay tumanida yuz bergan.

Ta’kidlanishicha, tumandagi Xo‘jakarzon mahallasidagi fermer xo‘jaligi hududida aka-ukalar o‘rtasida ariqdan suv o‘tkazish masalasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Tortishuv janjalga aylanib, uka o‘ziga tegishli «IJ-18» rusumli ov qurolidan akasiga qarata o‘q uzgan.

Sud-tibbiyot ekspertizasi dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning tanasida bosh va yuz qismi, bo‘yin, yelka sohalarida o‘q otilishiga xos og‘ir jarohatlar aniqlangan. Xulosada o‘lim sababi tashqi qon ketishi ekani ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan Narpay tumani prokuraturasi tomonidan ukaga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U protsessual tartibda ushlangan.

Tergov harakatlari davom etmoqda.

Исомиддин Пулатов
Tayyorlagan Исомиддин Пулатов

Mavzuga oid