Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yakka tartibda sud-ekspertlik byurosini tashkil etishga ruxsat berildi
2026 yil 20 fevraldagi 73-son hukumat qarori bilan nodavlat sud-ekspertiza sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar tasdiqlandi va yakka tartibda sud-ekspertlik byurosini tashkil etish imkoniyati belgilandi.
Foto: Freepik
Hukumat qarori (73-son, 20.02.2026 y.) bilan nodavlat sud-ekspertiza sohasini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlar tasdiqlandi.
Qaror bilan quyidagi tartiblar belgilandi:
— nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish;
— nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish;
— nodavlat sud eksperti bo‘lish istagini bildirgan shaxslarni qayta tayyorlash, nodavlat sud ekspertlarining malakasi va huquqiy bilimini oshirish hamda ularni qo‘shimcha ekspertiza turlari bo‘yicha qayta tayyorlash;
— nodavlat sud ekspertlarini sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarning yagona reyestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish;
— Adliya vazirligi huzuridagi Ekspert-malaka komissiyasi faoliyatini tashkil etish.
Mazkur qarorga ko‘ra, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari endilikda notijorat tashkilot sifatida faoliyat ko‘rsatishi hamda yakka tartibda sud-ekspertlik byurosi shaklida ham tashkil etilishi mumkin.
Muqaddam nodavlat sud-ekspertiza tashkilotini tashkil etish uchun sud eksperti sertifikatiga ega kamida 3 nafar sud eksperti bo‘lishi talab etilar edi.
Shuningdek, mazkur hujjat bilan ushbu sohada ilk bor nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda sud eksperti sifatida kasbiy layoqatni tasdiqlovchi sertifikat olgan shaxslarning yagona reyestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Unga ko‘ra, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari Davlat xizmatlari markazlari tomonidan Tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali davlat ro‘yxatidan (qayta ro‘yxatdan) o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, qaror bilan sud ekspertlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimining amaliyot bilan uyg‘unligini ta’minlash belgilandi. O‘quv rejasi va o‘quv amaliyot dasturlariga ko‘ra ta’lim jarayonining 40 foizi nazariy, 60 foizi amaliy qismdan iborat bo‘ladi. Nazariy mashg‘ulotlar tegishli davlat ta’lim muassasasida, amaliy qismi esa davlat sud-ekspertiza muassasasida o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, nodavlat sud ekspertlarining kasbiy va amaliy tayyorgarlik darajasini baholash hamda ularning noqonuniy harakatlari bilan bog‘liq holatlarni adolatli va xolis ko‘rib chiqish maqsadida Adliya vazirligi huzurida Ekspert-malaka komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Mavzuga oid
10:06
E-ekspertiza orqali sud ekspertizasi bo‘yicha hujjat almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi
14:04 / 20.02.2026
Sud qarorlari ijrosini to‘xtatish tartibi qat’iylashtirilishi mumkin
21:19 / 13.02.2026
Li 9 va BYD to‘qnashuvi: Toshkent sudlari yana shov-shuvli ish markazida
11:57 / 13.02.2026