Jahon | 09:20
2248
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Lvivdagi teraktni RF Telegram orqali tashkil etgan

Zelenskiyning aytishicha, Lvivdagi terakt ortida Rossiya tomoni turibdi, ijrochini esa Telegram orqali yollashgan. Bundan oldin Ukraina Bosh prokuraturasida RFning aloqadorligi hozircha aniqlanayotgani aytilgan edi.

Foto: Olena Znak/Anadolu/picture alliance

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Lviv markazida sodir bo‘lgan terakt ortida Rossiya tomoni turganini ma’lum qildi. Ushbu terakt oqibatida 22 fevral, yakshanbaga o‘tar kechasi politsiya xodimi halok bo‘lgan. Zelenskiy bu haqda o‘sha kun oqshomida o‘zining Telegram-kanalida e’lon qilingan videomurojaatida aytdi.

“Ijrochilar Telegram orqali yollangan. O‘nlab shunga o‘xshash holatlarning oldi olindi. Ukraina huquqni muhofaza qiluvchi organlari doimiy ravishda bunday yollashlarga qarshi kurashib kelmoqda”, — dedi Zelenskiy. Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina razvedkasida “rossiyaliklar bunday ishlar, ya’ni ukrainlarga qarshi amaldagi hujumlarni yana davom ettirmoqchi” ekanini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar bor.

Teraktdan keyin qo‘lga olingan ayolga mazkur jinoyat, shuningdek qurol bilan qonunga xilof muomala qilish bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Ukraina bosh prokurori idorasi ma’lum qilishicha, gap Rovno viloyatidagi Kostopil shahrida yashovchi 33 yoshli ayol haqida ketmoqda.

“Gumon obektiv dalillarga asoslangan bo‘lib, ular qo‘lga olingan shaxs 23 yoshli politsiya xodimining hayotiga zomin bo‘lgan va yana 20 dan ortiq kishining yaralanishiga olib kelgan teraktni sodir etganini ko‘rsatadi”, — deyiladi xabarda. Qayd etilishicha, 33 yoshli ushlangan ayol yashagan va bo‘lgan joylarda o‘tkazilgan tintuvlar davomida “g‘ayriqonuniy faoliyat dalillari olingan”.

Ukraina tergovchilari versiyasiga ko‘ra, 21 fevral kechqurun gumonlanuvchi Lviv markazidagi binolardan biri yoniga ikki dona qo‘lbola portlovchi qurilma qo‘ygan. Bir soat o‘tgach, politsiyaga Xarkiv viloyatidan qo‘ng‘iroq tushgan: unda shu binoda joylashgan do‘konga noqonuniy kirish haqida xabar berilgan.

Politsiya ekipaji yetib kelganida birinchi portlash sodir bo‘lgan, ikkinchi naryad kelganida esa yana bir portlash ro‘y bergan. Portlash oqibatida 23 yoshli politsiya xodimi halok bo‘lgan, 25 kishi yaralangan. Lviv shahar meri Andrey Sadoviyning bildirishicha, 22 fevralga kelib shifoxonalarda 12 kishi qolgan, ulardan ikkisining ahvoli juda og‘ir.

Huquq-tartibot idoralari ta’kidlashicha, gumonlanuvchi portlovchi qurilmalarni o‘rnatgandan keyin taksida ketgan, portlovchi modda esa ehtimol masofadan turib ishga tushirilgan. Teraktni ijro etgan deb gumon qilinayotgan ayol Stariy Sambor shahrida ushlangan — bu shahar Polsha va Slovakiya chegaralari yaqinida joylashgan. Shuningdek, politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan shaxsning kimligi aniqlangan, ammo hozircha oshkor qilinmayapti. Aytilishicha, Zelenskiy murojaatidan bir necha daqiqa oldin chiqqan postda huquq-tartibot idoralari teraktga Rossiya tomonining aloqadorligini tekshirayotganini bildirgan.

Zelenskiy aytgan ma’lumotlardan keyin Ukraina prezidenti ofisining o‘rinbosari Irina Vereshchuk Telegram va “shunga o‘xshash boshqa anonim platformalar”ning “imkoniyatlarini cheklash” haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi. “Yana bir bor ko‘ryapmizki, dushman Telegram’dan terroristlarni yollash, ular faoliyatini muvofiqlashtirish va teraktlar sodir etish uchun tizimli ravishda foydalanyapti. Agar xalqimiz hayotini himoya qilish va milliy xavfsizlikni ta’minlash uchun bu platformalar imkoniyatlarini cheklash kerak bo‘lsa, demak, biz buni qilishimiz kerak”, — deb yozdi Vereshchuk o‘zining Telegram-kanalida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid