Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Epshteyn bilan do‘stlik to‘lovi: fayllar e’lon qilinishi kimlarga qimmatga tushdi?
AQSh Adliya vazirligi Jyeffri Epshteyn bilan bog‘liq yangi fayllarni e’lon qilganidan keyin o‘ndan ortiq kishi o‘z lavozimi va jamiyatdagi mavqeyini yo‘qotdi. Kimdir iste’foga chiqishiga to‘g‘ri kelgan, yana kimlardir tergov qilinmoqda.
Foto: Brendan Smialowski / AFP / Scanpix / LETA
«Epshteyn fayllari» e’lon qilinishi ayniqsa siyosat va biznes olamida ko‘plab shov-shuvli mojarolarni keltirib chiqardi. Moliyachi va balog‘atga yetmagan qizlarni zo‘rlashda ayblangan jinoyatchi Jyeffri Epshteyn o‘zini «Davos konserji» deb atagan va nafaqat biznes hamjamiyati vakillari va siyosatchilar bilan, balki yuridik elita bilan ham aloqada bo‘lgan.
Shu bilan birga, uning ko‘plab taniqli do‘stlari, jumladan, uning jinoyatlariga sherik bo‘lganlar faqat obro‘si to‘kilishi bilan qutulib qoldi. Ammo arxivdan nomi chiqqanlar orasida real oqibatlarga duch kelganlar ham bor. Quyida shular haqida.
Endryu Mauntbetten-Vindzor
Buyuk Britaniya qiroli Charlz Uchinchining ukasi, shahzoda Endryu 2025 yil kuzida pedofil Epshteyn bilan aloqalari uchun barcha titullaridan mahrum qilingandi. Epshteynning eng mashhur qurboni, 2025 yil bahorida o‘z joniga qasd qilgan Virjiniya Juffre 17 yoshdaligida Endryu bilan uch marta jinsiy aloqaga majburlanganini aytgan. 2026 yil fevralida Endryu mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda gumonlanib qo‘lga olindi va so‘roq qilish uchun mahkamaga olib ketildi. U Buyuk Britaniyaning xalqaro savdo va investitsiyalar bo‘yicha maxsus vakili lavozimida ekanida maxfiy ma’lumotlarni Epshteynga taqdim etgani taxmin qilinmoqda. So‘roqdan keyin Endryu qo‘yib yuborilgan, ammo bu ish bo‘yicha tergov davom etadi.
Tomas Pritsker
Tomas Pritsker mehmonxonalar va kurortlarning global tarmog‘ini boshqaruvchi Hyatt Hotels korporatsiyasi rahbari lavozimidan iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan. 2024 yilda Virjiniya Juffre o‘z ko‘rsatmasida Pritsker tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini bayon qilgandi. Uning o‘zi bu ayblovni rad etgan, lekin Epshteyn bilan yaqindan tanish bo‘lganini tan olgan.
Sulton Ahmad ibn Sulayim
Birlashgan Arab Amirliklaridan bo‘lgan tadbirkor, logistika sohasi gigantlaridan biri DP World kompaniyasi direktorlar kengashi raisi hamda bosh direktori bo‘lgan Sulton Ahmad ibn Sulayim Epshteyn bilan yaqin aloqalarini fosh qilgan yozishmalari e’lon qilinishi ortidan iste’fo berdi. Rasmiy bayonotda iste’fo sababi to‘g‘ridan to‘g‘ri keltirilmagan.
Bred Karp
1875 yilda tashkil etilgan Paul, Weiss, Rifkind, Wharton & Garrison nomli yirik yuridik firmani 2008 yildan buyon boshqarib kelgan Bred Karp ham Epshteyn bilan yozishmalar oshkor bo‘lganidan keyin o‘z lavozimini tark etdi. Iste’foga chiqish to‘g‘risidagi arizada «so‘nggi yangiliklar Karpni jamoatchilik diqqat markaziga qo‘ygani, bu esa kompaniya manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligi» haqida gap ketadi. Lekin Epshteynning nomi tilga olinmagan.
Keysi Vasserman
Amerikada ko‘plab taniqli sportchilar va musiqachilarning manfaatlarini ifoda qiluvchi eng yirik agentliklardan birining asoschisi va rahbari bo‘lgan Keysi Vasserman Epshteyn bilan aloqalari haqidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lishi fonida o‘z biznesini sotishini e’lon qildi. Uning Epshteyn bilan aloqasi oshkor bo‘lganidan so‘ng, yuqori martabali mijozlarning bir qismi uning xizmatlaridan voz kechdi. Vasserman 2028 yil Los-Anjyelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rish qo‘mitasiga rahbarlik qiladi – uni lavozimidan chetlatish to‘g‘risidagi petitsiyani allaqachon minglab odamlar imzolagan.
Keti Ryummler
Goldman Sachs banki yuridik boshqarmasi rahbari, Barak Obama prezidentligi davrida Oq uyning yuridik maslahatchisi bo‘lgan Keti Ryummler iste’foga chiqqanini e’lon qildi. U Epshteyn bilan ko‘p marta yozishgan va uchrashgan, undan sovg‘alar olgan, u jinsiy jinoyatlarda ayblanganida uni himoya qilishga uringan.
Larri Sammers
AQSh sobiq moliya vaziri va Harvardning sobiq prezidenti Epshteyn bilan yozishmalari ochiqlangach, ta’lim sohasidagi faoliyatini yakunladi va OpenAI direktorlar kengashini tark etdi.
Piter Mandelson
Leyboristlar partiyasining muhim arboblaridan biri, 72 yoshli lord Piter Mandelson «Epshteyn fayllari» e’lon qilingach, Buyuk Britaniyaning AQShdagi elchisi lavozimini tark etdi. U 1990-yillar oxirida Britaniya savdo va sanoat vaziri ekanida hukumatning moliyaviy qarorlari haqidagi yopiq ma’lumotlarni Epshteynga yetkazishda gumonlanmoqda. Politsiya uni ham so‘roq qilish uchun qo‘lga olgan va keyin garov evaziga qo‘yib yuborgan. Tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Morgan Maksuini
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning yaqin kishilaridan biri bo‘lgan Morgan Maksuini Epshteyn bilan shaxsiy aloqalarga ega bo‘lmasa ham Mandelson AQShdagi elchi lavozimiga tayinlagani uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olib, bosh vazir apparatini tark etdi.
Miroslav Laychak
O‘z vaqtida BMT Bosh Assambleyasiga raislik qilgan Miroslav Laychak Slovakiya bosh vazirining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan iste’foga chiqdi. E’lon qilingan hujjatlarda uning Epshteyn bilan yozishmalari, jumladan, ayollar haqidagi hazillari va Sergey Lavrov bilan aloqalari haqida so‘z borgan. Laychak Epshteyn bilan munosabatlarni saqlab qolishda xatoga yo‘l qo‘yganini tan oldi, ammo jinoyatlar haqidagi har qanday ayblovlarni rad etdi.
Piter Attia
Uzoq umr ko‘rish g‘oyalari targ‘ibotchisi Piter Attia oqsilli batonchalar ishlab chiqaruvchi David Protein brendining fan bo‘yicha direktori lavozimidan ketdi. Shuningdek, oziq-ovqat qo‘shimchalari ishlab chiqaruvchi AG1 kompaniyasi u bilan maslahatchi sifatidagi hamkorlikni to‘xtatdi. Attia omma oldida uzr so‘radi va Epshteynning jinoyatlariga aloqasi yo‘qligini aytdi.
Sara Fergyuson
Sobiq shahzoda Endryuning sobiq rafiqasi Sara Fergyuson Jyeffri Epshteyn pedofilligi uchun qamalib chiqqanidan keyin ham u bilan aloqalarni davom ettirgani oshkor bo‘lgach, o‘z xayriya fondini yopdi.
Turborn Yagland
Norvegiyaning sobiq bosh vaziri va Yevropa kengashining sobiq bosh kotibi Turborn Yaglandga korrupsiya bo‘yicha jiddiy ayblov qo‘yildi. Tergov uning Epshteyn bilan yozishmalarini, jumladan, Epshteynning Yagland orqali Rossiya rahbariyatiga chiqishga urinishlarini o‘rganmoqda. Yagland tergov bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Mona Yuul va Tere Ryod-Larsen
1993 yilda Isroil va Falastin Ozodlik Tashkiloti o‘rtasida Oslo kelishuvlarini tuzishda asosiy shaxslar qatorida bo‘lgan norvegiyalik er-xotin diplomatlar Mona Yuul va Tere Ryod-Larsen Epshteyn ularga millionlab dollarlarni vasiyat qilgani ma’lum bo‘lgach, korrupsiyaga qarshi tergovda ayblangan. Yuul Norvegiyaning Iordaniya va Iroqdagi elchisi lavozimidan ayrildi.
Jak Lang va Karolin Lang
Muqaddam Fransiya madaniyat vaziri va ta’lim vaziri lavozimlarida ishlagan Jak Lang Parijdagi Arab dunyosi instituti rahbarligidan, uning qizi Karolin esa Fransiya mustaqil kinoprodyuserlar ittifoqi rahbari lavozimidan ketdi. «Epshteyn fayli» tufayli ular Epshteyn bilan birga bitta ofshor kompaniyasiga egalik qilgani ma’lum bo‘lgan. Jak Lang va Karolin Lang Epshteynning jinoyatlariga aloqadorligini rad etishgan.
Devid Ross
Zamonaviy san’at olamining nufuzli arbobi hisoblangan Devid Ross Nyu York tasviriy san’at maktabining magistratura dasturi rahbari lavozimini tark etdi. E’lon qilingan yozishmalardan ma’lum bo‘lishicha, u ko‘p yillar davomida Epshteyn bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan, 2008 yilda birinchi marta sudlanganidan keyin unga hamdardlik bildirgan, shuningdek, u bilan yalang‘och o‘smirlar tasvirlari ko‘rgazmasi g‘oyasini muhokama qilgan.
Joanna Rubinshteyn
Shvetsiyalik xayriyachi Joanna Rubinshteyn Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha agentligi uchun mablag‘ yig‘uvchi jamg‘arma rahbari lavozimini tark etdi, u Epshteyn sudlanganidan keyin uning oroliga tashrif buyurgani ma’lum bo‘lgan. U Epshteynning jinoyatlari ko‘lamidan keyinroq xabar topganini aytgan.
***
2008 yilda fohishalikni tashkil etishda aybini tan olgan va voyaga yetmagan qizni zo‘rlagani uchun sudlangan Jyeffri Epshteyn 2019 yil yozida AQShda qayta hibsga olingan va qizlar, jumladan, 14 yoshli qizlar savdosi va ularni fohishalikka jalb qilishda ayblangan edi. O‘sha yilning avgust oyida 66 yoshli milliarder qamoqxonada jonsiz holda topildi. Uning jazmani va sherigi, Buyuk Britaniya fuqarosi Gisleyn Maksvell esa jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosiga yordam bergani uchun 20 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.
2026 yil 16 fevral kuni AQSh bosh prokurori Pem Bondi Epshteyn fayllarida tilga olingan 300 nafar mashhur va siyosatchilarning ro‘yxatini e’lon qildi. Ular orasida prezident Donald Tramp, sobiq prezident Barak Obama va uning rafiqasi Mishel Obama, Microsoft asoschisi Bill Geyts, aktyor Bill Kosbi, aktyor Robert De Niro, sobiq prezident Bill Klinton va uning rafiqasi Hillari Klinton bor.
Shuningdek, hujjatlarda Britaniya shahzodasi Harri, rejissyor Vudi Allen, sobiq vitse-prezident Kamala Harris, Meta asoschisi Mark Tsukerberg, xonanda Bryus Springstin, tadbirkor Ilon Mask, Rim papasi Ioann Pavel II, siyosatchi Nensi Pelosi, Vakillar palatasidagi demokratlar yetakchisi Hakim Jyeffris, ashulachi Bono, xonanda Beyonse va boshqalar bor.
Lekin ushbu shaxslarning ismi-sharifi fayllarda tilga olinishi hech qanday noqonuniy harakatlarni yoki hatto Epshteyn bilan bevosita aloqani nazarda tutmaydi. Epshteyn ulardan aksarining nomlarini boshqalar bilan yozishmalarda tilga olgan.
Mavzuga oid
17:16
AQSh sharqiy sohilida rekord darajada qor: 5 mingdan ortiq reyslar bekor qilindi
10:51
AQSh va RF Jyenevada yadroviy qurollar bo‘yicha shartnomani muhokama qildi
09:15
Financial Times: Trampning Tinchlik kengashi G‘azo sektori uchun steyblkoin yaratish g‘oyasini o‘rganmoqda
21:40 / 23.02.2026