O‘zbekiston | 17:47
2889
3 daqiqa o‘qiladi

Urganch–Xiva pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi

O‘zbekistondagi birinchi pulli avtomobil yo‘li Urganch va Xiva shaharlari o‘rtasidagi masofa vaqtini 1 soatdan 17 daqiqaga qisqartirishi aytilyapti. U bilan bir vaqtda, Urganch xalqaro aeroportini Xiva shahri bilan bog‘laydigan qariyb 11 kilometrlik elektrlashtirilgan temiryo‘l ham qurilmoqda.

"O‘zbekiston 24" lavhasidan kadr

Xorazm viloyatida O‘zbekistondagi birinchi pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi: yangi trassa Urganch va Xiva shaharlarini bog‘laydi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali xabar berdi.

35 kilometrlik pulli magistral – hozirda mavjud 34 km uzunlikdagi yo‘lga muqobil bo‘ladi.

Telekanal xabarida aytilishicha, 2025 yilda Xorazm viloyatiga qariyb 2 mln xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Natijada Urganch–Xiva yo‘nalishida transport oqimi ortib, tez-tez tirbandliklar yuzaga kelyapti.

Loyihaning umumiy qiymati – 120 mln dollar. Pulli yo‘l 4 tasmali, asfaltbeton qoplamadan iborat bo‘ladi va sutkasiga 20 mingta transport vositasini o‘tkaza oladi.

Xorazm viloyati Avtomobil yo‘llari boshqarmasi boshlig‘i Dilshodbek Niyozmetovning so‘zlariga ko‘ra, 35 kilometrlik yo‘l 5 ta lotga ajratib, quruvchilar jalb qilingan. Reportajda buyurtmachi va pudratchilar kimligi ochiqlanmagan.

Ta’kidlanishicha, loyiha doirasida 17 ta ko‘prik, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta tunnel va 5 ta maxsus o‘tish joyi barpo etiladi.

“Ayni paytda qurilish ishlari keng ko‘lamda olib borilyapti. Mingdan ortiq mutaxassislar, yuzlab zamonaviy texnika va maxsus uskunalar jalb qilingan”, – deyiladi xabarda.

Qurilish sifatini nazorat qilish uchun xorijlik konsultantlar yollangan. Ulardan biri, turkiyalik mutaxassis Bulent Bayirning ma’lum qilishicha, yo‘lning ustki konstruksiyasi taxminan 87 sm qalinlikda bo‘ladi, so‘nggi ikkita qatlam bitum bilan modifikatsiya qilingan maxsus mustahkam qatlamlardan tashkil topadi.

“Yo‘l-loyiha byuro” MChJ direktori G‘ulom Zohidovning so‘zlariga ko‘ra, Urganch–Xiva pulli yo‘lining qurilish ishlari loyihalash ishlari bilan parallel ravishda olib borilmoqda. Yangi yo‘l ikki shahar o‘rtasidagi masofa vaqtini 3 barobarga qisqartirib, 1 soatdan 17 daqiqagacha tushiradi. Pulli yo‘lning boshlanish nuqtalarida va o‘rtasida terminallar joylashadi.

Bu loyiha bilan bir vaqtda, Urganch xalqaro aeroportidan Xiva shahriga qatnaydigan elektrlashtirilgan temiryo‘l ham qurilyapti. 10 km 850 metr uzunlikdagi temiryo‘l loyihasining umumiy qiymati – 18 mln dollardan ortiq.

Xorazm viloyati Avtomobil yo‘llari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Qurbonovning aytishicha, yangi temiryo‘lni foydalanishga topshirish taxminan iyul oyiga mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, Shovot kanalida ustida ko‘prik qurilishi ham davom etyapti.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев

Mavzuga oid