Jahon | 15:56
1090
3 daqiqa o‘qiladi

2025 - urushdagi eng qonli yil: BBC va “Mediazona” hisoboti

Ukrainada Rossiyaning tasdiqlangan yo‘qotishlari 200 ming kishidan oshib ketdi. BBC Rus xizmati va “Mediazona” ko‘ngillilar jamoasi bilan birga Rossiyaning Ukrainaga qurolli bostirib kirganining 4 yilligiga kelib, urushda halok bo‘lgan 200 186 nafar rossiyalik harbiyning ism-sharifini aniqlagan. Bu haqda har ikki manba seshanba kuni, 24 fevralda xabar qildi.

Foto: REUTERS

Oxirgi bir oyda ma’lumotlar bazasining keskin oshishi — 35 mingta yangi yozuv — jurnalistlar fikricha, frontdagi vaziyat bilan emas, metodologiya bo‘yicha qilingan ishlar bilan bog‘liq. BBC tushuntirishicha: “O‘tgan oy davomida biz bir necha yil mobaynida yig‘ilgan ma’lumotlarni davlatning ochiq bazalaridagi ma’lumotlar bilan, eng avvalo meros ishlari reyestri ro‘yxatlari bilan taqqoslab chiqishga muvaffaq bo‘ldik”.

Jurnalistlar bahosiga ko‘ra, Rossiya armiyasi uchun 2025 yil yuqori ehtimol bilan urush davomidagi eng qonli yil bo‘lgan. O‘tgan yili halok bo‘lgan 49 935 nafar harbiyning ismi tasdiqlangan, ammo qayta ishlanmagan nekrologlarni ham hisobga olgan holda dastlabki baholar 90 ming kishidan oshib ketadi.

Halok bo‘lganlarning uchdan ikki qismi 100 mingdan kam aholi yashaydigan shahar-qishloqlarda istiqomat qilgan — yirik shaharlar va megapolislar “urushdan deyarli ta’sir ko‘rmagan”. Yo‘qotishlar soni bo‘yicha yetakchi hududlar: Boshqirdiston (7700), Tatariston (6800) va Sverdlovsk viloyati (6300).

Aholi soniga nisbatan (har 100 ming kishiga to‘g‘ri keladigan) yo‘qotishlarda birinchi o‘rinni Tuva (100 ming aholiga 476 kishi) egallaydi, undan keyin Buryatiya (400), Baykalorti o‘lkasi (362) va Oltoy Respublikasi (316) keladi. Bu hududlar mamlakatdagi eng kambag‘al mintaqalar qatoriga kiradi. Tadqiqot mualliflari xulosa qiladi: “Qashshoqlik darajasi qancha yuqori bo‘lsa, odatda yo‘qotishlar ko‘rsatkichi ham shuncha yuqori bo‘ladi.”

Tahlilchilar barqaror qonuniyatni qayd etadi: urushga ko‘proq kichik shaharlar va qishloqlar aholisi boradi — bu joylarda barqaror ish o‘rinlari tanqis, mahalliy hokimiyatning targ‘iboti esa qat’iyroq bo‘ladi. Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan demografning aytishicha, yo‘qotish ulushi yuqori bo‘lgan hududlar ro‘yxati ko‘p jihatdan umr davomiyligi past bo‘lgan hududlar ro‘yxati bilan mos keladi.

Uning bahosiga ko‘ra, hozir shartnoma imzolayotganlarni faqat qashshoqlik emas, balki kelajak yo‘qdek tuyulishi ham harakatga keltirmoqda. “Boshqacha aytganda, urushga o‘zidan o‘zi tabiiy bo‘lmagan o‘lim ehtimoli yuqori bo‘lgan hududlar aholisi ko‘proq boryapti”, — deya ekspert so‘zlarini keltiradi BBC.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid