Ta’lim | 08:39 / 25.02.2026
1422
3 daqiqa o‘qiladi

Dehlidagi universitetda o‘zbek tili bo‘yicha 4 yillik bakalavriat ochiladi

Hindistonda o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyatini akademik o‘rganish yangi bosqichga chiqmoqda. Dehlida joylashgan Jamiya milliya islomiya markaziy universiteti (JMI) yangi o‘quv yilidan boshlab o‘zbekshunoslik bo‘yicha to‘rt yillik bakalavriat dasturini ishga tushirishini ma’lum qildi.

Jamiya milliya islomiya rahbariyati tomonidan tasdiqlangan qaror mamlakatda o‘zbek tilini o‘qitish tarixida yangi sahifa ochishi, shuningdek, O‘zbekiston–Hindiston ta’lim hamkorligini yanada mustahkamlashi kutilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, JMI 1920 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Hindistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitetda gumanitar va tabiiy fanlar, muhandislik, huquq, me’morchilik va stomatologiya kabi yo‘nalishlarda minglab talabalar tahsil oladi.

Universitet milliy reyting tizimi — NIRF talqiniga ko‘ra mamlakatning eng yaxshi oliy o‘quv yurtlari qatorida barqaror o‘rin egallab kelayotgani, QS World University Rankings xalqaro reytingida ham Janubiy Osiyodagi yetakchi ta’lim markazlari qatoridan joy olgani ta’kidlandi.

Yangi bakalavriat dasturi universitetda o‘zbek tilini ommalashtirish bo‘yicha ko‘p yillik ishlar mantiqiy davomi sifatida baholanmoqda. 2004 yildan buyon O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi ko‘magida JMI'da o‘zbek tili kurslari faoliyat yuritib kelayotgani, shu davrda yuzlab hind yoshlari mazkur kurslarni tamomlab, olingan bilimlarni turizm, biznes, diplomatiya va ilmiy tadqiqotlar sohalarida qo‘llayotgani qayd etildi.

Hozirgacha universitetda o‘zbek tili bo‘yicha bir yillik sertifikat va diplom dasturlari mavjud bo‘lgan, bakalavriat bosqichida esa o‘zbek tili qo‘shimcha fan sifatida o‘rgatilgan. To‘liq to‘rt yillik bakalavriat dasturining ochilishi esa ta’lim jarayonini yanada tizimli va chuqur darajaga olib chiqishi, kelajakda sharqshunos olimlar, tarjimonlar hamda amaliyotchi mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

— So‘nggi o‘n yilda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik izchillik bilan rivojlanmoqda. Bakalavriat dasturining ochilishi xalqlarimizni bog‘lovchi va o‘zbek merosini Janubiy Osiyoda targ‘ib qiluvchi amaliy ko‘prik bo‘ladi, — dedi universitet professori Shahid Taslim.

Shu bilan birga, JMI bakalavriat darajasida o‘zbekshunoslik bo‘yicha kompleks dasturni taklif etgan Hindistondagi birinchi universitetga aylanishi bildirildi. Yangi o‘quv yili uchun qabul haqidagi e’lon universitet saytida e’lon qilingan.

Dastur doirasida o‘zbek tilini chuqur o‘rganish, mumtoz va zamonaviy adabiyot, shuningdek, O‘zbekistonning madaniy an’analarini tahlil qilish nazarda tutilgan. Shuningdek, universitetning ikki o‘quv binosi Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino nomlari bilan atalishi ham qayd etildi.

Yangi dastur bitiruvchilari kelgusida Toshkent va Dehli o‘rtasidagi madaniy hamda iqtisodiy muloqotda muhim vositachi kadrlar sifatida shakllanishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid