Jahon | 09:14 / 25.02.2026
1207
3 daqiqa o‘qiladi

Kanada Ukrainaga harbiy yordamni va RFga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi

Kanadaning “qora ro‘yxati”ga Rossiyaning “soyadagi” flotiga qarashli yana 21 nafar jismoniy shaxs, 53 ta tashkilot va 100 ta kema kiritildi. Kanada shuningdek Ukrainaga yangi yordam e’lon qildi va o‘zining qat’iy qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.

Foto: Artur Widak/NurPhoto

Rossiyaning Ukrainaga to‘laqonli bosqini boshlanganining to‘rt yilligi munosabati bilan Kanada RFga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilishini va Kiyevga yangi yordam paketi ajratilishini e’lon qildi. Seshanba kuni, 24 fevralda Kanada hukumati xabar berishicha, “qora ro‘yxat”ga yana 21 nafar jismoniy shaxs, 53 ta tashkilot va Rossiyaning “soyadagi” flotiga mansub 100 ta kema kiritiladi.

Kanada shuningdek Rossiya nefti uchun narx chegarasini bir barrel uchun 47,60 AQSh dollaridan 44,10 AQSh dollariga tushirmoqda. Bayonotda aytilishicha, bu choralar Ukrainaga qarshi urush uchun Rossiya zimmasiga tushayotgan iqtisodiy xarajatlarni yanada oshiradi. Sanksiyalar RFning energotashuvchilar eksportidan tushadigan daromadlarini cheklaydi, moliya sektorini, shu jumladan kriptovaluta infratuzilmasini qamrab oladi va Rossiyaning oddiy hamda gibrid harbiy salohiyatini pasaytiradi; bunga sun’iy intellekt ekotizimi va dronlar (uchuvchisiz apparatlar) ishlab chiqarishi ham kirishi ta’kidlangan.

Kanada mudofaa vaziri Devid Makgintining ma’lum qilishicha, 300 mln Kanada dollari (hisob-kitobda taxminan 220 mln AQSh dollari) miqdoridagi yangi harbiy yordam 2026–2027 moliya yillari uchun umumiy hajmi 2 mlrd Kanada dollarini tashkil etuvchi katta paket doirasida taqdim etiladi. Ushbu mablag‘larning katta qismi 2025 yil noyabrda qabul qilingan budjetda allaqachon nazarda tutilgan.

Boshqa yordamlar qatorida Kanada Kiyevga 400 tadan ortiq zirhli mashina beradi. Shuningdek, ukrain harbiylarini tayyorlash bo‘yicha uzoq muddatli dastur qayta yo‘lga qo‘yiladi. Tashqi ishlar vaziri Anita Anandning ma’lum qilishicha, Kanada Ukraina Energetikasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yana 20 mln dollar ajratgan.

Shu bilan birga, Kanada hokimiyati Ukrainaga Rossiyaga qarshi mudofaa urushidagi “uzilmas” qo‘llab-quvvatlovini tasdiqladi. Bayonotda: “So‘nggi to‘rt yilda Ukraina xalqining jasorati va matonati butun dunyoni ilhomlantirdi va bizning qat’iyatimizni mustahkamladi. Urushning beshinchi yili boshlanmoqda, va Kanadaning Ukrainaga sadoqati mutlaqligicha qolmoqda. Ittifoqchilar va hamkorlar bilan birga Kanada Ukrainaga o‘z erkinligini himoya qilish, pozitsiyalarini mustahkamlash va barqaror tinchlikni o‘rnatish yo‘lida zarur harbiy yordamni berishda davom etadi”, — deb ta’kidlangan.

2022 yil fevralda Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘laqonli urushi boshlanganidan beri Kanada himoyalanayotgan mamlakatga jami 25,5 mlrd Kanada dollaridan ortiq yordam ajratgan, shundan 8,5 mlrd dollari harbiy yordam hisobiga to‘g‘ri keladi. Bosqinning to‘rtinchi yilligi arafasida RFga qarshi eng yirik sanksiya paketlarini Buyuk Britaniya va Avstraliya qabul qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid