Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeI Vengriya va Slovakiyaga neft yetkazib berishda tahdid ko‘rmayapti
Yevrokomissiyada bildirilishicha, Vengriya va Slovakiyaning neft zaxiralari yetarli. Shuningdek, ularda yetkazib berishning muqobil yo‘llari ham bor - xususan, Adriatika quvuri orqali, deb eslatdi Bryussel.
Foto: AP / Bela Szandelszky
Yevropa komissiyasi “Drujba” neft quvuri orqali yetkazib berish to‘xtaganiga qaramay, Vengriya va Slovakiyani neft bilan ta’minlashga tahdid yo‘q, deb hisoblaydi. Yevrokomissiya vakili chorshanba, 25 fevral kuni ikki mamlakatda yetarli neft zaxiralari borligini bildirdi. U, shuningdek, yetkazib berishning muqobil yo‘nalishlarini, jumladan Adriatika neft quvuri (JANAF) orqali variantni ham ko‘rsatib o‘tdi.
Shu bilan Bryussel Vengriya bosh vaziri Viktor Orban va Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoning bayonotlarini rad etdi.
Shu kuni Orban Ukrainani Vengriyaning energiya ta’minotini buzish niyatida aybladi. U Mudofaa kengashi yig‘ilishidan keyin Facebook’dagi videomurojaatida mamlakatning energetika infratuzilmasini harbiylar va politsiya tomonidan qo‘riqlashni kuchaytirishni buyurganini aytdi. Orban bu xavotirlar uchun hech qanday asos keltirmadi.
Avvalroq Viktor Orban hukumati Vengriyada bir necha bor Adriatika quvuri go‘yo zarur hajmda neft uzatishni ta’minlay olmasligini ta’kidlab shikoyat qilgan, shuningdek Xorvatiya hukumati tranzit haqini oshirgani sababli u orqali yetkazib berish Vengriya uchun tijoriy jihatdan foydasiz bo‘lib qolganini bildirgan edi.
Fevral o‘rtasida Slovakiya hukumati “Drujba” quvuri orqali yetkazib berish to‘xtagani sababli “neft sohasida favqulodda vaziyat” e’lon qildi. Davlat mamlakatdagi eng yirik — Bratislavadagi Slovnaft neft qayta ishlash zavodiga o‘zining strategik zaxiralaridan 250 ming tonnagacha neft ajratadi. Evaziga korxona o‘z balans qiymati miqdorida moliyaviy ta’minot yoki bank kafolatlari taqdim etishi kerak bo‘ladi. Kompaniya davlatdan olgan neftini sentabrga qadar qaytarishi shart.
Fitso “Drujba” bo‘yicha tranzit to‘xtagani sabab Kiyevga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qildi. Vengriya esa Ukrainaga 90 mlrd yevrolik yordam paketi va RFga nisbatan YeIning navbatdagi sanksiyalar paketini blokladi.
16 fevral kuni MOL Vengriya kompaniyasi “Drujba” quvuri orqali Vengriya va Slovakiyaga yonilg‘i yetkazib berish 27 yanvardan to‘xtaganini bildirdi. Kamomadni qoplash uchun MOL xom neftni dengiz orqali yetkazib berishga o‘tgan. Shuningdek, u Vengriya Energetika vazirligiga strategik zaxiralardan taxminan 250 ming tonna neft ajratishni so‘rab murojaat qilgan. 12 fevral kuni esa “Drujba” bo‘yicha yetkazib berish to‘xtagani haqida Bloomberg agentligiga Slovakiya iqtisodiyot vazirligi vakillari ma’lum qilgan.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa yetkazib berish to‘xtaganini Vengriya tomoni Ukraina hududidagi “Drujba” uchastkasiga berilgan Rossiya zarbasi faktini yashirib kelgani bilan izohlagan. Javob tariqasida Budapesht Ukraina tomoni go‘yo quvurning shu qismida elektr ta’minotini o‘chirib qo‘yganini aytgan. Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso esa 15 fevral kuni Ukrainani quvurni ta’mirlash va eksportni tiklash ishlarini qasddan cho‘zyapti, deb ayblagan.
Mavzuga oid
10:05 / 25.02.2026
YeI 90 mlrd yevroni Ukrainaga “baribir” ajratadi - fon der Lyayyen
15:44 / 24.02.2026
YeI kengashi Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini qabul qila olmadi
14:29 / 24.02.2026
YeI qochqinlarni uchinchi davlatlarga deportatsiya qilishni tasdiqladi
13:55 / 24.02.2026