Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Axios: Zelenskiy RF bilan urushni yil oxirigacha tugatishga umid qilmoqda
AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida Rossiyaning urushini imkon qadar tezroq to‘xtatishga erishish istagini bildirgan.
Foto: Tom Brenner/AFP/Getty Images
Bu haqda 26 fevral, payshanba kuni Axios nashri ukrain amaldori va suhbat mazmunidan xabardor bo‘lgan yana ikki manbaga tayanib yozdi. Axios’ga ko‘ra, barcha uch manba prezidentlar suhbatini «juda do‘stona va ijobiy» deb baholagan.
Nashr suhbatdoshlaridan birining aytishicha, suhbat davomida Zelenskiy Ukrainadagi urush 2026 yilda tugashiga umid bildirgan. Bunga javoban Tramp urush juda uzoq davom etayotganini aytgan va uni bir oy ichida tugatishni xohlashini bildirgan.
Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, telefon suhbati chog‘ida Zelenskiy Trampga Ukrainaga ko‘rsatayotgan barcha yordami uchun minnatdorlik bildirgan va faqat AQSh prezidenti Putinni urushni to‘xtatishga majbur qila olishini aytgan. Tramp esa o‘z navbatida Rossiya bilan ehtimoliy tinchlik kelishuvi doirasida Ukrainaga AQSh tomonidan sezilarli xavfsizlik kafolatlari berishga tayyorligini tasdiqlagan.
Avval xabar qilinganidek, 25 fevral kuni Zelenskiy bilan Tramp o‘rtasidagi telefon suhbatida AQSh, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi muzokara jarayoni ham muhokama qilingan. «Jyenevada vakillarimiz ikki tomonlama uchrashuvda ishlaydigan masalalar haqida, shuningdek muzokara guruhlarining keyingi uchrashuviga tayyorgarlik haqida — uch tomonlama formatda to‘liq tarkibdagi navbatdagi uchrashuv mart oyining eng boshida bo‘lishi haqida gaplashdik», — deb yozgan Ukraina prezidenti shu kuni kechqurun o‘zining Telegram kanalida.
Zelenskiy aytishicha, u Ukraina va RF o‘rtasidagi navbatdagi uchrashuv «liderlar darajasidagi muzokaralarga o‘tish imkonini berishi»ga umid qilmoqda va Tramp ham qadamlarning bunday ketma-ketligini qo‘llab-quvvatlaydi.
Ushbu 30 daqiqalik suhbat AQSh va Ukraina prezidentlarining yanvar oxirida Davosda bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan keyingi birinchi muloqoti bo‘ldi.
Jyenevada 26 fevral, payshanba kuni AQSh va Ukraina delegatsiyalarining yangi muzokaralar raundi boshlandi. Ukraina delegatsiyasiga Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov, AQSh delegatsiyasiga esa prezident maxsus vakili Stiven Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner rahbarlik qilmoqda.
Vashington Ukrainadagi urushni iyun oyigacha yakunlamoqchi, deb 7 fevral kuni Ukraina prezidenti OAV bilan muloqotda aytgan. «Amerikaliklar tomonlarga urushni shu yoz boshigacha tugatishni taklif qilmoqda va ehtimol aynan shunday jadval bo‘yicha tomonlarga bosim o‘tkazadi. Nega aynan shu yozgacha? Tushunamizki, Amerikadagi ichki masalalar ham ta’sir qiladi va ular uchun yanada dolzarb bo‘lib boradi, — deya Zelenskiyning so‘zlarini keltirgan “Ukrinform” agentligi. — Ularda ehtimol boshqa ustuvor yo‘nalish paydo bo‘ladi — Kongress. Va biz tushunamizki, ular barcha vaqtini ichki jarayonlarga ajratadi».
AQShda saylovoldi kampaniyasi boshlanishi yoz boshida kutilmoqda. Shu bilan birga, Ukraina prezidenti urushni iyun oyigacha tugatish bo‘yicha reja amalga oshmasa ham, Vashington muzokara jarayonidan chiqib ketadi, deb kutmayotganini aytgan.
Oq uy taklif qilgan rejani Kiyev va Moskva qabul qilmasa, AQSh Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha muzokaralardan chiqib ketishi mumkinligi haqida 2025 yil aprel oxirida AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens bayonot bergan edi. Uning aytishicha, «yo ular kelishishi kerak, yo Qo‘shma Shtatlar bu jarayondan chiqib ketishi kerak» va «hududiy yon berishlar zarur». U ta’kidlashicha, ham Ukraina, ham Rossiya hozir nazorat qilayotgan hududlarining bir qismidan voz kechishiga to‘g‘ri keladi.
https://www.dw.com/ru/axios-zelenskij-nadeetsa-zakoncit-vojnu-do-konca-goda-tramp-hocet-cerez-mesac/a-76140138