Jamiyat | 09:52
760
2 daqiqa o‘qiladi

Telegram’dagi “bot” orqali mefedron sotish holati fosh etildi

Navoiy viloyati va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Telegram orqali giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar aniqlandi. Holatlar bo‘yicha ashyoviy dalillar bilan ushlash holatlari qayd etildi.

Foto: Prokuratura departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Telegram messenjeri orqali giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar fuqaro N.I.ga ch. boti orqali “mefedron” moddasini sotishga kelishgan.

Ma’lum qilinishicha, xaridordan 2 mln so‘m pul bank plastik kartasiga o‘tkazib olingan. Shundan so‘ng giyohvandlik vositasi geolakatsiya bo‘yicha Navoiy shahri Sunbula ko‘chasida joylashgan qarovsiz uyga yetkazib berilgan vaqtida gumonlanuvchilar ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, departamentning Nurafshon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Telegram’da kanal-bot tashkil etgan shaxslar fuqaroga 3,95 gramm giyohvandlik vositasini 1,1 mln so‘mga sotishga kelishgani aniqlangan. Giyohvandlik vositasi berilgan lokatsiya — Sergeli tumanidagi Uzumzor 1-tor ko‘chasida simyog‘och tagiga yashirib qo‘yilgani ma’lum qilingan.

Qo‘shimcha ravishda, 0,51 gramm giyohvandlik vositasi Yashnobod tumanidagi Parkent ko‘chasida beton orasiga, 0,86 gramm giyohvandlik vositasi esa Yashnobod tumani “Mustaqillik” MFY hududida ko‘p qavatli uylar orasidagi daraxt tagiga yashirib qo‘yilgani qayd etilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi asosida tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid