Jahon | 22:30 / 28.02.2026
6353
3 daqiqa o‘qiladi

Dubayning «Palm Jumeirah» hududidagi binoga zarba berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Dubaydagi binolarga «Eron raketasi yoki droni urilgani» aytilgan video tarqaldi. BAA rasmiylari sun’iy orol hududidagi binoda «hodisa» sodir bo‘lib, odamlar jarohatlanganini tasdiqladi.

Foto: AFP

Fors ko‘rfazidagi bir nechta arab davlatlari o‘z hududlari Eron raketalari tomonidan nishonga olinganini bildirmoqda. Eron avvalroq mintaqadagi AQShning barcha harbiy bazalari qarshi hujumga uchrashini aytgandi.

«Favqulodda javob guruhlari darhol jalb etildi va hodisa joyi xavfsizlantirildi. Dubay Fuqaro mudofaasi yuzaga kelgan yong‘in hozir nazorat ostiga olinganini tasdiqladi,» deyiladi Dubay media idorasi bayonotida.

Al Jazeera va New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rt kishi yaralangan va davolanish uchun tibbiyot muassasalariga olib ketilgan. Rasmiylar jamoat xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rilayotganini bildirgan.

Voqea guvohlari olgan sur’atlarda Dubay shahrida joylashgan "Fairmont The Palm" mehmonxonasi yaqinida osmonga ko‘tarilgan yirik tutun ko‘rinadi.

Avvalroq, Erondagi ayrim OAVlar Dubayda joylashgan AQSh harbiy bazalariga hujum boshlanganini xabar qilgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda Dubayda binolardan biriga dron yoki raketa kelib urilgani aytilgan video tarqaldi. Video rasmiylar tomonidan tasdiqlanmagan.

Eron aynan qaysi nishonni maqsad qilgani hozircha aniq emas, biroq mamlakatda AQSh harbiylari mavjud.

«Palm Jumeirah» — Dubay sohili yaqinida barpo etilgan sun’iy arxipelag bo‘lib, u o‘zining hashamatli mehmonxonalari bilan mashhur.

BAA davlat axborot agentligi WAM Mudofaa vazirligiga tayanilgan holda Eron tomonidan uchirilgan yangi to‘lqin raketalar va dronlar urib tushirilganini xabar qildi. Bundan avval davlat OAVlari Abu-Dabida bir kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi.

Bahrayn «xavf yo‘q» demoqda

Bahraynda esa Ichki ishlar vazirligi mamlakat bo‘ylab «xavf yo‘q» sirenasi yangraganini bildirdi. Vazirlik aholidan zarurat bo‘lmaguncha uydan chiqmaslikni va rasmiylar barcha tartib-taomillarni yakunlagunicha ehtiyotkor bo‘lishni so‘radi.

Bahrayn bundan avval o‘z hududi ichida hujum bo‘lganini tasdiqlab, AQSh Beshinchi floti xizmat ko‘rsatish markazi nishonga olinganini ma’lum qilgan edi. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров

Mavzuga oid