Jamiyat | 10:10
2699
3 daqiqa o‘qiladi

“Hovlimizda doim bahor” – angrenlik qulupnaychi

Hojiakbar Nosirov Angren shahridan. U davlat tashkilotida ishlashi bilan bir qatorda qish faslida issiqxonada, bahordan boshlab esa dalada qulupnay yetishtiradi. Dehqonning uyidan yil davomida qulupnay uzilmaydi. “Umrimni qulupnaychilikka bag‘ishlaganman. Qishda ham hovlim xuddi bahordek yashnab turadi”, – deydi dehqon.

“Odamlar bahorni orzu qilib kutadi. Bizning uyimizda esa hamisha bahor, qish faslida ko‘chada qor bo‘lsa, issiqxonamizga kirsangiz, meva pishib turgan bo‘ladi. Mevani tanasining o‘zidan uzib yeb turib, mazasidan bahramand bo‘laverasiz-da.

Ko‘rdimki, issiqxona yo‘nalishidagi qulupnaychilik kam ekan. Avvaliga o‘zimizning mahalliy qulupnaylarni ekib ko‘paytirdim, lekin natijaga erisha olmadim. Keyin esa chet el tajribasini o‘rgana boshladim. Hovlimga issiqxona qurdim.

Hojiakbar Nosirov

O‘rganib-o‘rganib, mana, ikki yildirki, yerdan balandda, gidroponika usulida ish boshladim. Oilam, ro‘zg‘or uchun uch sotix issiqxona qilganmiz. O‘g‘illarim o‘qishda, turmush o‘rtog‘im bilan qulupnaylarni parvarishlaymiz. O‘zbekiston bo‘yicha har bitta xonadonda uch sotixdan issiqxona bo‘lganda, birorta kambag‘al oila qolmagan bo‘lar edi.

Issiqxonadan yaxshi hosil olish uchun Janubiy Koreyadan keltirilgan navlarni ekish kerak. Chunki aynan Koreya navining hosildorligi yaxshi bo‘ladi. Daromadiga kelsak uch sotix issiqxonadan sarf-xarajatlardan tashqari 110-120 million so‘m sof foyda qoladi. Bitta oilaga bemalol daromad manbayi bo‘ladi-da. Shu kunlarda 1 kg qulupnayni uyimizning o‘zidan 200-220 ming so‘mdan olib ketishyapti. Bizning Angren shahrimiz tog‘li hudud bo‘lgani uchun har to‘rt-besh kunda teramiz. Agar quyosh nuri yaxshi chiqib tursa, har uchinchi kun tersa bo‘ladi. Ikkita issiqxonamdan bir yarim sotixdan uch sotix bo‘lsa, bir terishda 30 kilodan 35 kilogacha qulupnay yig‘ishtirib olamiz.

Yer seni boshqarsa, sen gidroponikani boshqarasan, degan naqlim bor. Ochiq maydondagi dalalarimizda ham qulupnayning bir necha navlarini yetishtiramiz. Ochiq maydonlarimizni ham tomchilatib sug‘orish usulida boshqaryapmiz.

Bir so‘z bilan aytganda, tomorqamdan, bog‘imdan yil 12 oy qulupnay uzilmaydi. Yaqin kelajakda yangi yer olib, qulupnaychilikni yanada rivojlantirmoqchiman”, – deydi Hojiakbar Nosirov.

Сарвар Зияев
Muallif Сарвар Зияев

Mavzuga oid