Jahon | 17:35
3880
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Eronga zarba berishda Anthropic neyrotarmog‘idan foydalandi – OAV

Avvalroq Tramp barcha hukumat idoralariga Anthropic texnologiyalaridan foydalanishni taqiqlagandi.

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga keng ko‘lamli aviazarbalar berishda Anthropic kompaniyasi ishlab chiqqan sun’iy intellektdan foydalandi, deb xabar qildi The Wall Street Journal.

WSJ manbalarining so‘zlariga ko‘ra, butun dunyodagi qo‘mondonliklar, xususan, AQShning Yaqin Sharqdagi markaziy Anthropic kompaniyasining Claude AI neyrotarmog‘idan foydalangan. Centcom bu xabarni izohlashdan bosh tortdi.

Claude — maxfiy harbiy operatsiya doirasida qo‘llanilgan birinchi neyrotarmoqdir: Pentagon undan Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni olib qochishda foydalangandi.

Avvalroq Tramp barcha hukumat idoralariga Anthropic texnologiyalaridan foydalanishni taqiqlagandi. Uning fikricha, bu «radikal so‘l kompaniya» Pentagonga buyruq bergan va faoliyatini qanday olib borishi kerakligi borasida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan. AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya Pentagonga bosim o‘tkazishga va o‘z shartlariga ko‘nishga majbur qilishga uringan.

Tramp va Anthropic o‘rtasidagi nizoga sun’iy intellektdan harbiy maqsadlarda qanday foydalanish mumkinligi to‘g‘risidagi qarashlar sabab bo‘lgan. Kompaniya keskin axloqiy cheklovlarga rioya qilish, masalan, undan amerikaliklarni ommaviy ravishda kuzatish yoki avtonom o‘lim quroli tizimlarida foydalanmaslikni talab qilmoqda.

Pentagon esa butunlay boshqa fikrda va harbiy vazifalarni bajarishda har qanday vositadan foydalanishga haqqi borligini da’vo qilmoqda. Mudofaa vaziri o‘rinbosari Emil Maykl Anthropic rahbarini armiyani shaxsan nazorat qilishga urinishda ayblagan.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid