Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil Xominaiy o‘ldirilganini aytmoqda. Eron OAV u “urushni boshqarayotgani”ni ma’lum qildi
Eron oliy rahbari Ali Xominaiy Isroil va AQShning birgalikdagi hujumlari natijasida o‘ldirilganini ko‘rsatuvchi “ko‘plab belgilar bor”, dedi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu. Reuters manbasi uning jasadi topilganini iddao qildi. Xominaiyning ofisi esa “dushmanning ruhiy bosimidan ogoh bo‘lish”ga chaqirmoqda. Eron OAVga ko‘ra, oliy rahnamo harbiy harakatlarni “qat’iyat va sobitlik bilan boshqarib turibdi”.
Foto: Getty Images
Reuters'ning keltirishicha, Netanyahu millatga murojaatida shunday degan:
“Bugun ertalab zolim Xominaiyning qarorgohini vayron qildik. Bu zolim ortiq hayot emasligini ko‘rsatuvchi ko‘plab belgilar bor. Bugun ertalab oyatulloh rejimining yuqori lavozimli rasmiylari, Inqilob qo‘riqchilari qo‘mondonlari, yadro dasturidagi muhim shaxslarni yo‘q qildik va biz davom etamiz. Keyingi bir necha kun davomida terror rejimining yana minglab nishonlariga zarba beramiz”.
Isroil matbuoti hukumatdagi manbalarga tayangan holda Xominaiy o‘lgani haqida xabar bermoqda. Fox News manbasiga ko‘ra, AQShdagilar ham Eron yetakchisi o‘lganiga ishonmoqda.
Reuters agentligining manbasi Xominaiyning jasadi topilganini iddao qilgan.
Eron oliy rahbarining matbuot xizmati rahbari bularni rad etdi. “Dushman bizni ruhan sindirmoqchi, hamma ogoh bo‘lishi kerak”, dedi u.
Eronning Tasnim va Mehr axborot agentliklari xabariga ko‘ra, oliy rahnamo “qat’iyat va sobitlik bilan harbiy harakatlarni boshqarmoqda”.
AQSh va Isroilning Eronga harbiy tajovuzi 28 fevral kuni ertalabdan boshlandi. Tehron va mamlakatning bir qator shaharlarida portlashlar kuzatildi. O‘z navbatida, Eron AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalari va Isroil hududlarini nishonga olmoqda.