Jahon | 13:33
8394
2 daqiqa o‘qiladi

Minobdagi maktabga zarba qurbonlari soni 150 ga yaqinlashgani ma’lum qilindi

Isroil qizlar maktabiga 28 fevral tongida raketa zarbasi yo‘llagan, qurbonlarning aksari maktab o‘quvchilari bo‘lgani aytilmoqda.

Foto: Ali Najafi / ISNA / AFP / Scanpix / LETA

Eron prokuraturasi tomonidan keltirilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat janubidagi Minob shahrida qizlar uchun maktabga Isroil tomonidan yo‘llangan zarba oqibatida halok bo‘lganlar soni 148 kishini tashkil etmoqda, yana 95 kishi turli darajada tan jarohatlari olishgan. Bu haqda Tasnim agentligi 1 mart kuni xabar tarqatdi.

Minob okrugi prokuroriga ko‘ra, halok bo‘lganlarning aksariyati – shu maktab o‘quvchilari bo‘lishgan. Shuningdek, qurbonlar orasida o‘qituvchilar hamda o‘quvchilarning ota-onalari bor.

Isroil maktabga 28 fevral tongida raketa zarbasi yo‘llagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Minobda Islom inqilobi muhofizlari korpusi bazalaridan biri joylashgan.

AQSh va Isroil 28 fevral kuni Eronga qarshi urush boshladi. Birinchi kuni butun Eron bo‘ylab harbiy obektlar zarba ostida qolgan. Mamlakat rahbariyatining qator yuqori martabali shaxslari, jumladan, diniy rahnamo Ali Xominaiy ham halok bo‘lgan. Bunga javoban Eron qurolli kuchlari Isroilga va Amerikaning Yaqin Sharqdagi bazalariga hujumlar uyushtirdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid