Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xominaiyga suiqasd tafsilotlari ma’lum qilindi
AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) bir necha oy davomida Xominaiyni kuzatib, uning harakatlanish tartibi haqida ma’lumotlar to‘plagan. Shanba kuni Tehronda yuqori martabali mulozimlar yig‘ilishi «aniq bo‘lgach», tun qorong‘isiga rejalashtirilgan hujum vaqti o‘zgartirilgan.
Foto: US CENTCOM
Amerika Qo‘shma Shtatlari va Isroil harbiylari Eronga hujum boshlashga tayyorlanayotgan paytda, AQSh Markaziy Razvedka boshqarmasi (CIA) xodimlari bor e’tiborini eng muhim nishon – Eron oliy rahbari Ali Xominaiyning manziliga qaratgandi. Bu haqda operatsiyadan xabardor shaxslarning so‘zlariga tayanib New York Times yozmoqda.
MRB bir necha oyda davomida Xominaiyni kuzatib, uning qayerda bo‘lishi va harakatlanish tartibi haqida ma’lumot to‘plagan. Razvedkachilar so‘nggi pallada Eron yuqori martabali mulozimlari 28 fevral kuni Tehron markazidagi hukumat binolari joylashgan hududda yig‘ilishi haqida xabar topgan – Ali Xominaiy ham bu vaqtda aynan shu yerda bo‘lishi tasdiqlangan.
Bu ma’lumot har ikki davlatga muhim imkoniyat yaratgandi: bir vaqtda Ali Xominaiy va Eronning boshqa yuqori martabali mulozimlari o‘ldirilishi. Razvedka ma’lumotlaridan xabardor shaxslarning so‘zlariga ko‘ra, MRB Ali Xominaiy turgan joy haqidagi «o‘ta aniq» ma’lumotlarni Isroil harbiylariga taqdim etgan.
Isroil esa AQSh va o‘zining razvedka ma’lumotlaridan foydalangan holda bir necha oydan beri rejalashtirib kelayotgan operatsiyasini — Eron yuqori rahbariyatiga nisbatan maqsadli suiqasdni amalga oshirgan.
Dastlab hujumni tun qorong‘isida amalga oshirish rejalashtirilgandi. Lekin shanba kungi yig‘ilish haqidagi xabardan keyin hujum vaqti o‘zgartirilgan.
Mamlakat rahbarlari – Eron prezidenti ma’muriyati, oliy rahnamo idorasi va Milliy xavfsizlik kengashi joylashgan binoda uchrashishi kerak edi. Ushbu yig‘ilishda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Muhammad Pakpur, mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda, Harbiy kengash rahbari admiral Ali Shamxoniy, Aerokosmik kuchlar qo‘mondoni Sayyid Musaviy, razvedka idorasi rahbari o‘rinbosari Muhammad Sheroziy va boshqalar ishtirok etishi kutilgandi.
New York Times bilan gaplashgan manbalarga ko‘ra, operatsiya – Isroil vaqti bilan ertalabki soat oltilarda qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarilishi bilan boshlanadi. Hujumda nisbatan kam sonli samolyotlar ishtirok etishi talab etilgan. Biroq ular uzoq masofaga uchuvchi va o‘ta aniq zarba beruvchi qurollar bilan jihozlangandi.
Samolyotlar havoga ko‘tarilganidan ikki soat-u besh daqiqa o‘tib, uzoq masofali raketalar bilan nishonga zarbalar beriladi. Bu vaqtda Eron milliy xavfsizlik xizmatining yuqori martabali mulozimlari majmuadagi bir binoda, Xominaiy esa yaqin atrofdagi boshqa bir binoda bo‘lgan.
«Bugun ertalabki zarba Tehronning bir necha nuqtasida bir vaqtning o‘zida amalga oshirildi, ulardan birida Eron siyosiy-xavfsizlik elitasining yuqori martabali vakillari yig‘ilgan edi», – deyiladi NYT ko‘rib chiqqan rasmiy xabarnomada.
Eron uchun kutilmagan zarba
Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, Eron urushga tayyorlanganiga qaramasdan, Isroil qo‘qqisdan hujum qilish imkoniyati tufayli taktik ustunlikka erishgan.
Oq uy va MRB bu borada izoh berishdan bosh tortdi. Yakshanba kuni Eronning IRNA davlat axborot agentligi Xominaiydan tashqari ikki yuqori darajali harbiy rahbar – admiral Shamxoniy va general-mayor Pakpur halok bo‘lganini tasdiqladi.
Operatsiyadan xabardor shaxslar uni kuchli razvedka ma’lumotlari va bir necha oylik tayyorgarlik mahsuli sifatida ta’rifladi.
O‘tgan yil iyun oyidagi 12 kunlik urush vaqtida ham prezident Tramp AQSh harbiylari Ali Xominaiy qayerda yashiringanidan xabardorligi va uni o‘ldirish imkoniyatiga egaligini aytgandi. AQSh ma’muriyatining sobiq mulozimlaridan biriga ko‘ra, 2025 yilgi razvedka ma’lumotlari ham shanba kungi amaliyot uchun ma’lumot olingan tarmoqqa oid edi.
Xususan, o‘sha 12 kunlik urush davomida AQSh Eron oliy rahbari va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bosim ostida qanday muloqot qilishi va harakatlanishi haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lgan. Ushbu ma’lumotlardan esa Xominaiyning iziga tushish va uning harakatlarini oldindan bashorat qilish uchun foydalanilgan.
Eron razvedka idorasiga ham hujum qilingan
Manbalarga ko‘ra, AQSh va Isroil Eron razvedkasining asosiy zobitlari joylashgan manzillar haqida ham aniq ma’lumotlar to‘plagan. Xususan, shanba kuni diniy rahnamo joylashgan binoga qilingan hujumdan keyin razvedka rahbarlari bo‘lgan manzillarga ham zarba berilgan.
Manbalarga ko‘ra, Eronning eng yuqori martabali razvedka mulozimi hujumdan qochib qutulgan. Biroq Eron razvedka idoralarining yuqori bo‘g‘ini – rahbariyat tarkibi deyarli butunlay yo‘q qilingan.
NYT nashri yozishicha, oliy rahbarning hayratlanarli darajada tezda yo‘q qilinishi – hujum arafasida AQSh va Isroil o‘rtasidagi yaqin hamkorlik, razvedka ma’lumotlarining almashinuvini natijasida bo‘lgan. Boshqa tomondan ushbu operatsiya – Isroil va AQSh urushga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida aniq signallar berib turgan paytda, Eron rahbarlari yetarlicha ehtiyot choralarini ko‘rmaganini ham ko‘rsatib qo‘ydi.
Mavzuga oid
00:02
Eron zarbalari: cheklangan javobmi yoki katta urush boshlanishi?
23:50 / 01.03.2026
Yaqin Sharqdagi qator harbiy bazalar Eron hujumiga uchradi
21:38 / 01.03.2026
Tramp: Eron muzokaralarni tiklashni so‘radi
21:37 / 01.03.2026