Jahon | 13:09 / 02.03.2026
3855
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh: raketalar aviatashuvchiga yaqinlashmadi, operatsiya davom etmoqda

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Eron tomonidan uchirilgan raketalar Abraham Lincoln aviatashuvchisiga yaqinlashmaganini bildirdi. Qo‘mondonlik ma’lumotiga ko‘ra, kema samolyotlarni uchirishda davom etmoqda va operatsiya to‘xtatilmagan.

Foto: U.S. Navy/AP Photo/picture alliance

Isroil bilan hamkorlikda Eronga qarshi olib borilayotgan “Epik g‘azab” operatsiyasi doirasida AQShning uch nafar harbiysi halok bo‘ldi, besh nafari esa og‘ir yaralandi. Bu haqda yakshanba, 1 mart kuni Qo‘shma Shtatlar Qurolli kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) X ijtimoiy tarmog‘ida xabar qildi. Shuningdek, yana bir necha amerikalik harbiy xizmatchilar yengil jarohatlar va miya chayqalishi olgani, hozirda esa “o‘z xizmat vazifalarini bajarishga qaytayotgani” qo‘shimcha qilindi.

“Vaziyat beqarorligicha qolmoqda, shuning uchun oilalarga hurmat yuzasidan, yaqin qarindoshlariga xabar berilganidan keyin 24 soat o‘tmaguncha, qo‘shimcha ma’lumotlarni, jumladan halok bo‘lgan jangchilarimiz ismlarini ham oshkor etmaymiz”, — deb qo‘shimcha qildi CENTCOM.

Shu orada Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) AQSh Dengiz kuchlarining Abraham Lincoln aviatashuvchisiga to‘rtta ballistik raketa bilan zarba berilgani haqida ma’lum qildi. Ushbu kema, unda 90 tagacha samolyot va vertolyot joylashishi mumkin, yanvar oxirida Fors ko‘rfazi hududiga yetib kelgan edi.

Qo‘shma Shtatlar o‘z avianosetsi shikastlangani haqidagi ma’lumotni rad etdi. “Uchirilgan raketalar unga hatto yaqinlashmadi. Lincoln CENTCOM’ning Eron rejimi tahdidlarini bartaraf etish orqali Amerika xalqini himoya qilishga qaratilgan uzluksiz kampaniyasini qo‘llab-quvvatlab, samolyotlarni uchirishda davom etmoqda”, — dedi AQSh Qurolli kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi.

CENTCOM’ning 28 fevral kuni chiqqan xabarnomasida Eronning javob zarbalari oqibatida Yaqin Sharqdagi Amerika obektlariga yetgan zarar “minimal” ekani va “operatsiyalar yurishiga ta’sir qilmagani” aytilgan edi. O‘shanda AQSh Markaziy qo‘mondonligi amerikalik harbiylar orasida qandaydir qurbonlar haqida ma’lumotga ega emasligini bildirgan.

Isroil va Qo‘shma Shtatlar 28 fevral tongida Tehron va Eron hududidagi boshqa joylarga zarbalar bergan. AQSh prezidenti Donald Tramp Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish niyatida ekanini bildirgan. U Eron armiyasini qurolni tashlashga, mamlakat aholisini esa “taqdirini o‘z qo‘liga olish”ga chaqirgan.

Eron Qizil Yarim Oy jamiyatining 1 mart tongidagi ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar oqibatida mamlakatda 201 kishi halok bo‘lgan, yana 747 kishi yaralangan. Eron OAV Minab shahrida qizlar maktabiga raketa tushishi natijasida 100 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgani, 95 kishi yaralanganini da’vo qilmoqda. Eronning oliy rahbari — Ali Xominaiy va bir qator yuqori lavozimli kuch tuzilmalari vakillari, jumladan mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda hamda Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Muhammad Pakpur halok bo‘lgani tasdiqlangan.

Eron javoban Isroil hududiga va Yaqin Sharqdagi boshqa mamlakatlarga zarbalar bergan. Isroilda favqulodda holat e’lon qilingan. 28 fevral kechqurun Tel-Avivda turar joyga raketa urilishi oqibatida ikki ayol halok bo‘lgan. 1 mart kuni Quddus yaqinidagi Beyt-Shemesh shahrida yana bir Eron raketaci turar joy sektoriga tushgan, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 9 kishi halok bo‘lgan, 28 kishi yaralangan.

Birlashgan Arab Amirliklari va Kuvaytda Eronning havo zarbalari oqibatida bir necha kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar yaralangan. Saudiya Arabistoni, Bahrayn va Qatar shaharlarida ham portlashlar tovushi eshitilgan. AQSh harbiylari Iroq shimolidagi Arbil shahri ustida ikki dron ushlab qolinganini ma’lum qilgan. Ummon sohillari yaqinida neft tankeri yonib ketgan. Tehron arab mamlakatlariga hujumlarni inkor etdi va zarbalar faqat AQSh harbiy bazalariga qaratilganini bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid