Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShda Eron bayrog‘i tushirilgan futbolkadagi shaxs otishma uyushtirdi
Texas shtati Ostin shahridagi barga o‘q uzgan shaxs Eron bayrog‘i tasviri tushirilgan futbolka kiygan bo‘lgan. Hujumda ikki kishi halok bo‘lgan, 14 kishi yaralangan, hujum qilgan shaxsni politsiya otib o‘ldirgan. FTB buni “terrorizmning ehtimoliy akti” deb atayapti.
Tergov versiyasiga ko‘ra, AQShga ko‘chib kelgan Senegal fuqarosi, 53 yoshli Ndiaga Diagne Ostinda (Texas shtati) ikki kishini otib o‘ldirgan va yana 14 kishini yaralagan. U Eron bayrog‘i tasviri tushirilgan futbolka kiygan bo‘lgan. Bu haqda yakshanba, 1 mart kuni AP agentligi huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakiliga tayanib xabar qildi.
O‘z navbatida, internetda ekstremistlarning faoliyatini kuzatib boruvchi amerikalik SITE Intelligence Group kompaniyasi ehtimoliy hujumchi ijtimoiy tarmoqlarda “Eron rejimi”ni qo‘llab-quvvatlagan degan xulosaga kelgan.
SITE Intelligence Group qayd etishicha, u 2017 yildan boshlab Facebook’dagi postlarida “Isroil va AQSh rahbariyatiga nisbatan nafrat” ham bildirgan.
Ostin politsiyasi ehtimoliy jinoyatchini otib o‘ldirgan, u Ostindagi barga hujum qilishda to‘pponcha va miltiqdan foydalangan.
Ostin politsiyasi rahbari Liza Devisning aytishicha, gumonlanuvchi bar yonidan bir necha marta mashinada o‘tgan, keyin to‘xtab, o‘z yo‘ltanlamasi oynasidan terrasada va bino oldida turganlarga to‘pponchadan o‘q uzgan.
Shundan keyin u mashinani to‘xtatgan va miltiqdan tasodifiy yo‘lovchilarga o‘q ota boshlagan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilar uni otib o‘ldirgan, deya aniqlik kiritdi Devis.
Federal tergov byurosi (FTB) maxsus agenti Aleks Doran hujum motivatsiyasi noma’lumligini aytdi, ammo “mazkur shaxsda va uning avtomobilida terrorizm bilan ehtimoliy bog‘liqlikni ko‘rsatuvchi ashyolar topilgan”. Doranning so‘zlariga ko‘ra, gap “terrorizmning ehtimoliy akti” haqida ketmoqda.
Tergovga FTBning antiterror guruhi jalb etilgan bo‘lib, u mahalliy hokimiyatlar bilan birgalikda ish olib boradi.
AFP agentligi aniqlashtirishicha, AQSh va Isroilning Eronga bergan havo zarbalaridan keyin AQShning ko‘plab shaharlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
Isroil va Qo‘shma Shtatlar 28 fevral tongida Tehron va Eron hududidagi boshqa joylarga zarbalar bergan. AQSh prezidenti Donald Tramp Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish niyatida ekanini bildirgan. U Eron armiyasini qurolni tashlashga, mamlakat aholisini esa “taqdirini o‘z qo‘liga olish”ga chaqirgan.
Eron Qizil Yarim Oy jamiyatining 1 mart tongidagi ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar oqibatida mamlakatda 201 kishi halok bo‘lgan, yana 747 kishi yaralangan. Eron OAV Minab shahrida qizlar maktabiga raketa tushishi natijasida 100 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgani, 95 kishi yaralanganini da’vo qilmoqda. Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy va bir qator yuqori lavozimli kuch tuzilmalari vakillari, jumladan mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda hamda Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Muhammad Pakpur halok bo‘lgani tasdiqlangan.
Mavzuga oid
10:25
AQShdan deportatsiya qilingan 24 nafar o‘zbekistonlik Toshkentga qaytarildi
10:10
Kubaning energetika sohasi AQSh sanksiyalari nishoniga aylandi
08:34
Eron bo‘yicha keskin burilish: AQSh zarbalarni bekor qildi
22:12 / 11.06.2026