Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bundesver askarlari joylashgan obektlar Eron tomonidan o‘qqa tutildi
Tehron Iroqning shimolida, Arbil yaqinidagi ko‘pmillatli harbiy bazani, shuningdek Iordaniya sharqidagi bundesverning dala lagerini nishonga oldi. AFP xabar berishicha, nemis askarlari hujumlarning “bevosita nishon”i bo‘lmagan.
Foto: Michael Kappeler/dpa/picture alliance
Iroq va Iordaniyada bundesver askarlari joylashgan obektlar Eron tomonidan o‘qqa tutildi. Bu haqda yakshanba, 1 mart kuni AFP agentligi tezkor qo‘mondonlik vakiliga tayanib xabar qildi.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, bir nechta hujumlar 28 fevral va 1 mart kunlari Iroq shimolidagi Arbil shahri yaqinida joylashgan ko‘pmillatli harbiy bazaga, shuningdek Iordaniya sharqidagi bundesverning dala lageriga qarshi amalga oshirilgan.
“Ikkala obektda ham havo hujumidan mudofaa choralari ko‘rilgan”, — deya ta’kidladi agentlik suhbatdoshi. “Joydagi askarlar panohgohlarda xavfsiz holda turibdi va o‘zlarini yaxshi his qilyapti”, — deb qo‘shimcha qildi u.
Manbaga ko‘ra, missiyalar uchun “muhim hisoblangan jihozlar”ga hech qanday shikast yetgani qayd etilmagan. AFP suhbatdoshi ta’kidlashicha, bundesver askarlari hujumlarning “ochiq-oydin bevosita nishoni” bo‘lmagan.
O‘tgan hafta ehtiyot chorasi sifatida obektlardan missiyalar uchun mutlaqo zarur bo‘lmagan xodimlar olib chiqilgan. Agentlik aniqlashtirishicha, hozirgi bosqichda qo‘shimcha evakuatsiya qilish imkoni yo‘q.
“Biz vaziyatni diqqat bilan kuzatyapmiz va baholayapmiz, joydagi askarlarimiz bilan, shuningdek hamkorlarimiz bilan yaqin aloqada turibmiz”, — dedi manba.
Uning aytishicha, Arbilda bir necha o‘n nafardan ortiq bo‘lmagan bundesver askari qolgan, Iordaniyada Azraq shahri yaqinidagi lagerda esa taxminan 100 nafar lyuftvaffe (Germaniya harbiy-havo kuchlari) xizmatchilari joylashgan.
Isroil va AQSh bir necha haftalik tahdidlardan keyin 28 fevral kuni Eronga qarshi yirik miqyosda havo zarbalarini yo‘lladi. Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp Eron armiyasini qurolni tashlashga, Islom Respublikasi aholisini esa “taqdirini o‘z qo‘liga olish”ga chaqirdi. Bir qator OAV ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalarning nishonlari orasida Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy va mamlakat prezidenti Mas’ud Pizishkiyon bo‘lgan. Tehronda Xomanaiy halok bo‘lgani tasdiqlangan.
Eron javoban Isroilga va Yaqin Sharqdagi qator davlatlarda joylashgan AQSh harbiy bazalariga qarshi hujumlar uyushtirdi. Isroilda favqulodda holat e’lon qilingan. Eronning javob zarbalari mintaqaga kiruvchi boshqa mamlakatlarga ham ta’sir ko‘rsatgan.
Mavzuga oid
11:24
Eron hukumati: AQSh bilan muzokara olib borilmaydi
10:51
Iordaniya va Bahraynda bo‘lgan fuqarolarga xavfsizlik bo‘yicha tavsiyalar berildi
10:41
Germaniya kansleri AQSh va Isroilning Eronga qarshi operatsiyasini qo‘llab-quvvatladi
10:06