Jahon | 20:57 / 02.03.2026
4132
7 daqiqa o‘qiladi

Minobdagi maktabga zarba. Bu haqda nimalar ma’lum?

Yaqin Sharqdagi urushning ilk kunida Erondagi qizlar uchun maktab zarbaga uchradi. Bu bino Islom inqilobi qo‘riqchilari bazasi yaqinida joylashgandi. Eron hukumatiga ko‘ra, zarba oqibatida 175 kishi halok bo‘lgan.

Abbas Zakeri / Mehr News / WANA / Scanpix / LETA

28 fevral tongida, mahalliy vaqt bilan soat 8 va 10 oralig‘ida AQSh va Isroil Eron janubida, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan 30–40 kilometr masofada joylashgan Minob shahriga raketa zarbasi yo‘lladi. Raketa qizlar uchun ixtisoslashgan «Shajara Toyyiba» (Shajareh Tayyebeh) maktabiga kelib urilgan, bu vaqtda maktabda darslar boshlangandi.

Eron davlat nashrlarining dastlabki xabarlarida zarba vaqtida maktab hududida bo‘lgan 40 kishi halok bo‘lgani aytildi. Qurbonlarning aksari o‘quvchilar edi, shuningdek, maktab xodimlari hamda ota-onalar ham halok bo‘lgan, degan Minob okrugi prokurori.

Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga aloqador sanalgan Tasnim agentligi 1 mart kuni hujum oqibatida 148 kishi halok bo‘lgani va 95 kishi yaralangani haqida xabar tarqatdi. Xabarlarda qurbonlarning aynan qanchasi o‘quvchilar ekaniga oydinlik kiritilmagan.

IRNA davlat axborot agentligi xabarida hodisa joyida tozalash ishlari davom etayotgani, xarobalar ostidan yangi jasadlar chiqishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Eron ta’lim vazirligi 2 mart kuni jami qurbonlar soni 175 kishini tashkil etayotganini xabar qildi.

Hozirda qurbonlar va yaralanganlar soni haqidagi ma’lumotlarni mustaqil tekshirish imkoniyati yo‘q. Eron hukumati xalqaro nashrlar xodimlariga viza bermay keladi, shu tufayli ushbu mamlakatdan axborot olish imkoniyatlari juda cheklangan.

Amerika va Isroil tomoni hozircha Minob bo‘ylab zarbani izohlamadi. AQSh harbiylari The Washington Post muxbirining so‘roviga javoban ushbu hujum haqidagi xabar «tekshirilayotgani»ni ma’lum qilgan.

Minobga zarba berilishi bilanoq ijtimoiy tarmoqda voqea joyida olingan video paydo bo‘ldi. BBC jurnalistlari bino quyuq tutun ichida qolgani va odamlar baqirayotgani aks etgan rolik chindan ham ushbu maktab hududida olinganini tasdiqlashgan. The Washington Post tahririyati ham yana bir video aynan shu joyda olinganini tasdiqlagan: unda minobliklar zarba kelib tushgan joydan qochayotgani aks etgan. Factnameh faktcheking xizmati tarmoqda paydo bo‘lgan roliklarni boshqa kadrlar bilan solishtirdi va ularning haqiqiyligini tasdiqladi. Reuters agentligi ham videomateriallar ushbu maktab hududida olinganini tasdiqlagan.

Eron nashrlari e’lon qilgan boshqa kadrlarda xarobalar orasida qonga belangan ryukzaklar yotgani va qoplarga solingan jasadlar ko‘ringan. Reuters agentligi e’lon qilgan fotolardan birida esa yosh bolaning qo‘lini ko‘rish mumkin.

Sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlar va ochiq manbalardagi materiallarga ko‘ra, «Shajara Toyyiba» maktabi Islom inqilobi muhofizlari korpusi bazasi joylashgani taxmin qilinadigan bino yaqinida joylashgan. The Washington Post bilan anonim tarzda suhbatlashgan eronlik mulozim maktab yonida «kichik tibbiyot markazi» joylashganini aytgan. U shu atrofda Islom inqilobi muhofizlari korpusi borligini tasdiqlamagan va rad ham etmagan, ammo shunday bo‘lishi mumkinligini aytgan.

AQSh va Isroilning raketa zarbasidan keyin Minobdagi manzara. 2026 yil 28 fevral
Abbas Zakeri / Mehr News / WANA / Scanpix / LETA

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon Isroil va AQShning Minobdagi maktabga zarbasini «varvarlik akti» va «agressorlar tomonidan sodir etilgan behisob jinoyatlar ro‘yxatidagi yana bir sahifa» deb atagan.

Ali Najafi / ISNA / AFP / Scanpix / LETA

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida hujum joyidan fotosurat joylashtirgan va Minobda «begunoh bolalar» o‘ldirilganini aytgan. «Eron xalqiga qarshi bu jinoyat jazosiz qolmaydi», – deya qo‘shimcha qilgan Aroqchi o‘z postida.

Minob aholisi vakillari va qutqaruvchilar zarbaga uchragan maktab o‘rnidagi xarobalarni tozalamoqda. 2026 yil 28 fevral
Abbas Zakeri / Mehr News / WANA / Scanpix / LETA

Qatardagi «Al-Jazira» telekanali muxbiri, shu kunlarda Tehronda bo‘lgan Muhammad Vall bunday hujumlar AQSh va Isroilning zarbalari «faqat harbiy obektlarga qaratilgani» va ular «Eron xalqini emas, rejimni jazolashga harakat qilayotgani» haqidagi da’volariga shubha uyg‘otishini aytgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda xorijda yashovchi eronliklar AQShni ham, Isroilni ham Minobdagi maktabga hujum uchun qoralagan. Ayrimlar esa amerikalik va isroillik harbiylarni emas, Erondagi rejimni ayblagan. Quyida shunday postlardan ayrimlari keltiriladi:

  • «Minobdagi 40 nafar qiz bu urushning dastlabki qurbonlari bo‘lishdi. Siz bu urushni qo‘llab-quvvatlaysizmi?»
  • «Maktabga zarbani davlat bermagan bo‘lsa ham, Minobdagi bolalar o‘limi uchun javobgarlik Islom Respublikasi zimmasida. Odamlar boshpanasiz qolishdi, internet o‘chirildi, telefon aloqasi ishlamayapti va bolalar maktabga bormasligi kerakligi haqida hech qanday ogohlantirish bo‘lmagan. Bunday sharoitda uyda qolish minimal talab bo‘lishi kerak».

Qizil Yarimoy jamiyatining Erondagi bo‘limi bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 28 fevraldan beri AQSh va Isroil zarbalari oqibatida 555 kishi halok bo‘ldi. Qurbonlarning jasadlarini vayronalar ostidan chiqarib olish davom etmoqda. Qidiruv-qutqaruv ishlariga favqulodda vaziyatlar xizmatlarining 100 mingdan ortiq xodimi jalb qilingan. Urushning birinchi kunida Eronda 201 kishi halok bo‘lgani va 740 dan ortiq odam tan jarohati olgani haqida xabar qilingandi.

Eronning BMTdagi elchisi Amir Said Iravoniy tashkilot Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishida «Amerika va Isroil rejimlarining tajovuzkorligi va dahshatli jinoyatlari» oqibatida yuzlab kishilar qurboni bo‘lganini aytdi. Eron sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’lim vazirligi esa tinch aholi vakillaridan minglab kishilar halok bo‘lgani va jarohatlanganini ma’lum qilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid