Jahon | 14:13
2124
6 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda AQSh va Isroilga qarshi namoyishlar: 23 kishi halok bo‘ldi

AQSh-Isroilning Erondagi bombardimon amaliyotiga qarshi Pokistondagi namoyishlar zo‘ravonlikka aylanib ketdi. Karachidagi AQSh konsulligi qo‘riqchilari bostirib kirgan namoyishchilarga o‘q uzdi: 10 kishi halok bo‘lgan. Skardu shahrida esa Eron tarafdorlari BMT idorasiga o‘t qo‘ydi.

Karachidagi namoyishlar / Foto: Reuters

Yakshanba kuni Pokiston va Iroqda AQSh-Isroilning Erondagi bombardimon amaliyotiga qarshi namoyishlar zo‘ravonlikka aylanib ketdi. Eronning sharqiy va g‘arbiy qo‘shnilari bo‘lgan Pokiston va Iroq Erondan keyin dunyodagi eng ko‘p shia musulmonlari yashaydigan davlatlar bo‘lib, AQSh-Isroil hujumlaridan g‘azablangan olomonning eng shiddatli tartibsizliklari maydoniga aylandi.

Karachidagi namoyishlar / Foto: Reuters

Xususan, Karachidagi namoyishchilar AQSh konsulligi oldida «Amerika va Isroilga o‘lim!» deya hayqirishgan. Reuters muxbirlari u yerda o‘q ovozlari eshitilgani va atrofdagi ko‘chalarda ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llanganiga guvoh bo‘lgan.

Karachidagi namoyishchilar AQSh konsulligiga kirishga urinmoqda / Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Mahalliy hukumat vakili Suxdev Xemnanining aytishicha, konsullik xavfsizlik xodimlari tashqi xavfsizlik qatlamini buzib kirgan va keyinchalik orqaga qaytarilgan olomonga qarata o‘t ochgan. Oqibatda 10 kishi halok bo‘lgan, yana 34 kishi jarohatlangan.

Karachidagi AQSh konsulligi / Foto: AFP

Namoyishchilar, shuningdek, asosiy darvoza oldida bir transport vositasiga o‘t qo‘ygan va politsiya bilan to‘qnashgan.

Karachidagi fuqarolik kasalxonasi barcha halok bo‘lganlar va yaradorlar o‘q tegishi natijasida jabrlanganini bildirdi. Sind provinsiyasi hukumati surishtiruv o‘tkazishni buyurdi.

Karachidagi namoyishlar / Foto: Reuters

«Biz konsullik rasmiylari bilan doimiy aloqadamiz. Ularning barchasi xavfsiz joyda», - deya qo‘shimcha qildi Xemnani.

AQShning Islomoboddagi elchixonasi namoyishlar haqidagi xabarlarni kuzatib borayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, AQSh fuqarolariga shaxsiy xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishni tavsiya etdi.

BMT idorasiga o‘t qo‘yildi

BMT binosiga o‘t qo‘yilgan Skardu shahri shimoldagi Gilgit-Baltiston hududida joylashgan bo‘lib, bu Pokistonning shialar ko‘pchilikni tashkil etadigan yagona provinsiyasidir.

Skardu shahridagi yong‘in / Foto: Dawn

«BMT idorasi oldida ko‘p sonli namoyishchilar to‘planib, binoni yoqib yuborishdi», - dedi mahalliy hukumat vakili Shabbir Mir Reuters agentligiga. 11 kishi halok bo‘lgani haqidagi ma’lumotni hukumat va razvedka rasmiylari anonimlik sharti bilan taqdim etdi.

Bu shaharda BMTning Hindiston va Pokistondagi harbiy kuzatuvchilar guruhi (UNMOGIP) hududiy bo‘limi joylashgan.

Islomobodda 2 kishi qurbon bo‘ldi

Poytaxt Islomoboddagi diplomatik missiyalar joylashgan «Qizil zona»ga olib boruvchi barcha yo‘llar ham transport harakati uchun yopildi. Minglab namoyishchilar diplomatik hududga qarab yurish qilishga uringanda politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va jangovar o‘qlardan foydalandi. Natijada ikki kishi halok bo‘ldi va 10 ga yaqin kishi yaralandi, dedi ikki rasmiy anonimlik sharti bilan.

Lahordagi namoyishlar / Foto: AP Photo

Pokistonning boshqa hududlarida ham namoyishchilar qora bayroqlar ko‘tarib, AQSh va va Isroilga qarshi shiorlar bilan ko‘chalarga chiqdi. Markaziy Lahor shahrida yuzlab odamlar AQSh konsulligi oldida to‘plangan. Politsiya bilan kichik to‘qnashuvlarda ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatilgan.

Lahordagi namoyishlar / Foto: AP Photo

Pokiston ichki ishlar vaziri Mohsin Naqvi namoyishchilarni tinchlikni saqlashga chaqirdi. «Biz siz bilanmiz, har bir pokistonlik Eron xalqi kabi motamda», deya qo‘shimcha qildi u.

Lahordagi namoyishlar / Foto: AP Photo

Boshqa joylarda, Eron ta’siri bo‘lgan mamlakatlarda ham namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Xususan, Bag‘dodda AQSh elchixonasi joylashgan «Yashil zona» diplomatik majmuasi tashqarisida yuzlab odamlar to‘plangan.

Bag‘dodda «Yashil zona»ni himoya qilayotgan politsiya / Foto: AP Photo
Bag‘doddagi namoyishlar / Foto: Reuters

Iroq politsiyasi namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalardan foydalandi.

Bag‘doddagi namoyishlar / Foto: Reuters

Nigeriyaning shia musulmonlari ozchilikni tashkil etadigan Kano shahrida esa minglab odamlar Eron bayroqlari va Xominaiyning suratlarini ko‘tarib, tinch yurish qildi.

Karachidagi namoyishlar / Foto: Reuters

Boshqalar uchun bayram

Ammo G‘arb davlatlarida va eronlik muhojirlar ko‘p yashaydigan boshqa hududlarda ko‘pchilik bayram qilish uchun ko‘chaga chiqdi.

Parijda minglab odamlar Eronning inqilobdan oldingi monarxiya bayroqlarini hilpiratdi, ayrimlari qo‘llarida qizil gullar ko‘tarib olgandi.

Parijdagi namoyishlar / Foto: AFP

Reutersʼning yozishicha, Parijdagi olomon orasida ba’zi odamlar Eron diniy boshqaruvi davrida o‘ldirilgan yaqinlarining suratlarini ko‘tarib olishgan edi. Boshqalar esa Isroil, AQSh va Fransiya bayroqlarini hilpiratishdi.

Parijdagi namoyishlar / Foto: AFP

Lissabonda eronlik muhojirlar ham Eron elchixonasi oldida to‘plandi: tuni bilan raqs tushib, shiorlar aytib chiqishgan. 

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid