Jahon | 22:18 / 02.03.2026
4249
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQSh Eronga hali jiddiy zarba berishni boshlamaganini aytdi

U «zarbalarning katta to‘lqini»ni va’da qilgan va AQSh Eron hududiga qo‘shin kiritishi ehtimolini istisno qilmagan.

Foto: Getty Images

AQSh hali Eron bo‘ylab jiddiy zarbalar berishni boshlamadi, dedi Donald Tramp CNN telekanaliga telefon orqali bergan intervyusida.

Prezident amerikalik harbiylar Eronni «axlatdan tozalayotgani», ammo zarbalarning «katta to‘lqini» hali oldinda ekanini aytgan.

«O‘ylaymanki, barchasi juda yaxshi ketmoqda. Bu juda kuchli bo‘ldi. Bizda dunyodagi eng kuchli armiya bor va biz undan foydalanamiz», – degan Tramp CNN jurnalisti Jyeyk Tapperga.

AQSh Eron xalqiga rejimni ag‘darishda yordam berish uchun harbiy harakatlardan tashqari yana qandaydir harakatlar qilinyaptimi deya berilgan savolga Tramp tasdiq ma’nosida javob qaytargan, ammo bu bilan nimani nazarda tutganiga aniqlik kiritmagan. «Ammo hozir barcha uyida qolishini xohlaymiz. Chunki ko‘cha xavfsiz emas», – degan u.

«Biz hali ularga jiddiy zarba berishni boshlaganimiz ham yo‘q. Katta to‘lqin hali boshlangani yo‘q. Katta to‘lqin kelmoqda», – deya qo‘shimcha qilgan AQSh prezidenti.

Hozircha Tramp uchun «eng katta syurpriz» Eronning mintaqadagi arab mamlakatlariga – Bahrayn, Iordaniya, Kuvayt, Qatar va BAAga hujum qilishi bo‘lgan. «Biz ajablandik. Biz ularga „barchasini hal qilishimiz“ni aytdik, endi esa ular (Fors ko‘rfazi davlatlari) jang qilmoqchi».

New York Post uchun intervyusida esa AQSh rahbari «agar zarurat tug‘ilsa», quruqlik amaliyoti o‘tkazish uchun Eronga Amerika qo‘shini yuborilishini istisno qilmasligini aytgan.

«Boshqa istalgan prezident Eron hududiga quruqlik qo‘shinlari kirmasligini aytgan bo‘lardi. Men esa bunday demayman», – degan Tramp.

AQSh va Isroil 28 fevral kuni Erondagi harbiy obektlarni o‘qqa tutdi, shuningdek, mamlakat rahbariyatining muhim vakillarini, jumladan, diniy rahnamo Ali Xominaiyni o‘ldirdi. Bunga javoban Tehrondagilar raketa va dronlar bilan Isroildagi obektlarga hamda AQShning mintaqadagi bazalariga zarbalar bermoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid