Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampning urushi: maktabga hujum dunyoni larzaga soldi
AQSh va Isroil boshlagan Yaqin Sharqdagi urush uchinchi kunki davom etmoqda. Urush barcha pardalarni ko‘tardi, endi hamma bir-biriga bor kuchi bilan raketa otishga kirishdi. Ali Xominaiy o‘ldi, Eron arab davlatlaridagi Amerika bazalariga hujum qilyapti, Saudiyadagi dunyoda eng katta neftni qayta ishlovchi zavodga hujum qilindi, Amerika harbiylarini yo‘qota boshladi, Erondagi maktabda yuzlab bolalar o‘ldi.
Barcha pardalar ko‘tarildi
Biz Ukrainadagi urush haqidagi mulohazalarda bir gapni ko‘p aytamiz: 2022 yil 24 fevral kuni dunyoda barcha siyosiy pardalar ko‘tarildi. Chunki o‘sha kuni barcha zamonaviy dunyoda bir davlat boshqasiga hujum qilsa, bor kuchi bilan bostirib kirsa, hech nima bo‘lmasligi, siyosiy muvozanat haqida aytilgan gaplar safsata ekanini ko‘rdi. O‘shandan keyin dunyoda juda ko‘p urushlar alanga oldi, xuddi katta hisob-kitob boshlangandek.
Eron va AQSh, Isroil va Eron dushman ekani azaldan ma’lum. Tehronda islom inqilobi sodir bo‘lib, yangi hukumat kelgan olis 1979 yildan buyon bular uchovi dushman. 40 yillik dushmanlik tarixida Eron proksi kuchlar orqali Isroil bilan urushib keldi, har zamonda Tehronda isroilliklarning terakt ko‘rinishida operatsiyalari bo‘lib turdi. Lekin to‘g‘ridan-to‘g‘ri, yoppasiga urush bo‘lmagandi.
O‘tgan yil yozda barchasi o‘zgardi. Amerika prezidentligiga do‘sti Tramp qaytganidan quvvatlangan Binyamin Netanyahu Eronga raketa yog‘dirdi. Eron avvallari bayonotlar bilan cheklanar, Isroil G‘azoga bostirib kirganida ham hech nima qilmagandi. Vaholanki HAMASni qo‘llovchi asosiy davlat Eron edi. Falastin yerlarida boshlangan urush Tehronning reputatsiyasiga jiddiy zarar yetkazdi, «Bular faqat bayonot bilan cheklanadi, hech qanaqa kuchi yo‘q», deyishdi. Lekin Isroil raketalari Tehron osmonida ucha boshlagach, eronliklar ham jangga kirishdi, Isroilga raketa uchirdi.
O‘sha urush ikki haftada tugagandi, lekin hozir vaziyat boshqacha. Yaqin Sharqda davlatlar munosabatlarini yashirib turgan eng nozik pardalar ham ko‘tarildi, endi kim kimga dushman ekanini ochiq ko‘rsatmoqda. Eron oliy rahbari o‘ldirilgach, arab davlatlaridagi Amerika bazalarini nishonga olyapti. Tehron endi ochiqchasiga arab davlatlariga «Amerika hujumiga yordam berganingiz, o‘z yerlaringizdan ularga baza berganingiz uchun shaharlaringizni jahannamga aylantiramiz», deyapti. Arab olamining eng mashhur shahri Dubay bugun sharpalar shahriga aylangan. Shahar ko‘chalari bo‘sh, har zamonda qayergadir raketa tushadi. Ana u mashhur «Burj al arab» mehnonxonasida ham portlash bo‘ldi.
Dushanba kuni Saudiyadagi Aramco neft zavodiga Eron droni hujum qildi. Ma’lumot uchun, bu dunyodagi eng katta neftni qayta ishlash zavodi. Neft narxi osmonga uchishni boshladi (aytgancha, neft narxi oshayotganidan bir davlat maza qilyapti). Mintaqadagi ikki eng katta davlat Saudiya va Eron. Aramco zavodiga odatda Yamandan turib hujum qilinardi, lekin bu gal hujum to‘g‘ridan-to‘g‘ri Erondan turib amalga oshirildi.
Tramp Eronga hujum qilganidan keyin Tehron arablarni shunaqa o‘qqa tutyaptiki, bir qarashda Eron — arab urushi boshlanib ketgandek. Lekin arab davlatlari Eronga javob bergani yo‘q. Ishoning, berolmaydi ham. Arab davlatlari mudofaasini to‘laligigacha Amerikaga ishonib qo‘ygan, katta ehtimol hujum bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilolmaydi ham.
Shu o‘rinda bir mulohaza: arablar to‘laligicha Amerika qurollari bilan jihozlangan, lekin Eron raketalari guvullab neft va harbiy obektlarni portlatmoqda. Dubaydagi zarba natijasida amerikalik yuqori martabali MRB ofitserlari ham o‘lgan. Demak Amerika qurollari ham juda maqtanadigan emaskan-da, to‘g‘rimi?
E’tibor beryapsizmi, Eron avvallari bunaqa intensivlik bilan hujum qilmasdi, juda cheklangan miqdorda raketa otardi. Hozirgi hujumlarni ko‘rgan odam demak Ali Xominaiy harbiylarni katta hujumdan tiyib turgan ekan, deb o‘ylashi mumkin.
Qizlar maktabiga hujum
Amerika va Isroil hujumi vaqtida raketalardan biri Minob shahridagi qizlar maktabiga tushgan. Eron rasmiy nashrlariga ko‘ra, kamida 150 nafar odam halok bo‘lgan, yuzlab odamlar yaralangan. Qurbonlarning aksari yosh-yosh o‘quvchi qizlar. Bu haqda dunyodagi jiddiy nashrlar ham yozib chiqdi, fors nashrlari maktabdan olingan kadrlarni e’lon qilyapti.
Bu hodisa Amerika va Isroilning Eronga qarshi urushidagi eng dahshatli epizodga aylandi. Ba’zi nashrlar «kadrlar boshqa shaharda olingani, maktabga Eron harbiylarining raketasi tushgani» haqida versiyalar e’lon qilyapti, lekin endi bunaqa gaplar bilan hech kimni oqlab bo‘lmaydi. Urush bo‘lmaganida hech kimning raketasi begunoh maktab bolalarini o‘ldirmasdi. Bu kimning raketasi bo‘lgani endi muhim emas, yuzlab qizchalar o‘limida ikki inson aybdor: Donald Tramp va Binyamin Netanyahu, bo‘ldi, boshqacha bo‘lishi mumkin emas.
Esingizda bo‘lsa, yaqinda Eronda hukumatga qarshi namoyishlar sodir bo‘lgan, minglab odamlar o‘lgandi. O‘shanda Tramp eronliklarga yordam yo‘lda, degan, lekin hech qanday yordam bermagandi. Kecha Isroil bosh vaziri Netanyahu chiqib eronliklarga murojaat qildi va bezbetlarcha «Bu siz kutgan yordam», deb aytdi. Eronliklar qachon sizdan maktabga raketa oting deb so‘ragandi?
Tramp va Netanyahu eronliklarni hozirgi xaos fonida hukumatni qo‘lga olishga chaqirdi, lekin Eron ko‘chalarida hukumatga qarshi odamlar yo‘q, hukumatni egallashga urinish ham yo‘q. Qaytanga Tehron oldingidan ham ko‘proq vajohat bilan hujum qilmoqda. Bir mamlakatga raketa yog‘dirib o‘sha mamlakat fuqarolariga «Biz sizlarga yordam beryapmiz, ozod qilyapmiz», degan gapni oldin ham bir davlatdan eshitganmiz. Bunaqa ishlardan keyin raketa otganga nafrat kuchayadi, qaytanga jamiyatni ularga qarshi birlashtirish osonroq bo‘ladi. Hech kim ko‘z o‘ngida maktab bolalarini o‘ldirgan davlatni do‘st deb bilmaydi.
Bu kimning manfaati o‘zi?
Donald Tramp kutilganidek Eronga hujum uchun Kongress ruxsatini so‘ragani yo‘q. Barchasini mustaqil boshladi, faqat operatsiya vaqtini do‘sti Netanyahu bilan muhokama qilgan. Va Amerika jamiyatida, siyosatchilarida savol paydo bo‘lyapti: bu urush hech qanaqasiga Amerika manfaatlariga mos emas, urush kimning manfaati uchun bo‘lyapti o‘zi? Keling, janoblar, mister Tramp sizga aytmaydigan javobni men aytay, Isroil manfaati uchun, Binyamin Netanyahuning manfaati uchun!
Har qancha dahshatli bo‘lmasin, juda tor doiradagi odamlar guruhi butun Yaqin Sharqni jahannamga aylantirish bo‘yicha qaror qilgan. Ular tabiiyki demokratiyaga ham, xalqaro huquqqa ham tupurgan. Qizig‘i, Tramp o‘tgan yil yozda Eronga hujum qilganida «Tehron yadro dasturini yo‘q qilganini» aytgandi. Lekin endi «Hujum qilmasak, Eron ikki haftada yadro quroli yasardi», deb turibdi. Erondagi raketa otadigan hududlarni yo‘q qildik, deyishgandi, lekin Eron buncha raketalarni qayerdan turib otyapti? Bu boloxonador bayonotlarning barchasi general Konashenkovning chiqishlarini eslatib yuboryapti...
Jahon urushimi?
Ko‘pchilik hozirgi urush fonida bir narsa haqida o‘ylamoqda — uchinchi jahon urushi boshlandimi? Yo‘q, azizlar. Jahon urushi bo‘lishining har qancha g‘alati bo‘lmasin, o‘z talablari bor. Avvalo ikki tomonda alohida davlatlar emas, katta-katta koalitsiyalar urushishi kerak. Jahon urushlarining asosiy xususiyati — ular dunyo xaritasini o‘zgartirish uchun boshlanadi. Hozir esa ikki davlat bir davlatga hujum qilyapti, o‘sha bir davlat o‘nlab davlatga raketa otyapti, bu o‘nlab davlatlar esa boyagi hujum qilgan davlatlardan biri nima qilarkin deb javob ham bergani yo‘q. Bunda mintaqaviy urush elementlari bor, lekin ko‘p davlatlar o‘z hududiga raketa tushganiga jim qarab turgani uchun buni mintaqaviy urush deb ham bo‘lmaydi.
Xullas, Donald Tramp juda yomon urush boshladi. Ko‘ramiz, noyabrdagi oraliq saylovlarda Amerika fuqarolari bugungi dahshatga reaksiya bildirarmikin? Yoki hamon ular uchun tuxum narxi oshishi hammasidan muhimroqmikin?..
Mavzuga oid
23:17 / 02.03.2026
Biz oson g‘alaba qozonamiz – Tramp urush boshlanganidan keyin ilk marta jonli efirda nutq so‘zladi
22:50 / 02.03.2026
“Dubay va Abu-Dabi portlagan raketa hidiga to‘lib ketdi” – qozog‘istonlik jurnalist
22:18 / 02.03.2026
Tramp AQSh Eronga hali jiddiy zarba berishni boshlamaganini aytdi
20:57 / 02.03.2026