Jahon | 11:05
3915
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil Eronga qarshi “keng ko‘lamli zarbalar to‘lqini” haqida e’lon qildi

Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) Tehrondagi infratuzilma obektlariga qarshi “yirik ko‘lamli zarbalar to‘lqini” amalga oshirilganini ma’lum qildi. 

Foto: Atta Kenare/AFP/Getty Images

Isroil harbiylari zarbalar boshlanganini 3 mart, seshanba kuni e’lon qilgan, soat 20:00 da hujumlar to‘xtagani TSAHAL matbuot xizmati Telegram-kanalidagi xabarlarda aytildi.

Armiya vakillari ma’lum qilishicha, Tehron va Eron poytaxtidan 440 km uzoqlikda joylashgan Isfahonga zarbalar “aniq razvedka ma’lumotlari” hisobga olingan holda berilgan. Natijada “Eron rejimi qurol-yarog‘, jumladan ballistik raketalar ishlab chiqarishda foydalanadigan sanoat obektlari” nishonga olingan. Tehronning sharqiy va janubi-sharqiy qismlarida portlashlar bo‘lgani haqida AFP agentligi ham xabar bermoqda.

Aytilishicha, faqat Isfahonning o‘zida TSAHAL “o‘nlab nishonlar”ga, jumladan raketalarni uchirish qurilmalari va omborlarga zarba bergan. Ularning biri, TSAHAL ta’kidlashicha, Isroil nazoratidagi Jo‘lan tepaliklari tomon yo‘naltirilgan bo‘lgan.

Eronning Tasnim va Mehr agentliklari ma’lumotiga ko‘ra, AQSh va Isroil aviazarbalaridan birining nishonlaridan biri Qum shahrida (Tehrondan taxminan 125 km) joylashgan Ekspertlar kengashi binosi bo‘lgan. Bu — mamlakatning oliy rahbarini saylaydigan davlat organi. Yangi saylov zarurati Eronni 1989 yildan beri boshqarib kelgan Ali Xominaiy halok bo‘lganidan keyin paydo bo‘lgan, u 2026 yil 28 fevraldagi Amerika-Isroil zarbalari paytida o‘ldirilgani aytilgan.

Qayd etilishicha, 3 martdagi zarba mahalliy vaqt bilan soat 16:40 (Toshkent vaqti bilan 18:10)da amalga oshirilgan. Tasnim ma’lumotiga ko‘ra, hujum paytida binoda hech kim bo‘lmagan. Mehr esa bu bino umuman yig‘ilishlar uchun ishlatilmasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Tasnim'ning yozishicha, o‘qqa tutish paytida turar joy uylari va do‘konlar ham zarba ostida qolgan, natijada bir necha tinch aholi vakillari jabrlangan.

Islom huquqi bo‘yicha mutaxassis deb hisoblanadigan 88 kishidan iborat Ekspertlar kengashi Eron fuqarolari tomonidan har sakkiz yilda bir marta saylanadi. Oxirgi saylovlar 2024 yilda o‘tgan. Ushbu davlat organi mamlakatning oliy rahbarini tayinlaydi, bu lavozim umrbod hisoblanadi. 1989 yildan beri Eronni boshqarib kelgan Ali Xominaiy halok bo‘lganidan keyin, yangi rahbar eng yaqin muddatlarda saylanishi kerak edi.

Voris tayinlangunga qadar Eronni uch kishidan iborat o‘tish davri kengashi boshqaryapti: prezident Mas’ud Pezeshkiyon, Ekspertlar kengashi a’zosi Alirizo Arofiy va sud hokimiyati rahbari G‘ulom Husayn Muhsiniy.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid