Jahon | 20:51 / 04.03.2026
4416
5 daqiqa o‘qiladi

“Men ko‘rgan hujjatlarda urushning bo‘lishi aniq edi” – amerikalik siyosatshunos  

Muzokaralar hali oxiriga yetmagan bir onda AQSh-Isroil birgalikda Eronga hujum qildi. Harbiy mojaro hozir butun Yaqin Sharqni qamrab olgan. Kun.uz bilan gaplashgan AQShning Pitsburg universiteti professori, siyosatshunos Jyennifer Brik Murtazashviliga ko‘ra, Tramp Xominaiyni o‘ldirib, juda xavfli tavakkalga qo‘l urdi. Biroq, Xominaiysiz tuzum qulasa kerak, men ko‘rgan hujjatlarda urush tayin edi, deydi professor.

Eron oliy rahnamosining o‘ldirilishi hech qaysi xalqaro huquq normalariga mos kelmaydi, biroq AQSh-Isroil uni yadroviy qurol tayyorlayotganlikda va vahshiylikda aybladi. Kun.uz bilan suhbatlashgan AQShning Pitsburg universiteti professori, siyosatshunos Jyennifer Brik Murtazashviliga ko‘ra, Trampning to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xominaiyni nishonga olishi va o‘ldirishi – juda xavfli tavakkal. Shuningdek, Erondagi tuzum Xominaiysiz qulashi mumkin, deydi u. 

- Sizningcha, Eron oliy rahbari Xomanaiyning o‘ldirilishi Erondagi hozirgi siyosiy tuzumning qulashiga olib keladimi?

“Ha, shunday deb o‘ylayman, olib keladi. Menimcha, biz tuzumning qulashini ko‘rishni boshlayapmiz, chunki Xomanaiy xarizmatik yetakchi edi, endi esa biz Eron ichida qandaydir o‘zgarishlarni ko‘ra boshladik. Bu qaysi yo‘nalishda ketishini aytish hozir juda qiyin. Prezident Tramp Xominaiyni o‘ldirishda, shubhasiz, juda xavfli, juda-juda xavfli tavakkalga qo‘l urdi. O‘ylaymanki, ular keyin nima bo‘lishini aniq tushuntirishadi. Qo‘rqamanki, bu Eron va uning xalqi uchun oldinda juda qiyin yo‘l bo‘lib qolishi mumkin”, – Jyennifer Brik Murtazashvili, AQShning Pitsburg universiteti professori, siyosatshunos. 

Donald Tramp Eronga to‘g‘ridan-to‘g‘ri urush ochgan hamda na Kongress, na BMT Xavfsizlik kengashi rasmiy ruxsatisiz “harbiy operatsiya”ni boshlagan birinchi AQSh prezidenti bo‘ldi. Professor Murtazashvilining qo‘shimcha qilishicha, Eron bilan mojaroning asl ildizi – 1979 yilgi inqilobga borib taqaladi va o‘shandan beri ikki davlat bir-biriga yopishib olgan. 

Menimcha, Trampning to‘g‘ri qaror qilgan-qilmaganini endi tarix ko‘rsatadi. Bu juda murakkab vaziyat. Men tomoshabinlaringiz bu yerda oq va qora yo‘qligini bilishlarini istardim. Bu o‘ta murakkab urush. Shuni bilishimiz kerakki, Qo‘shma Shtatlar nuqtai nazaridan, Eron ko‘p yillar davomida AQShni nishonga olib kelgan. Bilasizmi, 1979 yilgi Eron inqilobida yuzlab AQSh fuqarolari garovga olingan edi va o‘shandan beri bu ikki davlat bir-biriga yopishib oldi. Prezident Tramp esa unga bo‘lgan suiqasdlarni ham Erondan ko‘radi”, - deydi siyosatshunos. 

AQSh, Isroil va harbiy bazalar joylashgan arab davlatlari Eronning hujumidan qat’iy norozi, biroq Tehron agar vaziyat shungacha borsa, bazalarni urishi haqida ogohlantirgan edi. Siyosatshunosga ko‘ra, Vashingtonni hujumga undagan faqat Isroil emas, Saudiya Arabistoni ham. Umuman olganda, bu urush muqarrar edi. 

O‘tgan hafta men ko‘rgan hisobotlardan, hatto bu urush boshlanishidan oldin ham, eronliklarning boshqa mamlakatlarga hujum qilishi aniq edi. Biz ularning Qatarga, BAAga hujum qilishini bilar edik. Bilasizmi, BAA hukumati so‘nggi bir necha yil davomida Eronga qarshi diplomatik kurashning oldingi saflarida bo‘lib kelgan. Lekin, Dubayda 200 ming eronlik yashaydi, masalan. Shuning uchun odamlar o‘rtasida juda yaqin aloqalar bor, lekin afsuski, mintaqadagi har bir mamlakat bilan Eron ma’lum ma’noda yomon aloqalarga ega”, - deydi Jyennifer Brik. 

Eslatib o‘tamiz, Eron o‘z oliy rahbari o‘ldirilgach albatta qasos olishini hamda AQSh bilan muzokaralarga kirishmasligini e’lon qilgan. Tramp esa «operatsiya» doirasida Eronning birinchi darajali rahbarlari yo‘q qilingani, armiya tizimi jiddiy zarar ko‘rgani va ish juda yaxshi ketayotganini aytgan. Kun.uz gaplashgan siyosatshunos Jyennifer Brikka ko‘ra esa, hech qaysi tomon diplomatiya yo‘lini tanlayotgani yo‘q. Oddiy odamlar esa zaminida tinchlik bo‘lishini istaydi. 

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid