O‘zbekiston | 15:26
912
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi yangi muzey majmuasi BBC’ning eng muhim loyihalar ro‘yxatiga kiritildi

Britaniyaning nufuzli BBC nashri 2026 yilda ochilishi kutilayotgan oltita eng muhim muzeylar ro‘yxatiga O‘zbekistonda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazini ham kiritdi. Nashrda bunday madaniy maskanlar 2026 yilda ular joylashgan shaharlar qiyofasini tubdan o‘zgartirishi mumkinligi qayd etilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Dunyo” AA xabar berishicha, BBC maqolasida Toshkentdagi ushbu ulkan madaniy-ma’rifiy majmua Ipak yo‘lidagi islom ilm-fani va madaniyatining muhim markazlaridan biri sifatida O‘zbekistonning boy tarixiy va ma’naviy merosini namoyish etishga mo‘ljallangani ta’kidlangan.

Nashrda markaz binosining me’moriy ko‘rinishi ham alohida e’tiborga olingan. Xususan, feruza tusdagi mozaikalar bilan bezalgan monumental gumbaz majmuaga xos yorqin jihatlardan biri sifatida qayd etilgan. Shuningdek, markazning muhim qismi hisoblangan Qur’oni karim zali bunyod etilayotgani, unda musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi — qadimiy Usmon Mushafi joylashtirilishi rejalashtirilgani aytilgan.

BBC ma’lumotlariga ko‘ra, ekspozitsiyada somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, O‘zbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan Qur’on nusxalari, ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari, shuningdek, jahondagi nodir qo‘lyozma Qur’onlardan namunalar o‘rin olishi ko‘zda tutilgan.

Maqolada muzey majmuasi to‘plamidan 2 mingdan ortiq qo‘lyozma va tarixiy ashyolar ham o‘rin olgani, ularning aksariyati so‘nggi yillarda O‘zbekistonga qaytarilgani qayd etilgan.

Shuningdek, markazda ta’lim zonasi tashkil etilib, unda O‘zbekistonning islomdan oldingi davridan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiga bag‘ishlangan eksponatlar virtual texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda taqdim etilishi aytilgan. Qayd etilishicha, ayrim bo‘limlarda tashrif buyuruvchilar “jonli portretlar” deb ataladigan vositalar orqali dunyoga mashhur tarixchi va mutafakkirlar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Markazning boshqa qismlarida 200 ming jildli kutubxona, mamlakatdagi birinchi ixtisoslashtirilgan bolalar muzeyi, hunarmandchilik ustaxonalari hamda restavratsiya laboratoriyasi bo‘lishi rejalashtirilgan.

Nashrda, shuningdek, “Yo‘qotilgan ma’rifat: Markaziy Osiyoning oltin davri” kitobi muallifi Frederik Starr mazkur majmuani sayyohlar uchun ham, olimlar uchun ham jozibador markaz sifatida baholaganini keltirib o‘tilgan. Uning fikricha, bu yerda mintaqa tarixida ming yillar avval shakllangan intellektual va badiiy merosning gullab-yashnashi bilan yaqindan tanishish mumkin bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid