Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp: eronliklar muzokara xohlayapti, ammo endi juda kech
Donald Tramp Eron bilan muzokara olib borish uchun endi “juda kech” ekanini aytdi: uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda endi havodan mudofaa (HHM), harbiy-havo kuchlar, harbiy-dengiz flot va rahbariyat yo‘q. AQSh Yaqin Sharqdan o‘z diplomatlarini evakuatsiya qilmoqda.
Foto: Julia Demaree Nikhinson/AP
AQSh prezidenti Donald Tramp seshanba kuni, 3 martda, Eronda hokimiyatda bo‘lgan rejim bilan endi muzokara qilish imkoniyatini ko‘rmayotganini bildirib o‘tdi. “Ularda endi havodan mudofaa ham, harbiy-havo kuchlari ham, harbiy-dengiz floti ham, rahbariyat ham yo‘q. Ular muzokara istayapti. Men shunday dedim: ‘Juda kech!” — deb yozdi Oq uy rahbari Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
1 mart kuni Tramp, mamlakatning oliy rahbari Ali Xominaiy halok bo‘lganidan keyin Eronning yangi rahbariyati unga muzokara taklif qilganini va u rozi bo‘lganini aytgan edi. “Ular buni oldinroq qilishi kerak edi. Ular juda uzoq kutdi”, — dedi AQSh prezidenti The Atlantic nashriga bergan intervyusida.
Biroq 2 mart kuni Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy X ijtimoiy tarmog‘ida: “Biz Qo‘shma Shtatlar bilan muzokara olib bormaymiz”, — deb yozdi. Bir kun oldin The Wall Street Journal gazetasi aynan Larijoniy muzokara tashabbusi bilan chiqqanini va bu taklifni vositachilar orqali Vashingtonga yetkazganini xabar qilgan edi.
AQSh Davlat departamenti 3 mart kuni Bahrayn, Iordaniya, Iroq, Qatar, Kuvayt va Birlashgan Arab Amirliklaridagi diplomatik vakolatxonalaridan favqulodda holatlarga jalb etilmagan barcha xodimlarni, shuningdek, ularning oila a’zolarini evakuatsiya qilishini bildirdi.
Iroq bo‘yicha Davlat departamenti bunga “xavfsizlik mulohazalari”ni sabab qildi. Qolgan beshta Yaqin Sharq mamlakatida esa “Eron tomonidan dron va raketa zarbalari bo‘yicha doimiy tahdid” mavjud, deb tushuntirdi Vashington.
AFP agentligining qayd etishicha, 2 va 3 mart kunlari dronlar AQShning Saudiya Arabistoni va Kuvaytdagi elchixonalariga hujum qildi. Shundan so‘ng Kuvaytdagi bu oxirgi diplomatik vakolatxona “keyingi xabarnomagacha” yopilgan.
Isroil va Qo‘shma Shtatlar 28 fevral kuni ertalab Eron hududiga zarbalar berishni boshladi. Tramp Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish niyati borligini aytdi. U Eron armiyasini qurolni tashlashga, mamlakat aholisini esa “taqdirini o‘z qo‘liga olishga” chaqirdi.
Eron davlat OAV 3 mart kuni Eron Qizil Yarim oy jamiyati ma’lumotlariga tayanib, zarbalar oqibatida mamlakatda kamida 787 kishi halok bo‘lganini xabar qildi. Xominaiy va bir necha yuqori lavozimli kuch tuzilmalari vakillari halok bo‘lgani tasdiqlangan. Eron javoban Isroilga va Fors ko‘rfazidagi bir necha davlatga zarbalar bergan — u yerlarda ham halok bo‘lganlar bor. Tehron arab davlatlari bilan urishmayapmiz, deb ta’kidlamoqda va mintaqadagi AQSh harbiy bazalariga zarba berayotganini aytadi.
Isroil va AQShning Eronga qarshi urushi, jumladan, neft va gaz narxlarining oshishiga olib keldi, shuningdek, Yaqin Sharqda aviaqatnovning izdan chiqishiga sabab bo‘ldi — u yerda o‘n minglab sayyohlar qolib ketgan. Urush qamrab olgan mintaqadan Germaniya fuqarolarini olib chiqish 3 mart kuni boshlangan.
Mavzuga oid
15:46
AQSh to‘rt kun ichida qariyb 2 mlrd dollarlik harbiy texnikasini yo‘qotdi - OAV
15:43
Eron nega asosiy e’tiborini Fors ko‘rfazi davlatlariga hujum qilishga qaratdi?
13:55
Tramp: Ukraina bo‘yicha muzokaralar ustuvor yo‘nalishlar ro‘yxatida “juda yuqori” o‘rinda
12:55