Jahon | 12:55
1878
7 daqiqa o‘qiladi

Tramp Ispaniyaga to‘liq savdo embargosi joriy etmoqchi

NATO a’zosi bo‘lgan Ispaniya AQSh harbiylariga Eronga zarba berish bilan bog‘liq missiyalar uchun o‘z harbiy bazalaridan foydalanishga ruxsat bermadi. Bundan g‘azablangan Donald Tramp Yevropadagi ittifoqchisiga nisbatan to‘liq savdo embargosi bilan tahdid qildi.

Ispaniya janubidagi Moron aviabazasida AQSh Harbiy-havo kuchlarining Boeing KC-135 Stratotanker samolyoti harakatlanmoqda. Foto: Reuters / Arxiv surati

Bir necha kun oldin Ispaniyaning sotsialistik rahbariyati bazalardan Eronga hujum qilish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymasligini e’lon qildi. Shundan keyin AQSh Ispaniya janubidagi Rota va Moron harbiy bazalaridan 15 ta samolyotni, jumladan, havoda yoqilg‘i quyuvchi tankerlarni boshqa joyga ko‘chirdi.

«Ispaniya o‘zini dahshatli tutdi», - dedi Tramp 3 mart kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan Oq uydagi uchrashuvda. U AQSh Moliya vaziri Skott Bessentga Ispaniya bilan «barcha aloqalarni uzish» haqida ko‘rsatma berganini qo‘shimcha qildi.

«Biz Ispaniya bilan barcha savdo aloqalarini to‘xtatamiz. Bizning Ispaniya bilan hech qanday ishimiz bo‘lishini xohlamayman», deya Trampdan iqtibos keltirmoqda Reuters nashri.

Tramp ochiqchasiga Skott Bessent va AQSh savdo vakili Jyeymison Grirdan Ispaniya bilan savdoni to‘xtatish bo‘yicha fikrlarini so‘radi. Grir bunga javoban: «janob, menimcha, biz buni siz bilan hali maslahatlashamiz. Biz buni qo‘llay olishingizni bilamiz va agar milliy hamda iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash uchun kerak bo‘lsa, buni qilamiz», - degan.

Bessentning qo‘shimcha qilishicha, Savdo vazirligi Ispaniyani boshqa savdo qonunlari asosida jazolash yo‘llarini tekshirishni boshlaydi.

«Ispaniya bilan bog‘liq barcha biznesni to‘xtatishga huquqim bor. Embargo — nima xohlasam shuni qila olaman. Biz buni Ispaniya bilan amalga oshirishimiz mumkin», - degan Tramp. Shuningdek, u o‘tgan oyda Oliy sud uning global tariflarini milliy favqulodda holatlar qonuniga binoan noqonuniy deb topganidan g‘azabda ekanini yana bir bor bildirdi.

Mers Ispaniyani himoya qilgandek ko‘rindi

Oq uydagi jurnalistlar bilan savol-javobda Germaniya kansleri Fridrix Mers ham bor. Yopiq uchrashuvdan so‘ng Mers jurnalistlarga izoh berdi. U Tramp bilan yopiq muloqotda «Ispaniyani o‘tgan yili erishilgan Yevropa–AQSh savdo kelishuvidan chiqarib tashlab bo‘lmasligini» aytganini bildirdi.

Germaniya kansleri Fridrix Mers va Donald Tramp / Foto: EPA

«Men Ispaniya Yevropa Ittifoqi a’zosi ekanligini, biz AQSh bilan tariflar bo‘yicha muzokaralarni faqat birgalikda yoki umuman olib bormasligimizni aytdim», dedi Mers. «Ispaniyaga nisbatan alohida yomon munosabatda bo‘lishning iloji yo‘q», deya qo‘shimcha qildi u.

Tramp esa Ispaniyadan shunchalik jahli chiqqan ediki, uning boshqa «ayblarini» ham eslab o‘tdi. Xususan, Ispaniya mudofaa xarajatlarini YaIMning 5 foiziga yetkazish haqidagi AQSh talabini rad etgani uchun «Ispaniyada bizga kerakli bo‘lgan mutlaqo hech narsa yo‘q», dedi.

Mersning so‘zlariga ko‘ra, Ispaniyaga mudofaa xarajatlari bo‘yicha Yevropaning o‘zidan ham bosim o‘tkazilmoqda. «Biz Ispaniyani NATOda kelishilgan 3 foiz yoki 3,5 foiz darajasiga yetib olishga ko‘ndirishga harakat qilyapmiz», dedi. Ammo Ispaniyaning mudofaa xarajatlari masalasi – savdo muzokaralariga aloqasi yo‘q.

Huquqiy to‘siqlar

Jorjtaun universiteti professori Jyennifer Xillmanning Reutersʼga ta’kidlashicha, Oliy sud prezidentning tegishli qonunlar doirasida embargo joriy etish qobiliyatini bevosita ko‘rib chiqmagan. Tramp buni amalga oshirishi mumkin, ammo u Ispaniyani AQSh uchun «g‘ayritabiiy va favqulodda tahdid» deb e’lon qilishi kerak bo‘ladi. Uning fikricha, bu avvalgi favqulodda holatlardan ancha chetga chiqish bo‘ladi.

«Ispaniya o‘z hududidagi bazalardan Eronga asossiz hujum qilish uchun foydalanishga ruxsat bermasligi – qanday qilib milliy xavfsizligimizga «g‘ayritabiiy va favqulodda tahdid» solishi mumkinligini tushunish qiyin», — deya qo‘shimcha qildi Nyu York universiteti professori Piter Sheyn.

Ispaniya munosabati

Ispaniya hukumati o‘z bayonotida AQSh xususiy biznes mustaqilligini, xalqaro huquqni hamda Yevropa Ittifoqi bilan ikki tomonlama savdo shartnomalarini yodda tutishi kerakligini ta’kidladi.

Madrid potensial savdo embargosi ta’sirini yumshatish va zarur sohalarni qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli resurslarga ega ekanini, ammo hamkorlar bilan erkin savdo va iqtisodiy hamkorlikni davom ettirishini bildirdi.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches / Foto: Reuters

Ispaniya dunyodagi eng yirik zaytun moyi eksportchisi hisoblanadi. Shuningdek, ispanlar AQShga avtomobil ehtiyot qismlari, po‘lat va kimyoviy mahsulotlar sotadi.

Reutersʼning yozishicha, Ispaniya – Trampning iqtisodiy jazo tahdidlari qarshisida boshqa Yevropa davlatlariga qaraganda kamroq ta’sirlanadi.

Xususan, AQSh tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda AQSh Ispaniya bilan savdoda to‘rtinchi yil ketma-ket 4,8 milliard dollarlik ijobiy balansga ega bo‘lgan. AQSh eksporti 26,1 mlrd dollar, importi esa 21,3 mlrd dollarni tashkil etgan. So‘nggi yillarda AQShdan Ispaniyaga xom neft va suyultirilgan tabiiy gaz eksporti ortib bormoqda.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Yevropadagi so‘l qarashli kam sonli rahbarlardan. U qator siyosiy qarorlari, jumladan, Isroilga qurol tashiydigan kemalarning Ispaniya portlariga to‘xtashini taqiqlashi bilan ham Trampning g‘azabiga sabab bo‘lgan edi. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid