Jahon | 22:14 / 05.03.2026
16043
8 daqiqa o‘qiladi

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozida «tankerlar urushi»ni boshladi

Eron jahon neft bozori uchun muhim bo‘lgan ushbu suv yo‘lini yopib, neft tashuvchi tankerlarga qarshi urush boshladi. U jahon bozorlarida vahima keltirib chiqarishga va AQShni chekinishga majbur qilishga harakat etmoqda – garchi bu dengiz yo‘lini to‘sib qo‘yish uning o‘zi uchun mutlaqo foydali bo‘lmasa ham.



«Tankerlar urushi» - 1980-yillardagi Eron-Iroq mojarosining frontlaridan biri shunday nomlangan edi. Tomonlar Fors ko‘rfazidagi yuk kemalariga (asosan, neft ortilgan tankerlarga) hujum qilib, dushman va uning hamkorlari savdosiga zarar yetkazishga harakat qildi. Shu vaqtda 500 dan ortiq kema shikastlangandi, 400 nafardan ortiq dengizchi halok bo‘ldi. «Tankerlar urushi» jahon neft ta’minotiga tahdid soldi va NATO davlatlarini Fors ko‘rfazida savdo kemalarini kuzatib borish uchun harbiy konvoylarni tashkil etishga majbur qildi.

28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga zarba berganidan so‘ng, u bunga javoban o‘z qirg‘oqlari yaqinidagi savdo kemalariga hujum qila boshlagach, ko‘pchilik yana «tankerlar urushi» tahdidi haqida gapira boshladi. Aftidan, u allaqachon boshlandi va qancha davom etishi noma’lum. Eron-Iroq «tankerlar urushi»ning faol bosqichi to‘rt yil davom etgan edi. Financial Times gazetasi shunga o‘xshash yangi mojaro tahdidini tahlil qildi.

Foto: ABC News

AQSh va Eron o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi fonida, agar mojaro yuzaga kelsa, Eron Fors ko‘rfazini Ummon ko‘rfazi va undan keyin ochiq okean bilan bog‘laydigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yadi, degan xavotirlar tez-tez yangragan edi. Bu Yaqin Sharqdan xomashyo ta’minoti yo‘lining eng muhim qismidir: u orqali jahon xom neft savdosining qariyb 35 foizi va suyultirilgan tabiiy gazning qariyb 20 foizi tashiladi.

28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga zarba berishni boshlaganida, Eron hukumati Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tayotgan kemalarga hujum qilishidan ogohlantirdi. Keyingi kunlarda kamida sakkizta tankerga hujum qilindi, kamida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu esa bo‘g‘oz orqali kema qatnovining deyarli butunlay to‘xtashiga, jahon bozorida neft va gaz narxining oshishiga olib keldi. AQSh 1980-yillardagi kabi yana harbiy konvoylarni bo‘g‘ozga qaytarishga majbur bo‘ldi.

Ammo harbiy ekspertlar Financial Times’ga savdo kemalarini kuzatib borish uchun zarur bo‘lgan esminetslar va qiruvchi samolyotlar yetishmasligini aytdi, chunki ular Eronga hujumlarda ishtirok etmoqda. Dengiz xavfsizligi va harbiy-dengiz strategiyasi bo‘yicha amerikalik tahlilchi Joshua Tallisning fikricha, AQSh harbiy-dengiz kuchlari «keyingi yetti-o‘n kun ichida» savdo kemalarini himoya qila olishi dargumon. Chunki oldin Eronning kemaga qarshi mudofaa vositalari yo‘q qilinishi kerak.

Tankerlarni kuzatib borish operatsiyasi «murakkab, ammo imkonsiz emas», deb hisoblaydi AQSh Harbiy-dengiz kuchlari aviatashuvchi zarba guruhi sobiq qo‘mondoni Mark Montgomeri. Buni tashkil etish vaqt talab qiladi («shart-sharoitlar qulay bo‘lguncha ikki haftagacha») va AQSh harbiy-dengiz kuchlarining Eronga zarba berishdagi ishtirokini qisqartiradi, deb hisoblaydi Montgomeri. Hozir AQSh armiyasi Eron flotiga faol hujum qilmoqda. AQSh Qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, 28 fevraldan beri kamida 17 ta kema cho‘ktirilgan.

Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy-dengiz operatsiyalari uchun mas’ul bo‘lgan beshinchi flotning sobiq qo‘mondoni Jon Millerning ta’kidlashicha, AQSh mintaqada harbiy konvoylarni tashkil etish uchun kemalari yetarli. Biroq bu kemalar Eronning kemalarga qarshi raketalari, suv osti kemalari, tezyurar katerlari, minalari va dronlari bilan kurashishiga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, suv usti dronlari xavfli bo‘lishi mumkin. Ular kema korpusiga suv yuzasida zarba beradi, bu esa mashina bo‘limining suv bosishiga olib keladi, dedi EOS Risk guruhining dengiz tahlili bo‘yicha mutaxassisi Martin Kelli.

Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq tahlilchisi Jim Lempsonning hisob-kitoblariga ko‘ra, Eronda minglab kemaga qarshi raketalar va ular uchun yuzlab uchirish moslamalari mavjud. Shuningdek, Tehronda Rossiyaning kichik suvosti kemalari floti va Shimoliy Koreyaning noma’lum miqdordagi kichik suvosti kemalari mavjud. Bundan tashqari, u dunyodagi eng katta suvosti minalari zaxiralariga ega. Hozirgi mojaroda ular hali qo‘llanilmagan, ammo Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi minalar haqida har qanday ishonchli xabar paydo bo‘lsa, u yerdan o‘tadigan kemalarining dengiz sug‘urtasi va fraxt stavkalari yanada oshishi mumkin. 28 fevraldan keyin ular allaqachon 4-12 baravarga oshdi.

Bir tomondan, jahon dengiz transporti va energiya bozorlaridagi vahimalar iqtisodiy va diplomatik omillar bosimi ostida AQSh va Isroilni urushni to‘xtatishga majburlamoqchi bo‘lgan Eronga qo‘l kelmoqda: Tehronning fikriga ko‘ra, energiya tranziti uchun asosan, ba’zan esa faqatgina Ho‘rmuz bo‘g‘oziga tayanadigan Fors ko‘rfazi mamlakatlari Vashingtonni jangovar harakatlarni to‘xtatishga majbur qilishi kerak.

Boshqa tomondan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qancha uzoq vaqt yopiq bo‘lsa, Eronning o‘zi ham shunchalik ko‘p zarar ko‘radi: u deyarli barcha neftini Xitoyga sotadi va deyarli barcha neft aynan shu bo‘g‘oz orqali tashiladi. Eronliklar: «Agar biz neftimizni sota olmasak, unda hech kim sota olmaydi», demoqda. Lekin teskarisi ham to‘g‘ri - agar hech kim neft sota olmasa, Eron ham sota olmaydi. «Ular iqtisodiy foydaning bunday yo‘qotilishiga cheksiz bardosh bera olmaydi», deb ta’kidladi Jon Miller.

Shunday qilib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yish bu urushda Eron uchun ham, uning raqiblari uchun ham foydali emas. Biroq, paradoksal ravishda, bu bo‘g‘ozning ochilishini tezlashtirishi dargumon. Mojaro qanchalik uzoq davom etsa, AQSh va Eron uni «o‘z foydasiga hal qilish uchun kuchliroq energiya dastaklarini qo‘llashi» ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi, dedi Financial Times gazetasiga Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining energetika xavfsizligi bo‘yicha tahlilchisi Kleyton Sigl.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid