Ko‘chmas mulk | 10:29 / 05.03.2026
2842
2 daqiqa o‘qiladi

Uy-joy qurilishida yer ajratish va ruxsat berish tartiblari tezlashtiriladi

Prezidentning “Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, uy-joy qurilishini rag‘batlantirish, bozorda taklifni oshirish hamda investitsiya-qurilish jarayonlarini tezlashtirishga qaratilgan yangi vazifalar belgilandi.

Foto: Kun.uz 

Farmonda uy-joy qurilishini rag‘batlantirish va aholining uy-joyga bo‘lgan huquqini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga doir konstitutsiyaviy norma talablarini ta’minlash asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilangan. Shuningdek, ko‘p kvartirali uylar bozorida talabga muvofiq takliflarni mutanosib ravishda oshirish orqali aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan choralar ko‘zda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, qurilish sohasidagi eng dolzarb masalalardan biri bo‘lgan yer ajratish va ruxsat berish jarayonlari soddalashtirilib, investitsiya-qurilish davrining davomiyligi 1,5 baravargacha qisqartiriladi. Bu esa qurilish loyihalarini amalga oshirish muddatlarini qisqartirish, investitsiyalarni jalb etish hamda uy-joy qurilishi sur’atlarini oshirishga xizmat qiladi.

Farmonga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda “Yangi O‘zbekiston” massivlari uchun yangi hududlarni tanlab olish mezonlariga mos keladigan loyihalarga “Yangi O‘zbekiston” massivi maqomi berilib, ularga amaldagi tartib-taomillar va moliyalashtirish manbalari tatbiq etiladi.

Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida yo‘l-transport infratuzilmasi loyihalarini ishlab chiqishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya tejovchi uskunalar va muqobil issiqlik tizimlaridan keng foydalanish, shuningdek ekologik toza “yashil” transport muhitini yaratish nazarda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid