Jahon | 22:08 / 05.03.2026
2809
5 daqiqa o‘qiladi

“Xominaiyning o‘ldirilishi Putinni xavotirga soldi” – siyosatshunos

Kreml mafkurachilari Tehronning yiqilishiga nafaqat mintaqaviy ittifoqchidan ayrilish, balki G‘arb bilan qarama-qarshilikda bunday ssenariy navbati Rossiyaga ham kelishi mumkinligi prizmasidan qaramoqda. Prezident Putin ham oliy rahbarga qilingan suiqasdni jiddiy qoraladi. Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar shu haqda so‘z yuritdi.

— Erondagi urush va oliy rahbarning o‘ldirilishiga Rossiya qanday munosabatda bo‘ldi?

Kamoliddin Rabbimov: 2025 yilda jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida Vladimir Putinga shunday savol berilgan edi: agar imom Xominaiy AQSh yoki Isroil tomonidan o‘ldirilsa, bunga qanday baho berasiz? Putin bu savolga ikki bor bir xil javob qaytargan: “buni hatto izohlashni ham, tasavvur qilishni ham istamayman”.

Putin psixologiyasini o‘rgangan ayrim tahlilchilarga ko‘ra, u Muammar Qazzofiy o‘ldirilishini shaxsiy va siyosiy jihatdan og‘ir qabul qilgan. Uning dunyoqarashida urush bo‘lishi mumkin, ammo davlat rahbariga bevosita zarba berish nomaqbul holat sifatida ko‘riladi.

Shu nuqtai nazardan, Eron rahbariyatiga tahdidlar ham Kreml uchun jiddiy masala hisoblanadi.

Yaqinda rossiyalik faylasuf Aleksandr Dugin ham keskin bayonot berib, “agar Eron yiqilsa, keyingi navbat Rossiyaga keladi”, deya ogohlantirdi. U hatto G‘arb bilan ayrim kelishuvlar Rossiya zarariga ishlayotganini ta’kidladi. Dugin rasmiy amaldor bo‘lmasa-da, Kreml mafkuraviy doiralariga yaqin shaxs sifatida tilga olinadi.

Mintaqaviy darajada Eronning zaiflashuvi tabiiyki, Isroil manfaatlariga mos keladi. Chunki Tel-Aviv Eronni o‘zining asosiy xavfsizlik tahdidi sifatida ko‘radi.

Biroq geosiyosiy jarayon faqat mintaqa bilan cheklanmaydi. Global miqyosda AQSh va Xitoy o‘rtasidagi raqobat kuchaygan bir paytda, Rossiya va Eron Pekin uchun muhim hamkorlar sanaladi. Shu kontekstda Kuba va Venesueladagi iqtisodiy inqiroz ham e’tiborga loyiq. Venesueladan energiya oqimining qisqarishi Kubada jiddiy energetik tanqislikni keltirib chiqardi: elektr ta’minoti cheklangan, yoqilg‘i yetishmay, ayni vaqtda ijtimoiy infratuzilma izdan chiqmoqda.

Agar Eron ham jiddiy zaiflashsa, global maydonda Rossiya va Xitoyning strategik yuklamasi yanada ortadi.

Shu bois Moskva bir tomondan Eronga to‘liq harbiy yordam bera olmaydi, ikkinchi tomondan esa vaziyatni xavotir bilan kuzatmoqda. Ukrainadagi urush Rossiya resurslarini sezilarli darajada cheklab qo‘ydi va Kreml uchun har qanday yangi geosiyosiy silkinish yanada murakkab oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shuhrat Rasul: Rossiya jamoatchiligi uchun muhim voqealardan biri ikki kun avval Mas’ud Pizishkiyon va Vladimir Putin o‘rtasida telefon suhbati bo‘ldi. Bu haqda rossiyalik siyosiy tahlilchi Valeriy Solovey ma’lumot berdi. U ko‘pincha muxolif sifatida ko‘rinsa-da, ayrim hollarda Kreml yetkazishni istagan, ammo rasmiy ayta olmaydigan tezislarni ommaga chiqarishi bilan tanilgan.

Soloveyning ta’kidlashicha, Kreml hozir yangi narrativni ilgari surmoqda: go‘yoki Eron bilan vaziyat Rossiya uchun iqtisodiy jihatdan hatto foydali. Energiya narxlari oshayotgani Moskva manfaatiga xizmat qilayotgani aytilmoqda. Shu bilan birga, “Eron to‘liq harbiy ittifoqchi emas edi, o‘z vaqtida Tehronning o‘zi chuqurroq hamkorlikni o‘zi istamagan”, degan fikr ham ilgari surilmoqda.

Biroq ayni suhbatda Pizishkiyon harbiy yordam so‘ragani, Putin esa resurslar cheklanganini bildirgani aytiladi. Rossiya hozir o‘zi ham qurol-aslaha va o‘q-dori tanqisligini boshdan kechirmoqda. Ayniqsa, Eron so‘rayotgan havo hujumidan mudofaa tizimlari Rossiyaning o‘zida ham yetishmayapti.

Xitoy masalasiga kelsak, Rossiya–Xitoy–Eron yaqinligi ko‘proq siyosiy deklaratsiya darajasida. Ular o‘rtasida o‘zaro harbiy yordam berish majburiyati mavjud emas. Masalan, tarixda Birinchi jahon urushi va Ikkinchi jahon urushi davrida aniq harbiy bloklar va majburiyatlar bo‘lgan. U davrda qudrat jihatdan o‘zaro yaqin raqobat mavjud edi, hozirgi holat esa bunday emas.

Xitoy ehtiyotkor siyosat yuritmoqda: u to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy majburiyat olishdan qochadi. Qurol savdosi esa alohida masala, bu urushda ishtirok etyapti degani emas, balki biznes sifatida talqin qilinadi. Shu sababli bugungi ziddiyatlarni avtomatik ravishda “jahon urushi” deb atash asosli emas: buning uchun o‘zaro majburiyatlarga ega kuchli harbiy bloklar shakllangan bo‘lishi kerak.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid