Jahon | 23:40 / 06.03.2026
4644
17 daqiqa o‘qiladi

“Eron urushi domino effektiga sabab bo‘lishi mumkin” – tahlilchilar

Yaqin Sharqdagi urush Markaziy Osiyo va O‘zbekiston iqtisodiyotiga asosan bilvosita ta’sir qiladi. Tahlilchilar ta’kidlashicha, energiya narxlarining oshishi global inflatsiyani kuchaytirishi va eksport talabini pasaytirishi mumkin. Markaziy Osiyo yuklarining taxminan 10 foizi Eron orqali o‘tadi. Shu bilan birga, oltin narxi 19 foizga oshgani O‘zbekiston uchun ijobiy omil bo‘lishi mumkin. Oltin O‘zbekiston eksport ulushining qariyb 30 foizini tashkil qiladi.

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar shu haqda so‘z yuritdi.

Yaqin Sharqdagi urush global iqtisodiyotga qanday ta’sir qilyapti?

Valijon To‘raqulov: Neft va energetika bilan bevosita ishlaydigan sohalarda bu vaziyat allaqachon sezila boshlagan. Ammo oddiy odamlarning kundalik hayotida hozircha katta ta’sir ko‘rinmayapti. Buning sababi shundaki, davlatlar va kompaniyalarda ma’lum miqdorda zaxira resurslar mavjud. Shu zaxiralar hisobiga iqtisodiyot bir muddat ishlashda davom etadi.

Lekin bunday inqirozlarning haqiqiy ta’siri odatda biroz vaqt o‘tgach seziladi. Agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar harakati bir oy davomida cheklansa yoki to‘xtasa, bu jahon iqtisodiyotiga sezilarli zarba beradi. Sababi oddiy: energiya iqtisodiyotning qoni hisoblanadi.

Logistika xarajatlari bo‘ladimi, ishlab chiqarish xarajatlari, deyarli barcha jarayon energiyaga bog‘liq.

Ta’minot zanjiri ham energiyasiz ishlamaydi. Energiya narxi oshsa, u deyarli barcha mahsulotlar tannarxiga ta’sir qiladi. Natijada inflatsiya kuchayadi. Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tadigan tankerlar harakati qariyb 80 foizga kamaygan, faqat taxminan 20 foizi o‘tmoqda.

Shu sababli neft narxi ham taxminan 13 foizga oshgan. “Oxford Economics” hisob-kitoblariga ko‘ra, neft narxi har 10 foizga oshsa, jahon yalpi ichki mahsuloti 0,1 foizga kamayishi mumkin. Foiz jihatidan bu kichik ko‘rinishi mumkin. Ammo jahon iqtisodiyoti hajmi taxminan 120 trillion dollar ekanini hisobga olsak, bunday o‘zgarish ham juda katta yo‘qotishlarga olib keladi.

Iqtisodchilar ko‘pincha shuni ta’kidlaydi: ba’zan juda kichik uzilishlar ham katta oqibatlarga sabab bo‘ladi. Masalan, bir paytlar Samsung zavodlaridan birida atigi 20 soniyalik elektr uzilishi sodir bo‘lgan. Ammo shu qisqa uzilish butun ishlab chiqarish zanjirini qayta tiklash uchun kompaniyaga millionlab dollar zarar keltirgan. Endi tasavvur qiling, agar shunday uzilish jahon iqtisodiyoti miqyosida yuz bersa, uning oqibatlari ancha katta bo‘ladi.

Bunday jarayonlar ko‘pincha domino effektiga o‘xshaydi. Ya’ni bir joydagi muammo asta-sekin boshqa sohalarga ham tarqaladi. Hozirgi taxminlarga ko‘ra, energiya narxining oshishi inflatsiyani ham oshirishi mumkin. “Federal Reserve” tadqiqotlariga ko‘ra, inflatsiya taxminan 0,15 foiz bandga ko‘tarilishi ehtimoli bor.

Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, Osiyo mamlakatlari bu vaziyatdan ko‘proq zarar ko‘rishi mumkin. Xususan, neft narxidagi zarba eng avvalo Tailand va Janubiy Koreya iqtisodiyotiga kuchli ta’sir qilishi kutilmoqda.

Xitoy masalasiga keladigan bo‘lsak, u Eron neftining taxminan 80 foizini sotib oladi. Biroq bu Xitoy import qiladigan umumiy neft hajmining atigi 13 foizini tashkil qiladi. Bir qarashda bu katta ulushdek ko‘rinmasligi mumkin. Ammo muammo shundaki, aynan shu 13 foiz butun tizimda muhim bo‘g‘in hisoblanadi.

Iqtisodiyotda bunday holat tor bo‘g‘in deb ataladi. Agar shu bo‘g‘in uzilsa, butun tizimning ishlashi sekinlashadi. Eron yana normal eksportga qaytgunicha ta’minot zanjirini tiklash ham oson bo‘lmaydi.

Iqtisodiy tizimni katta bir organizmga o‘xshatish mumkin. Agar uning bir qismi ishlamay qolsa, butun tizim muvozanatdan chiqadi. Uni yana tiklash esa vaqt, resurs va katta xarajat talab qiladi.

Xitoy “dunyoning zavodi” deb ataladi. Agar shu zavodga energiya yetkazib berishda muammolar paydo bo‘lsa, bu faqat Xitoyning o‘ziga emas, balki butun jahon iqtisodiyotiga ta’sir qiladi. Chunki Xitoydagi ishlab chiqarish pasaysa, uning ta’siri global ta’minot zanjirlarida ham seziladi.

Bu yerda yana ikki muhim jihat bor.

Birinchidan, davlatlar zaxira resurslaridan foydalanishni boshlasa, bu bozorlarda salbiy kutilmalarni kuchaytiradi. Ya’ni energiya yetishmovchiligi darhol yuzaga kelmasa ham, kelajak haqidagi xavotirlar inflatsiya bosimini oshirishi mumkin. Ikkinchidan, global ta’minot zanjiri o‘zaro bog‘liq.

Masalan, Xitoyda zaxira bo‘lishi mumkin, lekin kichik davlatlarda bunday imkoniyat yo‘q.

Agar shu davlatlarda ishlab chiqarish pasaysa yoki talab kamayib ketsa, bu oxir-oqibat Xitoy ishlab chiqarishiga ham ta’sir qiladi.

Shuning uchun hatto qisqa muddatli inqiroz ham global iqtisodiyotga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatadi. Hozircha bu ta’sirning aniq miqyosi iqtisodiy modellar orqali baholanmoqda.

Shavkat Ikromov: 1990 yilda Iroq Kuvaytga bostirib kirgandi. Bu ikki yirik neft eksport qiluvchi davlat o‘rtasidagi mojaroga aylangan va Fors ko‘rfazidan neft eksporti jiddiy muammolarga duch kelgan. Natijada bundan eng katta zararni Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyodagi yirik iqtisodiyotlar — Yaponiya, Janubiy Koreya va Tayvan ko‘rgan. Bu jarayonlarning iqtisodiy ta’siri darhol sezilmagan. Ammo vaqt o‘tib, uning oqibatlari chuqurlashgan va oxir-oqibat 1997 yildagi Osiyo moliyaviy inqiroziga ham ta’sir ko‘rsatgan omillardan biri sifatida tilga olinadi. Ya’ni iqtisodiy jarayonlar ko‘pincha birdaniga sodir bo‘lmaydi. Ularning ta’siri yillar o‘tib namoyon bo‘lishi mumkin.

Hozirgi vaziyatni baholayotgan ekspertlar shuni aytadiki, agar harbiy mojaro ikki hafta ichida tugasa, jahon iqtisodiyotiga katta zarba bo‘lmasligi mumkin. Ammo urush ikki haftadan ko‘proq davom etsa, global iqtisodiyotga sezilarli ta’sir ko‘rsata boshlaydi.

Masalan, Xitoy dengiz orqali keladigan neftga, ayniqsa, Yaqin Sharq neftiga sezilarli darajada bog‘liq. Shu bilan birga, Xitoy katta neft zaxiralariga ega ekani haqida taxminlar bor. Rasmiy ma’lumotlar to‘liq ochiqlanmagan bo‘lsa-da, ayrim tahlillarga ko‘ra, bu zaxiralar mamlakatga taxminan bir yilga yetishi mumkin.

Bundan tashqari, Xitoy alternativ manbalarga ham ega. Agar Yaqin Sharqdan neft importi kamayib qolsa, Rossiya yoki Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Qozog‘iston orqali yetkazib berishni ko‘paytirish imkoniyati mavjud. Ya’ni Xitoy muqobil ta’minot yo‘llarini oldindan shakllantirib qo‘ygan.

Hindiston ham jahonning yirik iqtisodiyotlaridan biri va neft iste’moli bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. So‘nggi yillarda Hindiston iqtisodiyoti tez o‘smoqda.

Biroq ekspertlar fikricha, Hindistonning energetika zaxiralari Xitoy yoki Yaponiya darajasida emas.

Hindiston hukumatining o‘z ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat neft va gaz importisiz taxminan bir oy davomida ichki ehtiyojini qondira oladi. Ammo undan keyin zaxiralarni qayta to‘ldirish zarur bo‘ladi va aynan shu bosqichda ta’minot zanjirida uzilishlar yuzaga kelishi mumkin. Ko‘pincha jahon iqtisodiyotiga ta’sir haqida gap ketganda, asosiy e’tibor Xitoyga qaratiladi.

Chunki u “dunyoning zavodi” deb ataladi. Ammo Hindiston ham bugungi kunda global iqtisodiyotga sezilarli ta’sir ko‘rsatish darajasiga yetib bormoqda. Yana bir muhim iqtisodiyot Yaponiya. U dunyodagi ikkinchi yirik suyultirilgan gaz iste’molchilaridan biri hisoblanadi. Yaponiya energiya resurslarining katta qismini Yaqin Sharqdan import qiladi. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakat neft importining qariyb 95 foizi aynan shu mintaqaga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, Yaponiya ham strategik zaxiralar yaratgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu zaxiralar taxminan bir yilga yetishi mumkin. Bundan tashqari, Yaponiya qayta tiklanadigan energiya manbalariga faol o‘tmoqda va bugungi kunda energiyaning qariyb 20 foizdan ortig‘ini alternativ manbalardan oladi.

Agar Xitoy, Hindiston va Yaponiya kabi uchta yirik iqtisodiyotga qaraydigan bo‘lsak, qisqa muddatli urush, ya’ni bir yoki ikki oy davom etadigan mojaro Xitoy va Yaponiya iqtisodiyotini keskin chayqatib yubormasligi mumkin. Biroq Hindiston uchun vaziyat biroz murakkabroq bo‘lishi ehtimoli bor.

Shu bilan birga, uzoq muddatli ta’sir masalasi alohida muhim. Ekspertlar fikricha, bunday mojarolarning haqiqiy iqtisodiy oqibatlari ko‘pincha ikki-uch yil o‘tib sezila boshlaydi. Bundan tashqari, mintaqada energiya resurslariga juda kuchli bog‘langan davlatlar ham bor. Masalan, Janubiy Koreya va Tayvan. Bu davlatlar texnologik ishlab chiqarish bo‘yicha juda muhim rol o‘ynaydi.

Ayniqsa, Tayvan yarim o‘tkazgichlar va mikrochiplar ishlab chiqarish bo‘yicha jahon iqtisodiyotida hal qiluvchi o‘rin egallaydi. Ularning Yaqin Sharq energiya resurslariga, ayniqsa, Qatar gaziga bog‘liqligi juda yuqori. Ayrim baholashlarga ko‘ra, bu bog‘liqlik deyarli 100 foizga yaqinlashadi. Eng muhim jihati shundaki, bu davlatlarda katta alternativ manbalar yoki yashirin zaxiralar mavjudligi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Xitoy yoki Hindiston haqida esa ba’zan ichki zaxiralar yoki qo‘shimcha konlar mavjudligi haqidagi taxminlar aytiladi. Ammo Tayvan va Janubiy Koreya uchun bunday imkoniyatlar deyarli yo‘q.

Shuning uchun ham bu davlatlar energetika ta’minotidagi har qanday uzilishlarga nisbatan juda sezgir hisoblanadi. Va aynan shu mamlakatlar global ishlab chiqarish zanjirida muhim rol o‘ynagani sababli, muammo butun jahon iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ekspertlar hozircha ehtiyotkorona xulosa qilmoqda: agar mojaro qisqa muddatda tugasa, darhol katta iqtisodiy zarba sezilmasligi mumkin. Ammo iqtisodiy qonuniyatlarga ko‘ra, bunday voqealar baribir kelajakda o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Bu urush Markaziy Osiyo va O‘zbekiston manfaatlariga qanday ta’sir qiladi?

Valijon To‘raqulov: Bu masalani ikki tomondan salbiy va ijobiy ta’sirlar nuqtai nazaridan ko‘rish mumkin. Avvalo, bunday geosiyosiy inqirozlar O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri emas, asosan bilvosita yo‘llar orqali ta’sir qiladi. Birinchi omil Xitoy iqtisodiyoti.

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. Agar Xitoy iqtisodiyoti sekinlashsa, bu O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham ta’sir qiladi. Chunki ko‘plab xomashyo va ishlab chiqarish komponentlari aynan Xitoydan import qilinadi. Natijada ishlab chiqarish jarayonlarida ham sekinlashuv kuzatilishi mumkin.

Ikkinchi omil energiya narxlarining oshishi. Agar neft va gaz narxlari oshsa, bu global inflatsiyani kuchaytiradi. Narxlar qimmatlashganda esa jahon bozorida talab pasayadi. O‘zbekiston eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyot bo‘lgani uchun global talabning pasayishi eksport hajmiga ham ta’sir qilishi mumkin.

Uchinchi omil global moliyaviy oqimlar. Geosiyosiy inqiroz davrida investorlar xavfsiz aktivlarga o‘tishga harakat qiladi. Bular asosan oltin va AQSh davlat obligatsiyalaridir. Bunday aktivlarni sotib olish uchun dollardan foydalaniladi, natijada dollarga bo‘lgan talab oshadi va uning kursi mustahkamlanadi.

Dollar mustahkamlanganda O‘zbekistonda ham uning kursi ko‘tarilishi mumkin. Bu esa import mahsulotlari narxining oshishiga va ichki bozorda narxlarning qimmatlashishiga olib keladi.

Yana bir masala logistika. O‘zbekiston uchun eng yaqin dengiz portlaridan biri Bandar Abbos porti hisoblanadi. Biroq Markaziy Osiyo davlatlari umumiy logistikasining taxminan 10 foizi Eron orqali o‘tadi. Agar bu ulush har bir davlatga taqsimlansa, O‘zbekiston uchun taxminan 2-3 foiz atrofida bo‘ladi.

Buning asosiy sababi Eron atrofidagi sanksiyalar. Ko‘plab davlatlar yuklarni Eron orqali yuborishga ehtiyotkorlik bilan qaraydi. Masalan, O‘zbekiston Avstraliya bilan savdo qilmoqchi bo‘lsa, ayrim kompaniyalar yuklarni Eron orqali jo‘natishga rozi bo‘lmaydi, chunki sanksiyalarga tushish xavfi mavjud.

Shu sababli logistika jihatidan ta’sir mavjud bo‘lsa-da, u nisbatan cheklangan. Umuman olganda, salbiy ta’sirlar quyidagi yo‘nalishlarda namoyon bo‘lishi mumkin: energiya narxlarining oshishi, global inflatsiyaning kuchayishi, dollar kursining ko‘tarilishi, eksport bozorlarida talabning pasayishi, ayrim logistika yo‘nalishlaridagi uzilishlar Bularning barchasi bilvosita iqtisodiy zararlar hisoblanadi.

Shu bilan birga, bunday vaziyat O‘zbekiston uchun ayrim potensial iqtisodiy imkoniyatlarni ham yaratishi mumkin.

Birinchidan, oltin narxining oshishi. Geosiyosiy inqiroz davrida investorlar oltinni xavfsiz aktiv sifatida ko‘radi. Shu sababli uning narxi ko‘taradi. Hozirgi vaziyatda oltin narxi taxminan 19 foizga oshgani qayd etilmoqda.

O‘zbekiston eksportining qariyb 30 foizi oltin hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, oltin narxi har 10 foizga oshsa, oltin eksport qiluvchi davlatlarda, xususan, O‘zbekistonda, yalpi ichki mahsulot 0,7 tga o‘sishi mumkin. Agar narx 20 foizga oshsa, bu ko‘rsatkich 1,4 foizga yetishi mumkin. Masalan, iqtisodiyot 6 foiz o‘rniga 7,4 foiz o‘sishi ehtimoli paydo bo‘ladi.

Ikkinchi omil Rossiya iqtisodiyoti orqali bilvosita ta’sir. Agar neft narxlari oshsa, Rossiya bundan foyda ko‘radi. Bu esa u yerda ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining daromadlariga ijobiy ta’sir qilishi mumkin. O‘zbekistonga yuboriladigan pul o‘tkazmalari mamlakat yalpi ichki mahsulotining 10-15 foizini tashkil qiladi. Shu sababli migrantlar daromadining oshishi iqtisodiyotga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Uchinchi omil Qozog‘iston orqali iqtisodiy faollik. Qozog‘iston dunyoda neft zaxiralari bo‘yicha 12-o‘rinda turadi. Agar neft narxlari oshsa, Qozog‘iston iqtisodiyoti ham foyda ko‘radi. Bu esa O‘zbekiston bilan savdo hajmining oshishiga olib kelishi mumkin. Qozog‘iston O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari qatoriga kiradi.

To‘rtinchi muhim imkoniyat transkaspiy logistika yo‘nalishi. Xitoydan Yevropaga yuk tashishda muqobil yo‘l sifatida ko‘rilayotgan “O‘rta koridor” strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Agar Yaqin Sharqdagi asosiy dengiz yo‘llarida muammolar yuzaga kelsa, masalan, Ho‘rmuz orqali neft tashish qiyinlashsa yoki Suvaysh kanali orqali yuk oqimi cheklansa, yuklar Afrika qit’asini aylanib o‘tishga majbur bo‘ladi. Bu esa transport xarajatlarini keskin oshiradi.

Shu sababli Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi yuk tashishda transkaspiy yo‘nalishi muhim alternativ marshrutga aylanishi mumkin. Bu esa O‘zbekiston uchun tranzit va logistika sohasida uzoq muddatli iqtisodiy daromad keltirishi ehtimolini oshiradi.

Muhimi shundaki, logistika kompaniyalari biror yo‘nalishni o‘zlashtirib olgach, keyinchalik ham o‘sha marshrutdan foydalanishda davom etadi. Shu sababli bu imkoniyat nafaqat qisqa muddatli, balki uzoq muddatli iqtisodiy foyda ham keltirishi mumkin.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid