O‘zbekiston | 17:17 / 06.03.2026
2059
4 daqiqa o‘qiladi

Eskrou tizimi bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan – Sherzod Qudbiyev

Uy-joy xaridi bilan bog‘liq firibgarliklarning oldini olish maqsadida yanvardan joriy etilishi kerak bo‘lgan eskrou tizimi bo‘yicha qonun kechikyapti, hanuz qabul qilinmagan. Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevga ko‘ra, hujjat ayni vaqt hukumatda, Adliya vazirligi bilan kelishilmoqda. Mart-aprel oylarida Qonunchilik palatasiga kiritilishi mumkin.

Prezidentning o‘tgan yili yanvar oyida qabul qilgan 11-sonli farmoni bilan shu yil 1 yanvaridan qurilishda moliyaviy intizomni kuchaytirish va mijozlar uchun xavfsiz muhit yaratish maqsadida eskrou tizimi joriy etilishi kerak edi.

Bu bilan barcha quruvchilar ulush kiritish asosidagi loyihalarini eskrou tizimi orqali amalga oshirishi majburiy bo‘lardi. Ammo tizim hanuz joriy etilmadi, vaholanki, farmon 1 yil avval qabul qilingandi.

Milliy kontent ishlab chiqaruvchi markazida o‘tgan matbuot anjumanida Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev Kun.uz muxbirining kechikish bilan bog‘liq savoliga javob berdi.

Uning aytishicha, hujjat 1 iyulgacha qabul qilinishi yuzasidan topshiriq berilgan. Hozirda qonun loyihasi hukumatda, Adliya vazirligi bilan kelishish jarayonida.

Ayrim xususiy banklar biz hozirdan ishga tushaveraylik deyapti, lekin uning tartib-tamoyillarini amalga oshirish uchun qonun kerak. Ya’ni eskrouning asosiy ma’nosi nima? Agarki tadbirkorlik sub’yekti uy-joyni quraman desa, quraversin, hech kimning e’tirozi yo‘q. Lekin agar bu qurilishga odamlardan pul olaman desa, buni qonun bilan tartibga solishimiz kerak. Hozir shu jarayon bo‘yicha qonun, tartib yo‘q. Shu qonun bo‘yicha kelishib olishimiz kerak.

Qancha foizini olishi mumkin? Agar [uyni] vaqtida [qurib] topshirmasa, kim javob beradi? Agar u quruvchi bankrot bo‘lsa, nima bo‘ladi? Aholi bergan pulining qancha foizidan bo‘ladi? Shu qo‘yilgan puldan quruvchi qancha foizda kredit oladi? Juda ko‘p ochiq savollar bor. Ertaga uni xomligicha qabul qilsak, keyin bizni tanqid qilib tashlashadi. Shuning uchun uni pishirib-pishirib olib chiqish kerak”, – deydi Qudbiyev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, qonun loyihasi mart-aprel oyida Qonunchilik palatasiga kiritilishi mumkin. Anjumanda ishtirok etgan qurilish vaziri Sherzod Hidoyatovga ko‘ra, ayni vaqt eskrou tizimi ixtiyoriy ko‘rinishda ishlamoqda.

Hozirgi kunda ulush kiritish orqali [ishlovchi] har xil developerlar bor. Bir xillari ulush kiritishda qanday jarayonda ish olib borayotganini bilmaymiz. Bir xillari piramida shaklida ishlayotgandir, balki. Uni hech kim bilmaydi. Eskrou shuni tartibga soladi, majburiy bo‘ladi”, – dedi u.

Hidoyatov hozirda bu tizim qayerlarda ishlayotganini ochiqlamadi. “Biror tadbirkor kelib, men ishlamoqchiman desa. Xususiy ipoteka bank murojaat qildi, yaqinda ish boshlayapti. Ular ixtiyoriy ishlatmoqchi”, – dedi vazir.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda eskrou hisobvarag‘ini ochishga 2025 yilning 1 iyulidan ruxsat berilishi aytilgandi. 1 yanvardan esa u majburiy qilinishi kerak edi.

Дилшода Шомирзаева
Muallif Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid