Qurilish sektorida firibgarlik holatlarining avj olib ketishi fonida O‘zbekistonda ham eskrou tizimiga o‘tildi. Bu amaliyot iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishdagi katta bo‘shliqni to‘ldirishi kerak. O‘z navbatida uy-joy narxining yanada tez oshib ketishi bilan bog‘liq xavotirlar ham yo‘q emas. Bu qanchalik asosli?
2025 yil 1 iyuldan boshlab, ulush kiritish asosidagi qurilishlarda quruvchi va xaridor o‘rtasidagi oldi-berdining shakli va mazmuni o‘zgardi. Bunda, hali bitmagan uydan kvartira sotib olmoqchi bo‘lganlar quruvchining o‘ziga emas, bankka to‘lov qiladi. Quruvchilar va banklar o‘zaro kelishuv asosida bankda eskrou hisobvarag‘ini ochadi, ulushdorlar to‘lagan pullar shu hisobvaraqda yig‘iladi. Uy bitmaguncha quruvchi kompaniyalar bu pullardan foydalanolmaydi. Bu tartib 31 dekabrgacha ixtiyoriy bo‘ladi va agar kerakli qonunlar vaqtida qabul qilinsa, 2026 yil 1 yanvardan majburiy kuchga kiradi.
Eskrou tizimi nega joriy etildi?
Ko‘p hollarda uylarni topshirish muddati kechikib, aholi to‘lagan pullar «muzlab» turgani, shartnomalar asosan quruvchi manfaatiga xizmat qilayotgani oxirgi yillarning eng og‘riqli muammolaridan biridir. Bunda to‘gridan to‘g‘ri bitimlar deyarli sug‘urtalanmayapti. Mijozlar qurilish korxonasining «chin so‘ziga» ishonib, katta miqdordagi mablag‘larni ularning qo‘liga topshirib qo‘yyapti. Ya’ni bu borada iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishda katta bo‘shliq bor edi. Aynan firibgarlik bilan bog‘liq holatlardan mijozlarni himoya qilish usuli bor – eskrou tizimidir. Bu dunyo amaliyotida sinovdan o‘tgan yaxshi tajriba.
Masalan, 2019 yil yozidan boshlab Rossiya qurilish sohasida ham ushbu tizimga o‘tildi. Qurilish korxonalari ulush kiritish asosidagi shartnomalardan eskrou hisobraqami asosidagi moliyalashtirishga o‘tdi. Chunki Rossiyada ham quruvchi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma imzolab, keyinchalik, kompaniyaning o‘z majburiyatini bajarmasligi oqibatida minglab odamlar puliga kuyib qolayotgan holatlar falokatli darajada ko‘payib borayotgandi. Eskrou tizimi joriy etilgach, bu holatlarga deyarli barham berildi.
Uy narxlari oshib ketadimi?
Eskrou tizimi bilan bog‘liq eng katta xavotir – uy-joy narxining yanada tez oshib ketishi bilan bog‘liq. Xususan, 17 iyul kuni tashkil etilgan qurilish sohasi vakillari bilan ochiq muloqotda Quruvchilar assotsiatsiyasi raisi Mansur Niyozmuhamedov eskrou hisoblari ommaviy joriy etilganidan keyin quruvchilar aylanma mablag‘ yetishmovchiligi muammosiga duch kelishi mumkinligini kun tartibiga






