O‘zbekiston | 11:41
11307
2 daqiqa o‘qiladi

Gaz uchun to‘lovlar belgilanganidan ko‘p hisoblanyapti. «Hududgazta’minot» izoh berdi

Tabiiy gaz sarfining isitish mavsumi uchun belgilangan 500 kub metrlik bazaviy me’yori O‘zbekistonning barcha hududlarida 2026 yilning 15 martiga qadar uzaytirilgandi. Iste’molchilar 100 kub metrdan keyin to‘lov har kub metr uchun 1800 so‘mdan hisoblanayotganidan shikoyat qilishyapti. «Hududgazta’minot» hisob-kitoblar qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Foto: Kun.uz

Aholi xonadonlarida tabiiy gaz sarfining isitish mavsumi uchun belgilangan 500 kub metrlik bazaviy me’yori O‘zbekistonning barcha hududlarida 2026 yilning 15 martiga qadar uzaytirilgandi.

Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, yangilangan ob-havo prognozlaridan kelib chiqib shunday qarorga kelingan. Sovuq havo massasi faqat shimoliy hududlar emas, respublikaning boshqa hududlariga ham kirishi ehtimoli bor. 500 kubometrlik bazaviy me’yor masalasi 15 martdan keyin ob-havo sharoitiga qarab yana ko‘rib chiqilishi mumkin.

Yuqoridagi holat bo‘yicha Kun.uz’ga bir qator murojaatlar kelyapti. Iste’molchilarning ta’kidlashicha, gaz narxi 100 kub metrdan keyin ba’zaviy me’yor doirasidan tashqarida deb hisoblanyapti. Xususan, mart oyida 162 kub metr gaz yoqilgan xonadonda 62 metr kub uchun 1800 so‘mdan to‘lov hisoblangan va abonent hisobidan 111 ming 600 so‘m yechib olingan.

Yuqoridagi holat bo‘yicha «Hududgazta’minot» AJ qo‘shimcha izoh berdi va hisob-kitoblar qayta amalga oshirilishini ma’lum qildi.

«Tabiiy gaz uchun hisob-kitoblar yuqoridagi o‘zgarishlarga muvofiq qayta hisoblanib, iste’molchilar shaxsiy hisobvaraqlarida to‘g‘ri aks ettirilishi ta’minlanadi. Ob-havo sharoitidan kelib chiqib, zarur hollarda mart oyining ikkinchi yarmida ham qo‘shimcha choralar kiritilishi mumkinligini inobatga olib, billing tizimida mazkur tartib asosida hisob-kitoblarni to‘g‘ri aks ettirish bo‘yicha texnik o‘zgartirishlar kiritiladi», deyiladi rasmiy munosabatda.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid