Aholi xonadonlarida tabiiy gaz sarfining isitish mavsumi uchun belgilangan 500 kub metrlik bazaviy me’yori O‘zbekistonning barcha hududlarida 2026 yilning 15 martiga qadar uzaytirildi.

Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, yangilangan ob-havo prognozlaridan kelib chiqib shunday qarorga kelingan. Sovuq havo massasi faqat shimoliy hududlar emas, respublikaning boshqa hududlariga ham kirishi ehtimoli bor.

“15 martdan keyin esa, ob-havo sharoitidan kelib chiqib, zarur bo‘lsa, qo‘shimcha choralar ko‘riladi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Avvalroq isitish mavsumi uchun limit Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatlari uchun 15 martgacha uzaytirilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, isitish mavsumidan tashqari vaqtdagi bazaviy me’yor oyiga 100 kubometrni tashkil etadi.