Jahon | 11:59
9988
5 daqiqa o‘qiladi

Sergey Shoyguning yana bir sobiq o‘rinbosari qo‘lga olindi

Bungacha Shoyguning uch nafar o‘rinbosari budjet mablag‘larini talon-toroj qilishda gumonlanib, tergovga jalb etilgandi. Tsalikov 30 yil Shoygu bilan ishlagan va uning jamoasidagi eng yaqin odami edi. Shoygu uni qutqarishga harakat qilib, Tuvaga yuborgandi, ammo endi uning o‘zining pozitsiyasi ham zaiflashgani ma’lum bo‘lmoqda.

Foto: Artyom Geodakyan/TASS

Rossiya mudofaa vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Ruslan Tsalikov budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan jinoiy uyushma tuzish ishi bo‘yicha qo‘lga olindi. U Mudofaa vazirligi sobiq rahbari Sergey Shoyguning 2024 yil bahoridan beri tergovga tortilgan to‘rtinchi o‘rinbosari bo‘ldi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Tsalikov talon-toroj qilish va pul yuvish bo‘yicha 12 ta, shuningdek, pora olish bo‘yicha ikkita epizodda gumonlanuvchiga aylanganini ma’lum qilgan.

Tergov versiyasiga ko‘ra, Tsalikov jinoiy uyushma tuzgan, uning a’zolari 2017–2024 yillarda budjet mablag‘larini o‘g‘irlab, ularni «yuvish» bilan shug‘ullangan.

Bu davrda Sergey Shoyguning uzoq yillik safdoshlaridan biri bo‘lgan Tsalikov mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan hamda idoraning media va PR-faoliyatiga mas’ul bo‘lgan.

«Kommersant» manbalariga ko‘ra, gap armiya uchun ashyoviy mulklarni «Voyentorg» kompaniyasi orqali oshirilgan narxlarda yetkazib berish haqida ketmoqda.

Tergov versiyasiga ko‘ra, noqonuniy daromadlar keyin ko‘chmas mulklarga pul sarmoya kiritish orqali legallashtirilgan, davlatga yetkazilgan jami zarar miqdori taxminan 6,6 mlrd rublga baholanmoqda.

Tergovchilar taxminiga ko‘ra, Tsalikov porani 2019 va 2020 yillarda RF mudofaa vazirligi uchun tadqiqot va qidiruv ishlarini olib borish bilan shug‘ullangan kompaniyalardan olgan.

«Kommersant» manbasiga ko‘ra, Tsalikov aybiga iqror bo‘lmagan, ammo haqiqat yuzaga chiqishi uchun kuchishlatar idoralar bilan hamkorlikka tayyorligini bildirgan.

Mudofaa vazirligida rahbariyat almashinuvi Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan taxminan ikki yil o‘tib ro‘y bergandi.

2024 yil iyunida, Andrey Belousov yangi mudofaa vaziri etib tayinlanganida, Tsalikov Shoyguning boshqa o‘rinbosarlari bilan birgalikda vazirlikni tark etgandi.

2024 yil sentabrida Tsalikov Tiva parlamenti deputatiga aylanadi – bu Shoygu tug‘ilgan regiondir. U ushbu respublikadan senator bo‘lishi kutilgandi, ammo yakunda uning nomzodi ilgari surilmay qoldi.

Shoygu mudofaa vazirligidan ketganidan keyin bir qancha yuqori martabali mulozimlar, jumladan, uning ikki o‘rinbosari Pavel Popov va Dmitriy Bulgakov hibsga olindi. Shoyguning yana bir o‘rinbosari, Timur Ivanov uning iste’fosidan uch hafta oldin tergovga jalb etilgandi.

Shoyguning o‘zi iste’fodan keyin Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimini olgan.

BBC rus xizmati muxbiri Ilya Barabanov: Tsalikov hibsga olinishi – Shoyguga jiddiy zarba

Ruslan Tsalikov Sergey Shoyguning tergov izolyatoriga joylashtirilgan to‘rtinchi sobiq o‘rinbosari bo‘ldi. Shu bilan birga, u Shoyguga jamoasining unga eng yaqin bo‘lgan a’zosi edi.

Ular 30 yildan ortiq vaqt davomida birga ishlagan. Tsalikov FVV tuzilmasiga 1994 yilda ishga kelgan. Shoygu Moskva oblastiga qisqa muddatga gubernatorlik qilganida uni o‘zining vitse-gubernatori qilib olgan. Keyin u bilan birga Mudofaa vazirligiga ko‘chib o‘tgandi.

Shoygu iste’foga chiqishidan biroz oldin uning o‘rinbosari Timur Ivanov, undan keyin esa Dmitriy Bulgakov va Pavel Popov hibsga olingan. Shoygu Tsalikovni qutqarishga harakat qildi. Shimoliy Osetiyada tug‘ilgan sobiq o‘rinbosarini o‘z vatani Tuvaga yubordi, u yerda u Oliy Xural deputati etib saylandi, keyin esa ushbu regiondan Federatsiya Kengashi a’zosi bo‘lishi rejalashtirilgandi.

2024 yil sentabr oyida, Tuva deputatlari Tsalikovni Moskvaga ko‘tarish masalasini ko‘rib chiqmaydigan va u senatorga aylana olmaydigan bo‘lgach, Tsalikov zaif pozitsiyada qolayotgani va Shoyguning yon bosishi unga yordam bermasligi ma’lum bo‘lgandi.

Endi, oradan bir yarim yil o‘tib, sobiq mudofaa vaziri jamoasining eng yaqin a’zosi hibsga olindi. Demak, Sergey Shoyguning pozitsiyasi ham istalgan vaqtda zaiflashishi mumkin.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid