O‘zbekiston | 14:30 / 06.03.2026
2667
2 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorni noqonuniy jarimaga tortgan soliqchilar jazolandi

Taxiatosh tuman soliq inspeksiyasi tadbirkora nisbatan 10 mln so‘m jarima qo‘llagan. Keyinchalik amalga oshirilgan qo‘shimcha o‘rganishlar soliq tekshiruvi noqonuniy tarzda amalga oshirilganligini ko‘rsatgan. Mazkur holat yuzasidan soliq inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud qarori bilan ularga BHMning 20 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Foto: Davlat Soliq qo‘mitasi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yurituvchi «S.M.» MChJ rahbari o‘z huquqlarini himoya qilishni so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, Taxiatosh tuman soliq inspeksiyasi o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvi natijasiga ko‘ra, tadbirkorlik subektiga nisbatan 10 mln so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llagan.

O‘rganishlar natijasida tekshirishning belgilangan tartiblari hamda qaror qabul qilishda Vazirlar Mahkamasining 07.01.2021 yildagi 1-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom talablari buzilganligi ma’lum bo‘lgan.

Xususan, tekshirish dalolatnomasi jamiyat rahbari yoki vakillari ishtirokisiz tuzilgan, tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi to‘ldirilmagan, tekshiruvga xolis guvohlar jalb etilmagan.

Mazkur holat yuzasidan ko‘rilgan choralar natijasida soliq inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud qarori bilan ularga BHMning 20 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. Shuningdek, Nukus tumanlararo ma’muriy sudi soliq organining qarorini haqiqiy emas deb topdi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid