Iqtisodiyot | 12:36
4404
6 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdagi urush dollarga talabni yana oshirdi. Nega?

Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida investorlar xavfsiz aktiv sifatida yana dollarga murojaat qila boshladi. Ekspertlarning ta’kidlashicha, ushbu omil ham AQSh valutasiga tayanadigan moliyaviy tartibotdan ko‘p markazli tizimga o‘tish jarayoni oson kechmasligini anglatadi. Xalqaro hisob-kitoblar banki ma’lumotlariga ko‘ra, dollar valuta bozoridagi barcha operatsiyalarning qariyb 89 foizida ishtirok etyapti va bu oxirgi 25 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich.

Foto: AP

Investorlar Yaqin Sharqda vaziyatning keskinlashishi fonida faol ravishda dollar sotib olishni boshlashdi. Bu esa AQSh valutasiga tayanadigan tartibdan ko‘p markazli tizimga o‘tish jarayoni oson kechmasligini anglatadi, deya yozdi Reuters.

AQSh va Isroilning Eronga hujumidan keyin butun mintaqaga yoyilayotgan urush dollar qiymatini oshiryapti. Investorlar dunyodagi eng likvid aktiv hisoblangan dollarga nisbatan «xavfsizlik bandargohi» sifatida qarashyapti.

Yilning dastlabki ikki oyida eng yaxshi natija ko‘rsatgan aksiya indekslari qulayapti. Masalan, Janubiy Koreyaning KOSPI indeksi — fevral oyigacha 50 foizga oshgan bo‘lsa, atigi ikki kun ichida qariyb 20 foizga qiymatini yo‘qotdi. Xususiy kredit fondlaridan pulni qaytarib olishlar keskin ko‘paygan. Dollar esa ikki kun ichida 2 foizga qimmatlashdi, AQSh g‘aznachilik obligatsiyalari rentabelligi ham tez ko‘tarilyapti.

Satori Insighs asoschisi Matt Kingning ta’kidlashicha, dollar kursining keskin oshishi iqtisodiy o‘sish yoki inflatsiya prognozlari qayta baholangani bilan bog‘liq emas. Asl sabab — oddiygina «pul oqimi». Ya’ni so‘nggi oylar davomida ko‘plab bozorlarda shakllangan spekulyativ «ko‘pik» tezda so‘na boshladi va investorlar shoshilinch tarzda likvidlik izlashyapti. Bu esa dollar qadrsizlanishi haqida xavotirlar bo‘lishiga qaramay, real xavf paytida investorlar baribir Amerika valutasiga muhtoj bo‘lib qolishini ko‘rsatadi.

O‘tish davri

Joriy vaziyat quyidagi savolni o‘rtaga chiqaryapti: agar dollar gegemonligi qisqarishda davom etsa, kelajakdagi inqirozlar paytida nima bo‘ladi?

Dollar global savdo, moliyalashtirish va valuta zaxiralari tizimidagi mutlaq yetakchi maqomini yo‘qota boshlaganiga qariyb chorak asr bo‘ldi. Bu jarayon 1999 yilda yevroning paydo bo‘lishi va 2001 yilda Xitoyning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi bilan boshlangan.

Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2000-yillar boshida global valuta zaxiralarining 70 foizidan ortig‘ini dollar tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ulush 57 foizgacha qisqargan. Ammo bu pasayish juda sekin kechgani sababli, dollar likvidligi baribir o‘sishda davom etdi. 2008 yilgi global moliyaviy inqiroz va 2020 yilgi pandemiya shoklaridan keyin ham global moliyaviy tizim likvidlik tanqisligiga qarshi muayyan «himoya yostiqchalari»ni yaratishga muvaffaq bo‘lmadi. Biroq ilgari dollar likvidligi orqali jahon iqtisodiyoti va bozorlarining ishlashini osonlashtirgan moliyaviy institutlar, qoidalarga asoslangan global tartib va globallashuv zaiflashyapti. So‘nggi bir yil ichida qator yirik savdo, siyosiy va harbiy mojarolar yuzaga chiqdi va global investitsiya muhiti nihoyatda xavfli maydonga aylandi.

Shu fon ostida Kaliforniya universiteti professori va xalqaro kapital oqimlari hamda valutalar bo‘yicha taniqli mutaxassis Barri Eichengrin 17 mart kuni «Money Beyond Borders: Global Currencies from Croesus to Crypto» nomli yangi kitobini nashr qilyapti.

Eichengrin pulning 2500 yillik tarixini tahlil qiladi, tizim uchun muhim bo‘lgan valutalar qanday qilib yetakchilikka chiqishi va keyinchalik asta-sekin yo‘qolib borishini tushuntiradi. Shuningdek, u dollar va kriptovalutalarning kelajakdagi roli haqida o‘z fikrini bildiradi.

Uning ta’kidlashicha, hozircha xalqaro savdo, moliyalashtirish, hisob-kitoblar va valuta zaxiralari bo‘yicha dollar o‘rnini bosa oladigan boshqa valuta yo‘q. Biroq dollarning pasayib kelayotgan pozitsiyasi tezlashishi mumkin.

«Men oldingiga qaraganda ko‘proq xavotirdaman. Dollar uchun aniq muqobil valuta yo‘q. Shuning uchun kelayotgan o‘tish davri juda sekin va oson bo‘lishiga umid qilishimiz kerak. Ammo endi biz hamma narsa silliq sodir bo‘ladigan dunyoda yashamayotganimizni ko‘ryapmiz», deydi Eichengrin.

«Juda nozik davr»

So‘nggi kunlardagi voqealar dunyo hali ham dollarga qanchalik muhtojligini ko‘rsatyapti. Xalqaro hisob-kitoblar banki ma’lumotiga ko‘ra, barcha valuta operatsiyalarining 89 foizida AQSh dollari ishtirok etadi. Bu so‘nggi 25 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Keyingi o‘rinda yevro turadi — u barcha operatsiyalarning 29 foizida qatnashadi.

Shuningdek, xalqaro to‘lovlarning qariyb 50 foizi dollarda amalga oshiriladi. Agar yevro hududi ichidagi to‘lovlar ham hisobga olinsa, bu ulush taxminan 60 foizga yetadi, deyiladi Federal rezerv tadqiqotida.

Xalqaro banklarning tashqi aktivlari va xorijiy valutadagi talablarining taxminan 55 foizi, majburiyatlarining esa 60 foizi dollarda ifodalangan.

Bugungi kunda dunyo xom neft savdosining taxminan 20 foizi dollar tashqarisidagi valutalarda, masalan, yevro yoki yuanda, qolgan qismi hali ham AQSh valutasida amalga oshiriladi.

Eichengrin uzoq vaqtdan beri ko‘p qutbli global pul-moliyaviy tizimi dunyo uchun foydali bo‘lishiga ishonib keladi va buni tabiatdagi xilma-xil ekotizimning sayyora uchun qanchalik ahamiyatli ekanligi bilan qiyoslaydi.

«Hozircha global likvidlikni ta’minlashda dollar o‘rnini bosa oladigan boshqa manbalar yetarli darajada shakllanmagan. Shu sababli biz tarixning juda nozik nuqtasida turibmiz», deydi Eichengrin. 

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid