O‘zbekiston | 14:20
1744
2 daqiqa o‘qiladi

5 tumanda 15 ta zamonaviy bekat majmuasi o‘rnatildi

Toshkent shahrida avtobus bekatlarini yangilash va ularning sonini ko‘paytirish bo‘yicha tadbirkorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida 5 ta tumanda 15 ta zamonaviy bekat majmuasi o‘rnatildi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Avvalroq poytaxtda avtobus bekatlarini yangilash va ko‘paytirish maqsadida tadbirkorlar bilan hamkorlik mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilingan edi. Ushbu tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad shahar aholisi va mehmonlari uchun jamoat transportidan foydalanishni yanada qulay, xavfsiz va shinam qilishdan iborat.

Bugungi kunda tadbirkorlar ushbu shartlar asosida loyihalarni amalga oshirishga kirishdi. Xususan, Bektemir, Yangihayot, Sergeli, Olmazor va Shayxontohur tumanlaridagi 15 ta manzilda zamonaviy bekat majmualari o‘rnatildi.

Mazkur bekatlar transport kutish jarayonini xavfsiz va qulay qilish, shuningdek, shahar infratuzilmasini zamonaviy standartlarga moslashtirish maqsadida barpo etilmoqda.

Hamkorlik doirasida tadbirkorlar tomonidan o‘rnatiladigan bekatlar yagona konstruksiya va dizaynga mos bo‘lishi, chiqindi qutilari bilan jihozlanishi, videokuzatuv kameralari hamda favqulodda yordam chaqirish tugmalari bilan ta’minlanishi belgilangan.

Shuningdek, bekatlarda jamoat transporti kelish vaqti haqida xabar beruvchi elektron tablolar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Tijorat faoliyati uchun xonalar yoki qo‘shimcha binolar qurish taqiqlanadi.

Bekat perronlari to‘siqsiz muhit standartlariga mos bo‘lishi, zamonaviy me’moriy yechimlar asosida granit plitalar yotqizilishi talab etiladi.

Shu bilan birga, bekatlarning yon devorlariga roll-up turidagi reklama konstruksiyalari va animatsion panellar, orqa devorlariga esa reklama pannolarini joylashtirish imkoniyati yaratilgan.

Qayd etilishicha, bunday hamkorlik shakli tadbirkorlarga o‘z biznesini rivojlantirish bilan birga poytaxt aholisi uchun yanada qulay va zamonaviy shahar muhitini yaratishga hissa qo‘shish imkonini beradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid