Jamiyat | 08:35
1548
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda renovatsiyaning birinchi bosqichi boshlandi

Poytaxtda renovatsiya loyihalarini amalga oshirish ishlarining birinchi bosqichi start oldi. Unda aholi, tashabbuskor guruhlar va loyiha ishtirokchilariga renovatsiya jarayoni, ko‘chirish shartlari, kompensatsiya tartibi hamda boshqa muhim masalalar yuzasidan batafsil ma’lumot berish ko‘zda tutilgan.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahri hokimi Shavkat Umrzoqov boshchiligidagi ishchi guruh Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlaridagi renovatsiya hududlarida tashkil etilgan maxsus shtablar faoliyati bilan tanishdi.

Jumladan, Yashnobod tumanidagi Jarqo‘rg‘on, Mirobod tumanidagi A.Fitrat hamda Sergeli tumanidagi Xonobodtepa mahallalarida joylashgan shtablar faoliyati ko‘zdan kechirildi.

Ma’lum qilinishicha, bunday shtablar har bir renovatsiya hududida tashkil etiladi. Ularning tarkibiga hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, soliq idoralari, Majburiy ijro byurosi, kommunal xizmatlar, kadastr, adliya va qurilish tashkilotlari vakillari, shuningdek, gaz, elektr energiyasi, suv va issiqlik ta’minoti sohasi mutaxassislari, banklar hamda notariat idoralari jalb qilingan.

Shtablarning asosiy vazifasi aholi bilan bevosita muloqot qilish, renovatsiya mexanizmlarini tushuntirish, fuqarolarning savollariga javob berish, ularning taklif va mulohazalarini o‘rganish hamda har bir oilaning o‘ziga xos holatlarini inobatga olishdan iborat.

Aholi bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda renovatsiya loyihalarini amalga oshirish tartibi, ko‘chirish jarayoni, hujjatlarni rasmiylashtirish, kompensatsiya to‘lovlari, amalga oshirish muddatlari va huquqiy kafolatlar kabi masalalar muhokama qilinmoqda. Shuningdek, fuqarolarni joylashtirishning eng qulay va maqbul variantlari bo‘yicha ham fikr almashilmoqda.

Shavkat Umurzoqov renovatsiya jarayonida fuqarolar manfaatlari ustuvor ahamiyatga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, aholini qurilishi tugallangan, yashash uchun tayyor bo‘lgan va qiymati jihatidan teng hisoblangan yangi xonadonlar bilan ta’minlash asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

Bu esa fuqarolarga yangi uylar qurib bitkazilishini yillab kutib o‘tirmasdan, imkoni boricha qisqa muddatlarda yangi xonadonlarga ko‘chib o‘tish imkonini beradi. Shuningdek, ko‘chirish jarayonida aholining o‘z tumanida yoki o‘zi ko‘nikkan shahar muhitida yashashini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid