Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Angrenda daydi itlar hujumi oqibatida 8 yoshli bola halok bo‘ldi
Angren shahrida maktabdan qaytayotgan 8 yoshli bolani daydi itlar talab o‘ldirgani haqida xabar tarqaldi. Viloyat hokimligi hodisa o‘rganilayotgani, shaharda daydi itlarni tutish ishlari kuchaytirilganini ma’lum qildi. Kun.uz'ga murojaat qilgan angrenliklarga ko‘ra, daydi itlar muammosi anchadan beri bor, bu haqda mas’ul tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilingan.
Daydi itlarni tutish ishlari / Foto: Toshkent viloyati hokimligi
Toshkent viloyati Angren shahrida 8 yoshli bola daydi itlar hujumiga uchragani haqida xabar tarqaldi. Ijtimoiy tarmoqlardagi bu xabarlarni viloyat hokimligi o‘rganmoqda.
Kun.uz'ga aloqaga chiqqan angrenliklardan biriga ko‘ra, bola onasi bilan Angren shahrining Istiqlol mahallasida ijarada yashab kelgan. U maktabdan uyiga qaytib kelayotgan paytda, itlar uni talab tashlagani aytilyapti.
Qo‘shnilarning aytishicha, maktabdan qaytishi kechikayotgan o‘g‘lidan xavotir olgan ona bolani izlab chiqqan va uni og‘ir jarohatlar bilan topgan. Ayolning o‘zi ham bu holatdan keyin ahvoli yomonlashib qolgan.
Hokimlik izohi
Toshkent viloyati hokimligining 7 mart kungi axborotiga ko‘ra, hodisa yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan tezkor chora-tadbirlar va o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
“Ayni paytda shahar va viloyat hududida daydi hayvonlarni nazorat qilish, ularni tutish hamda belgilangan maxsus joylarda saqlash ishlari kuchaytirildi.
Chora-tadbirlar natijasida o‘quvchi bolani talagan it ham Angren shahar obodonlashtirish bo‘limi daydi hayvonlarni tutish guruhi tomonidan tutildi va akt tuzilib, maxsus saqlash joyiga olib borildi”, – deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, kuni kecha viloyat hokimligi mas’ullari ishtirokidagi shoshilinch muhokamada mutasaddi tashkilotlar – obodonlashtirish xizmati, veterinariya bo‘limi, sanitariya-yepidemiologik osoyishtalik xizmati hamda boshqa mas’ul idoralarga tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
“Aholi xavfsizligini ta’minlash, daydi hayvonlarni tutish va zararsizlantirish, kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Mazkur masala alohida nazoratga olingan bo‘lib, jamoatchilik xavfsizligini ta’minlash borasida barcha zarur choralar ko‘riladi”, – deya ma’lum qildi Toshkent viloyati hokimligi.
“Juda ko‘p murojaat qilganmiz”
Kun.uz bilan bog‘langan murojaatchiga ko‘ra, uning farzandlari ham shu hudud orqali maktabga borib-qaytadi va mahallada ko‘pchilik daydi itlardan xavotirda yashaydi.
“Angren shahar hokimligiga, obodonlashtirish boshqarmasiga juda ko‘p murojaat qilganmiz. Har safar bir tashkilot boshqasiga yo‘naltiradi. Surat va videolarini ham yuborganman. Daydi itlar mahallalar ichiga bemalol kirib kelaveradi”, deydi u.
Aholi vakilining so‘zlariga ko‘ra, hududda eski bog‘lar va tashlandiq qurilish obektlari ko‘p bo‘lib, mas’ullar itlarni ushlash qiyinligini shu bilan izohlab kelgan. Ayrim hollarda tutilgan itlar ham qayta qo‘yib yuborilgani aytilmoqda.
“Yanvar oxiri – fevral oylarida ham bu masala bo‘yicha shikoyat qilganmiz. Oradan ko‘p o‘tmay, fojia bir bolaning o‘limi bilan tugadi. Hammamiz qo‘rqib turamiz, bolalarimizdan xavotir olamiz”, – deydi u.
Mavzuga oid
12:16
Prezident pedofil-retsidivistlar uchun umrbod qamoq jazosi kiritilayotganiga izoh berdi
10:58
Angrendagi fojia ortidan: daydi itlarga qarshi choralar kuchaytirildi
15:46 / 06.03.2026
Qibrayda taqiqlangan dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi
14:46 / 06.03.2026