Jahon | 13:01
917
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Venesuela diplomatik munosabatlarni tiklamoqda

Vashington Venesuela xalqiga “demokratik yo‘l bilan saylangan hukumatga tinch o‘tish uchun sharoit yaratadigan bosqichma-bosqich jarayon” doirasida olg‘a siljishga yordam berishda davom etishini ma’lum qildi.

Foto: Celal Gunes/AA/picture alliance

Vashington va Venesuelaning vaqtinchalik hokimiyati diplomatik va konsullik munosabatlarini tiklash to‘g‘risida kelishib oldi. Bu haqda 5 mart, payshanba kuni AQSh Davlat departamenti ma’lum qildi. “Bu qadam barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiy tiklanishni qo‘llab-quvvatlash va Venesuelada siyosiy yarashuvni ilgari surish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarimizga xizmat qiladi”, — deb ta’kidlandi Amerika tashqi siyosiy idorasida.

Vashington Venesuela xalqiga “demokratik yo‘l bilan saylangan hukumatga tinch o‘tish uchun sharoit yaratadigan bosqichma-bosqich jarayon” doirasida olg‘a siljishga yordam berishda davom etishini bildirdi. Davlat departamenti ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar mintaqadagi hamkorlar bilan birgalikda barqarorlik va farovonlikni mustahkamlash yo‘lida hamkorlikka sodiq bo‘lib qoladi.

Bundan oldin, 27 fevral kuni, Venesuelaning vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges AQSh prezidenti Donald Trampni o‘z mamlakatiga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishga va Venesuela neftiga qo‘yilgan blokadani olib tashlashga chaqirgan edi. Rodriges 2025 yil yanvar boshida Qo‘shma Shtatlar tomonidan Nikolas Maduroning hokimiyatdan ag‘darilishiga qaramay, ikki mamlakatni bir-biriga “do‘st” deb hisoblashini ta’kidladi. U, shuningdek, Karakas hukumati “AQSh bilan hamkorlikning yangi kun tartibini ochish”ga intilmoqda, deb bayonot berdi.

Nikolas Maduro amerikalik harbiylar tomonidan qo‘lga olinganidan keyin Rodriges Vashington bilan hamkorlik qila boshladi. Venesuela hokimiyati siyosiy mahbuslarga nisbatan amnistiya to‘g‘risida qonun qabul qildi, bu esa hukumatga qarshi namoyishlar ayrim ishtirokchilarini, shuningdek Maduro rejimini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan sobiq amaldorlar va harbiylarni javobgarlikdan ozod qildi.

Rodriges, shuningdek, foydali qazilmalar to‘g‘risidagi qonunlarning yirik islohotiga erishdi, bu esa Venesuelaning neft sektorini xorijiy investitsiyalar uchun ochdi. 24 fevral kuni murojaatida Donald Tramp AQSh allaqachon Venesueladan — Vashingtonning “yangi do‘sti va hamkori”dan taxminan 89 million barrel neft olganini aytdi.

Nikolas Maduro 3 yanvar kuni amerikalik harbiylar tomonidan qo‘lga olingan va AQShga olib ketilgan. U Nyu-Yorkda hibsda saqlanmoqda va unga qarshi “narkoterrorizm” ayblovi bo‘yicha sud bo‘lishi kutilmoqda.

Venesuela Oliy sudi Delsi Rodrigesni vaqtincha prezident etib tayinladi. Uning Maduro davrida vitse-prezident bo‘lganiga qaramay, u Donald Trampning qo‘llab-quvvatloviga ega. Venesuelaning neft zaxiralariga qiziqqan AQSh ma’muriyati Rodrigesga siyosiy mahbuslarni ozod qilishga erishish maqsadida bosim o‘tkazmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid