Texnologiya | 07:32
1218
4 daqiqa o‘qiladi

Jahonda superkompyuterlar: qaysi davlatlar yetakchi?

Bugungi kunda superkompyuterlar hamma joyda qo‘llanmoqda - ob-havoni prognoz qilishdan va o‘ta murakkab simulyatsiyalarni o‘tkazishdan tortib, sun’iy intellekt tizimlarini ishlab chiqish hamda mudofaa vazifalarini hal etishgacha.

Foto: Pinterest

Mamlakatda bunday mashinalar soni uning texnologik va iqtisodiy salohiyati ko‘rsatkichi bo‘lib xizmat qiladi, shuningdek, ilg‘or ilmiy tadqiqotlar sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni ham aks ettiradi.

Yangi infografika 2025 yil noyabr holatiga ko‘ra top-500 ro‘yxati ma’lumotlariga asoslangan bo‘lib, davlatlarni o‘rnatilgan superkompyuterlar soni bo‘yicha saralaydi.

AQSh 171 ta tizim bilan reytingda ishonchli ravishda yetakchilik qilmoqda. Bu ikkinchi o‘rinni egallagan Yaponiyaga nisbatan to‘rt baravar ko‘p bo‘lib, u yerda 43 ta superkompyuter mavjud. Keyingi o‘rinlarda Xitoy va Germaniya joylashgan — har ikki mamlakatda ham 40 tadan tizim bor.

Taqsimot yetakchilar tomonga yaqqol “og‘ishgan”: ilk uch mamlakat hissasiga qolgan 43 ta davlatning barchasi jamiga to‘g‘ri keladigan superkompyuterlar sonidan ham ko‘proq tizim to‘g‘ri keladi. Jami hisobda 26 ta mamlakat beshta yoki undan kam tizimga ega, 11 ta mamlakatda esa atigi bittadan superkompyuter bor.

Qizig‘i shundaki, hududi jihatidan kichik mamlakatlar ham har doim ortda qolavermaydi. Masalan, Singapurda beshta superkompyuter bor — bu Rossiya va Hindistondagi son bilan bir xil. Yaqinda Singapur hukumati Yangi superkompyuter markazini ishga tushirdi va shu orqali Janubi-Sharqiy Osiyoda sun’iy intellekt sohasida yetakchiga aylanishni maqsad qilgan.

Sun’iy intellekt rivojlanishi bilan superkompyuterlarga bo‘lgan talab jadal o‘smoqda, chunki uni o‘qitish va ishlatish ulkan hisoblash resurslarini talab qiladi — bu resurslarni oddiy kompyuterlar imkoniyatlari bilan solishtirib bo‘lmaydi.

Superkompyuterlar turlicha bo‘lishi mumkin, ammo umuman olganda, ularning barchasi ulkan va murakkab ma’lumotlar massivlarini o‘ta tez qayta ishlash uchun mo‘ljallangan. Shu tufayli ular sog‘liqni saqlash, iqlimshunoslik va materialshunoslik kabi sohalarda qaror qabul qilishga yordam beradi. Aynan shuning uchun ham superkompyuterlar ko‘pincha zamonaviy davrning eng muhim muammolarini hal etish kaliti deb ataladi.

Shimoliy Yevropa mamlakatlari hamkorlik yo‘lini tanlab, o‘z hisoblash resurslaridan o‘zaro foydalanish imkonini yaratgan. Bu esa “ilmiy ustunlikni qo‘llab-quvvatlash” va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga ko‘maklashish uchun xizmat qilmoqda.

Masalan, Finlandiyada joylashgan va dunyodagi eng qudratli superkompyuterlar o‘ntaligiga kiruvchi (to‘qqizinchi o‘rin) LUMI superkompyuteri dastlab xalqaro loyiha sifatida yaratilgan. Uni Shimoliy Yevropa davlatlari va Estoniyani ham o‘z ichiga olgan o‘n mamlakat konsorsiumi boshqaradi. Loyihaning maqsadi — resurslardan birgalikda foydalanish va tadqiqotchilarning ilg‘or hisoblash quvvatlari imkoniyatlarini kengaytirish.

Yevropada esa Yevropa Ittifoqi ko‘magida superkompyuterlarda samarali ishlaydigan yangi sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqishga yo‘naltirilgan RAISE markazi tashkil etilgan. Shu bilan bir paytda, AQSh sun’iy intellekt sohasidagi kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirib, milliy laboratoriyalarni tobora qudratliroq hisoblash klasterlari bilan jihozlamoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid