Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Minobdagi maktabga zarba: AQSh gumon qilinmoqda
Reuters yozishicha, amerikalik harbiy tergovchilar Eron janubidagi Minob shahridagi qizlar maktabi hududidagi zarba uchun AQSh qo‘shinlari mas’ul bo‘lishi ehtimolini yuqori deb hisoblamoqda. NYT esa bu hujum AQShning Islom inqilobi muhofizlari korpusi dengiz kuchlari bazasiga bergan zarbalari bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelganini yozmoqda.
Foto: Abbas Zakeri/Mehr News/WANA/REUTERS
Amerikalik harbiy tergovchilar AQSh qo‘shinlari Eron janubidagi Minob shahridagi qizlar maktabi atrofidagi zarba uchun javobgar bo‘lishi ehtimolini yuqori deb hisoblamoqda. Islom Respublikasining davlat OAV ma’lumotiga ko‘ra, 28 fevral kuni raketa tushishi oqibatida u yerda kamida 175 kishi, jumladan ko‘plab bolalar halok bo‘lgan. Bu haqda 5 mart, payshanba kuni Reuters agentligi ikki nafar amerikalik amaldorga tayanib xabar qildi.
Ayni paytda tergov hali yakunlanmagan va tergovchilar hozircha uzil-kesil xulosaga kelmagan.
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset 4 mart kuni amerikalik harbiylar ushbu hodisani tekshirayotganini tasdiqladi. “Biz, albatta, hech qachon fuqaroviy obektlarni nishonga olmaymiz. Lekin biz buni o‘rganyapmiz va tergov qilyapmiz”, — dedi u brifing chog‘ida.
Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) vakili Nadav Shoshani esa 1 mart kuni jurnalistlarga, 28 fevral kuni “ushbu hududda” Isroilning biror harbiy operatsiyasi bo‘lgani haqida “hozircha” unda ma’lumot yo‘qligini aytgan.
Shu bilan birga, The New York Times (NYT) o‘z tahlili natijalariga ko‘ra, maktab binosi yaqin atrofda joylashgan va Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK, Eron qurolli kuchlarining elita qismi) nazoratidagi dengiz bazasiga qilingan hujumlar bilan bir vaqtda berilgan yuqori aniqlikdagi zarba oqibatida jiddiy shikastlanganini xabar qildi.
NYT yozishicha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida joylashgan, IIMK bazasi bor hududda AQSh kuchlari dengiz nishonlariga zarba bergani haqidagi rasmiy bayonotlar aynan shu hujumni, ehtimol, AQSh amalga oshirganini taxmin qilish imkonini beradi. Gazeta Planet Labs provayderining sun’iy yo‘ldosh suratlarini tahlil qilgan. Nashr aniqlashicha, o‘sha kun Eronda ish haftasining boshlanishi bo‘lgani uchun zarba paytida bolalar va o‘qituvchilar sinfxonalarda bo‘lgan.
Suratlarda kamida oltita IIMK binosi, shuningdek maktab ham bir nechta yuqori aniqlikdagi zarbalarga uchragani ko‘rinadi. IIMK dengiz bazasidagi to‘rtta bino to‘liq vayron qilingan, yana ikkita bino tomida ham zarba izlari ko‘rinadi.
Ilgari AQSh Havo kuchlarida xizmat qilgan va Pentagonda fuqaroviy qurbonlar masalalari bo‘yicha katta maslahatchi sifatida ishlagan milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha tahlilchi Ues Brayant maktab “nishon sifatida noto‘g‘ri aniqlangan” deb hisoblaydi. Uning fikricha, amerikalik harbiylar obektga hujum qilganida u yerda ko‘p sonli fuqarolar bo‘lishi mumkinligini anglamagan.
Gazetaning aniqlashtirishicha, Brayant Donald Tramp ma’muriyatiga tanqidiy munosabatda.
Eronning Hurmuzg‘on viloyatidagi Minob shahrida joylashgan “Shajare Tayyebe” qizlar maktabi 28 fevral ertalab vayron qilingan. Minob okrugi prokurorining aytishicha, halok bo‘lganlarning aksariyati ushbu maktab o‘quvchilari bo‘lgan. Eronda motam e’lon qilingan.
Internetda tarqalgan hodisa joyiga oid videotasvirlarning haqiqiyligini Reuters agentligi, Britaniyaning BBC mediakompaniyasi, Amerikaning The Washington Post gazetasi va fors tilidagi faktcheking xizmati Factnameh kabi yirik OAV faktchekerlari tasdiqladi. Yozuvlarda maktabning vayron bo‘lgan binosi, uning ustidan ko‘tarilayotgan tutun va u tomon yugurayotgan odamlar ko‘ringan. Eron OAV e’lon qilgan suratlarda esa vayronalar orasida qonga belangan ryukzaklar va qoplarga solingan jasadlar ko‘ringan.
AQSh va Isroil 28 fevral ertalab Eron hududiga zarbalar bera boshladi. Islom Respublikasi bunga javoban Isroilga va Yaqin Sharqda Vashingtonning mintaqadagi ittifoqchilari bo‘lgan davlatlarga dronlar va raketalar bilan hujum qildi. Tehronning ta’kidlashicha, Eron zarbalarining nishonlari aynan shu mamlakatlardagi Amerika harbiy bazalaridir.
Eronda qurbonlar soni haqidagi baholar 500 nafardan 1000 nafardan ortiq kishigacha farq qilmoqda. Kuvaytdagi Amerika aviabazasiga berilgan zarba natijasida olti nafar amerikalik askar halok bo‘lgan. Isroilda 11 kishi halok bo‘lgani xabar qilinmoqda. Livanda qurbonlar haqidagi ma’lumotlar 10 nafardan 50 nafardan ortiqqacha farq qiladi. Ummon, Iroq, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va Kuvaytda taxminan 10 kishi halok bo‘lgan.
AQSh va Isroilning harbiy operatsiyasi natijasida Eron oliy rahbari Ali Xominaiy hamda Islom Respublikasining yana bir qator yuqori lavozimli amaldorlari o‘ldirilgan. AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning yangi rahbariyatini tanlashda shaxsan ishtirok etish niyatida ekanini bildirdi.
Islom Respublikasi oliy rahbari lavozimiga asosiy da’vogar sifatida halok bo‘lgan oyatullohning o‘g‘li Mujtabo Xominaiy ko‘rilmoqda. Tehron hozircha aynan u bu lavozimni egallashini ma’lum qilmagan.
Yevropa Ittifoqi Yaqin Sharqdagi voqealar yuzasidan jiddiy tashvish bildirdi. Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya yetakchilari Eronning mintaqa davlatlariga qilgan hujumlarini qat’iy qoralab, Tehronni muzokaralarga chaqirdi. BMT Xavfsizlik kengashi favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham Isroil—AQSh hujumlarini, ham Eronning javob zarbalarini qoralab, vaziyat nazoratdan chiqib ketishi xavfi borligidan ogohlantirdi.