Jahon | 08:41
4612
3 daqiqa o‘qiladi

Qatar neft bozori uchun jiddiy xatar haqida ogohlantirdi

Qatar energetika vaziri mintaqadagi barcha mamlakatlar bir necha hafta ichida neft qazib olishni to‘xtatishi mumkinligini istisno etmadi. Eronga qarshi urush fonida Brent rusumidagi neft narxi 2024 yil iyulidan beri eng yuqori darajaga yetdi.

Foto: REUTERS

Qatar AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi mintaqa energetika resurslari ta’minoti uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Agar vaziyat o‘zgarmasa, Fors ko‘rfazida neft qazib oluvchi barcha mamlakatlar bir necha hafta ichida qazib olishni to‘xtatishi mumkin, dedi Qatar energetika vaziri Saad al-Kaabi 6 mart, juma kuni e’lon qilingan The Financial Times gazetasiga bergan intervyusida. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatda neft narxi bir barrel uchun 150 dollargacha ko‘tarilishi mumkin.

“Hali fors-major haqida e’lon qilmagan barcha tomonlar, agar vaziyat o‘zgarmasa, yaqin bir necha kun ichida shunday qilishini kutyapmiz. Fors ko‘rfazi mintaqasidagi barcha eksport qiluvchilar fors-major e’lon qilishga majbur bo‘ladi. Agar bu urush yana bir necha hafta davom etsa, bu butun dunyo bo‘ylab YaIM o‘sishiga ta’sir qiladi. Hamma uchun energiya tashuvchilar narxi oshadi. Ayrim tovarlar taqchilligi yuzaga keladi va bu zanjirli reaksiyani keltirib chiqaradi: ko‘plab zavodlar yetkazib berishni ta’minlay olmaydi”, — dedi al-Kaabi.

Eron bilan urush va Ho‘rmuz bo‘g‘ozining uzoq vaqtga yopilib qolishi haqidagi xavotirlar neft narxlarini allaqachon keskin yuqoriga surdi. 6 mart kuni Brent rusumidagi neft narxi bir barrel uchun 87,66 dollarga ko‘tarildi — bu 2024 yil iyulidan beri eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. AQSh va Isroilning Eronga zarbalari boshlanganidan beri Brent narxi 20 foizdan ortiqqa qimmatlashdi.

Qatar vazirining aytishicha, hozirda tankerlarning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishi juda xatarli. AQSh va Isroilning Eronga qarshi operatsiyasi boshlanganidan beri ushbu suv yo‘lida kema qatnovi deyarli to‘xtab qolgan. Bir nechta kema allaqachon shikastlangan. Sug‘urta badallari so‘nggi vaqtlarda keskin oshib ketgan, kemachilik kompaniyalari esa o‘z kemalari va ekipajlarini xatar ostiga qo‘yishga tayyor emas.

AQSh va Isroil Eronga zarbalarni 28 fevral kuni boshlagan. Tehron bunga javoban Isroil va Fors ko‘rfazidagi AQSh ittifoqchi davlatlariga raketa va dronlar bilan hujum qilmoqda, shuningdek Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq yopib qo‘yish bilan tahdid qildi. 2 mart kuni Eron zarbalari tufayli Qatar suyultirilgan tabiiy gaz (STG) ishlab chiqarishni to‘xtatganini e’lon qildi. Bu mamlakat hissasiga jahon STG eksportining taxminan 20 foizi to‘g‘ri keladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid